«Yangi Toshkent»da markazlashgan isitish va sovitish tizimi joriy etiladi

«Yangi Toshkent» loyihasi poytaxtdan alohida yo‘ldosh shahar sifatida emas, balki Toshkentning uzviy davomi sifatida rivojlantiriladi. Bu haqda TMIF-26 doirasida qurilish direksiyasi rahbari Davronjon Adilov ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, 2025 yilda hududning muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlariga yo‘naltirilgan investitsiyalar hajmi 700 million dollardan oshgan. Hozirga qadar «Yangi Toshkent»da 2 million kvadrat metrdan ziyod binolar qurilgan. Ular orasida oliy ta’lim muassasalari va sport arenalari ham bor.
Loyihada shahar mikroklimatini boshqarishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Hududda Markaziy Osiyoda ilk bor yagona markazlashgan isitish va sovitish tizimini ishga tushirish rejalashtirilgan. Shuningdek, havo haroratini pasaytirish uchun sun’iy kanallar tarmog‘i barpo etiladi.
Ekologiya yo‘nalishida chiqindilarni hududning o‘zida to‘liq qayta ishlash tizimi yo‘lga qo‘yiladi. Qayta ishlangan chiqindilardan elektr energiyasi olish ko‘zda tutilgan.
Shaharsozlik konsepsiyasi «15 daqiqalik qulaylik» tamoyiliga asoslanadi. Ya’ni aholi asosiy ijtimoiy va maishiy obyektlarga piyoda 15 daqiqa ichida yetib borishi mumkin bo‘ladi.
2026 yilda «Yangi Toshkent» hududida Milliy kutubxona hamda «Yangi O‘zbekiston» universitetini ochish rejalashtirilgan.































Izohlar 0
…