10:03 / 05.05.2017
8 213

Mirziyoyev farmoni bilan farmasevtika sohasida 7 ta yangi erkin iqtisodiy zona tashkil etiladi

Mirziyoyev farmoni bilan farmasevtika sohasida 7 ta yangi erkin iqtisodiy zona tashkil etiladi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Nukus-farm”, “Zomin-farm”, “Kosonsoy-farm”, “Sirdaryo-farm”, “Boysun-farm”, “Bo‘stonliq-farm” va “Parkent-farm” erkin iqtisodiy zonalarini tashkil etish to‘g‘risida”gi farmoni e’lon qilindi. Bu haqda Kun nashri xabar qilmoqda.

Respublikamizning farmasevtika tarmog‘ini rivojlantirishga yo‘naltirilgan investisiya loyihalarini amalga oshirishga xorijiy va mahalliy investisiyalarni faol jalb etish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, dorivor o‘simliklar xomashyosini etishtirishning noyob sharoitlarini inobatga olgan holda mahalliy dorivor vositalar bozorini o‘zimizda ishlab chiqarilgan yuqori sifatli dori vositalari bilan to‘ldirish, ularni chuqur qayta ishlash hamda yuqori qo‘shilgan qiymatli farmasevtika mahsulotlari ishlab chiqarishni tashkil etish, shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Jizzax, Namangan, Sirdaryo, Surxondaryo hamda Toshkent viloyatlarining ishlab chiqarish va resurs salohiyatidan kompleks hamda samarali foydalanish asosida yangi ish o‘rinlarini yaratish va respublikamiz aholisi daromadlarini oshirish maqsadida:

1. O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Tashqi savdo vazirligi, Moliya vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi, Investisiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi, “O‘zfarmsanoat” DAK, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Jizzax, Namangan, Sirdaryo, Surxondaryo hamda Toshkent viloyatlari hokimliklarining “Nukus-farm”, “Zomin-farm”, “Kosonsoy-farm”, “Sirdaryo-farm”, “Boysun-farm”, “Bo‘stonliq-farm” va “Parkent-farm” erkin iqtisodiy zonalarini (keyingi o‘rinlarda “Nukus-farm” EIZ, “Zomin-farm” EIZ, “Kosonsoy-farm” EIZ, “Sirdaryo-farm” EIZ, “Boysun-farm” EIZ, “Bo‘stonliq-farm” EIZ va “Parkent-farm” EIZ deb ataladi) tashkil etish to‘g‘risidagi taklifi qabul qilinsin.

2. Quyidagilar “Nukus-farm” EIZ, “Zomin-farm” EIZ, “Kosonsoy-farm” EIZ, “Sirdaryo-farm” EIZ, “Boysun-farm” EIZ, “Bo‘stonliq-farm” EIZ va “Parkent-farm” EIZning asosiy vazifalari va faoliyat yo‘nalishlari etib belgilansin:

dorivor o‘simliklar xomashyosini o‘ziga xos tabiiy sharoitlarda etishtirish va keyinchalik qayta ishlash borasida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Jizzax, Namangan, Sirdaryo, Surxondaryo hamda Toshkent viloyatlarining ishlab chiqarish va resurs salohiyatlaridan kompleks hamda samarali foydalanishni ta’minlash;

yuqori qo‘shilgan qiymatli zamonaviy farmasevtika mahsulotlari va dori vositalarini ishlab chiqarishni, birinchi navbatda belgilangan tartibda tashkil etilgan plantasiyalarda etishtirilgan dorivor moddalar (substansiyalar) hamda dorivor o‘simliklar xomashyosi negizida tashkil etish uchun xorijiy va mahalliy investorlarning to‘g‘ridan-to‘g‘ri investisiyalarini jalb etish;

dorivor o‘simliklar xomashyosini qayta ishlash va dori vositalari, tibbiyot buyumlari, yordamchi va qadoqlash materiallari ishlab chiqarish bo‘yicha yangi zamonaviy ishlab chiqarish va quvvatlarni tashkil etish;

mustahkam kooperasiya aloqalarini o‘rnatish va erkin iqtisodiy zonalar tashkilotlari hamda respublikamizning boshqa korxonalari o‘rtasida sanoat kooperasiyasini rivojlantirish asosida mahalliy dorivor o‘simliklar xomashyosi va materiallari negizida farmasevtika mahsulotlari ishlab chiqarishni mahalliylashtirish jarayonlarini chuqurlashtirish;

dorivor o‘simliklar xomashyosi introduksiya va kultivasiyasini o‘rganish bo‘yicha tajriba-eksperimental laboratoriyalari bo‘lgan ilmiy-tadqiqot markazlari tashkil etish.

3. Belgilab qo‘yilsinki:

“Nukus-farm” EIZ, “Zomin-farm” EIZ, “Kosonsoy-farm” EIZ, “Sirdaryo-farm” EIZ, “Boysun-farm” EIZ, “Bo‘stonliq-farm” EIZ va “Parkent-farm” EIZning faoliyat ko‘rsatish muddati, keyinchalik uzaytirish imkoniyati bilan 30 yilni tashkil qiladi;

faoliyat ko‘rsatish muddati mobaynida “Nukus-farm” EIZ, “Zomin-farm” EIZ, “Kosonsoy-farm” EIZ, “Sirdaryo-farm” EIZ, “Boysun-farm” EIZ, “Bo‘stonliq-farm” EIZ va “Parkent-farm” EIZ hududlarida alohida soliq, bojxona va valyuta rejimlari amal qiladi.

4. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bir oy muddatda “Nukus-farm” EIZ, “Zomin-farm” EIZ, “Kosonsoy-farm” EIZ, “Sirdaryo-farm” EIZ, “Boysun-farm” EIZ, “Bo‘stonliq-farm” EIZ va “Parkent-farm” EIZ direksiyalarini tashkil qilsin hamda “Nukus-farm” EIZ, “Zomin-farm” EIZ, “Kosonsoy-farm” EIZ, “Sirdaryo-farm” EIZ, “Boysun-farm” EIZ, “Bo‘stonliq-farm” EIZ va “Parkent-farm” EIZ direksiyalarining nizomlarini tasdiqlagan holda ular faoliyatini tashkil etish bo‘yicha qaror qabul qilsin.

5. Erkin iqtisodiy zonalar Ma’muriy kengashining yangilangan tarkibi 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

Erkin iqtisodiy zonalarning yangilangan Ma’muriy kengashiga “Nukus-farm” EIZ, “Zomin-farm” EIZ, “Kosonsoy-farm” EIZ, “Sirdaryo-farm” EIZ, “Boysun-farm” EIZ, “Bo‘stonliq-farm” EIZ va “Parkent-farm” EIZga nisbatan boshqaruv funksiyalari yuklansin.

6. Yangi tashkil etilayotgan “Nukus-farm” EIZ, “Zomin-farm” EIZ, “Kosonsoy-farm” EIZ, “Sirdaryo-farm” EIZ, “Boysun-farm” EIZ, “Bo‘stonliq-farm” EIZ va “Parkent-farm” EIZga faoliyatini tashkil etish komissiyasi 2-ilovaga muvofiq tuzilsin.

Yangi tashkil etilayotgan iqtisodiy zonalar faoliyatini tashkil etish komissiyasi zimmasiga ushbu Farmonda nazarda tutilgan Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Jizzax, Namangan, Sirdaryo, Surxondaryo va Toshkent viloyatlarining ishlab chiqarish va resurs salohiyatidan yuqori qo‘shilgan qiymatli farmasevtika mahsulotlari va dori vositalari ishlab chiqarishda samarali foydalanishni ta’minlash bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar ishlab chiqish va amalga oshirishni muvofiqlashtirish vazifasi yuklansin.

7. Farmasevtika mahsulotlari va dori vositalari ishlab chiqarish bo‘yicha erkin iqtisodiy zonalar faoliyatini tashkil qilish borasidagi barcha ishlarni bajarishda amaliy yordam ko‘rsatish maqsadida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Jizzax, Namangan, Sirdaryo, Surxondaryo va Toshkent viloyatlarida hududiy ishchi guruhlar 2a-ilovaga muvofiq namunaviy tarkibda tuzilsin.

8. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Jizzax, Namangan, Sirdaryo, Surxondaryo hamda Toshkent viloyatlari hokimliklari bir oy muddatda belgilangan tartibda:

O‘zbekiston Respublikasi Er resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasi, Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasi, O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi bilan birgalikda “Nukus-farm” EIZ, “Zomin-farm” EIZ, “Kosonsoy-farm” EIZ, “Sirdaryo-farm” EIZ, “Boysun-farm” EIZ, “Bo‘stonliq-farm” EIZ va “Parkent-farm” EIZ tarkibiga kiritish uchun tashqi muhandislik-kommunikasiya va yo‘l-transport infratuzilmasi bilan yaxshi ta’minlanganligini hisobga olgan holda er uchastkalari chegaralari belgilanishini va ularning ajratilishini;

er uchastkalarini aniqlash va keyinchalik ularni dorivor o‘simliklar xomashyosi etishtirish bo‘yicha plantasiyalar tashkil qilish uchun berilishini ta’minlasin.

9. “Nukus-farm” EIZ, “Zomin-farm” EIZ, “Kosonsoy-farm” EIZ, “Sirdaryo-farm” EIZ, “Boysun-farm” EIZ, “Bo‘stonliq-farm” EIZ va “Parkent-farm” EIZ qatnashchilariga O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016 yil 26 oktyabrdagi PF-4853-sonli "Erkin iqtisodiy zonalar faoliyatini faollashtirish va kengaytirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi Farmonining 3, 4 va 5-bandlari qoidalari tatbiq etilsin.

10. “Nukus-farm” EIZ, “Zomin-farm” EIZ, “Kosonsoy-farm” EIZ, “Sirdaryo-farm” EIZ, “Boysun-farm” EIZ, “Bo‘stonliq-farm” EIZ va “Parkent-farm” EIZ direksiyalari erkin iqtisodiy zonalarning butun faoliyat ko‘rsatishi davrida soliqlar va davlat maqsadli jamg‘armalariga majburiy ajratmalar to‘lashdan ozod qilinsin.

11. “O‘zfarmsanoat” DAK, O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligiga Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Jizzax, Namangan, Sirdaryo, Surxondaryo hamda Toshkent viloyatlari hokimliklari bilan birgalikda ikki oy muddatda “Nukus-farm” EIZ, “Zomin-farm” EIZ, “Kosonsoy-farm” EIZ, “Sirdaryo-farm” EIZ, “Boysun-farm” EIZ, “Bo‘stonliq-farm” EIZ va “Parkent-farm” EIZ hududlarida sanoat plantasiyalari tashkil etish va chuqur qayta ishlanadigan dori vositalari hamda biologik faol qo‘shimchalar ishlab chiqarishga tavsiya etilayotgan dorivor o‘simliklar ro‘yxatini tashkil etish bo‘yicha maqsadli Dasturni ishlab chiqsin va tasdiqlash uchun erkin iqtisodiy zonalarning Ma’muriy kengashiga kiritsin.

12. O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi, O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi Toshkent farmasevtika instituti bilan birgalikda “O‘zfarmsanoat” DAKga hamda boshqa manfaatdor vazirlik va idoralarga viloyatlarning tuproq-iqlim sharoitlaridan kelib chiqqan holda sanoat plantasiyalari tashkil qilish uchun dorivor o‘simlik turlari ro‘yxatini, shuningdek, mahalliy dorivor o‘simliklar xomashyosidan foydalangan holda dorivor moddalar (substansiyalar) va dori vositalari ishlab chiqish sohasidagi yangi ilmiy tadqiqotlar natijalarini tizimli ravishda taqdim etsin.

13. “O‘zfarmsanoat” DAK O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Tashqi savdo vazirligi, Investisiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Jizzax, Namangan, Sirdaryo, Surxondaryo hamda Toshkent viloyatlari hokimliklari, investisiya loyihalari tashabbuskorlari bilan birgalikda ikki oy muddatda “Nukus-farm” EIZ, “Zomin-farm” EIZ, “Kosonsoy-farm” EIZ, “Sirdaryo-farm” EIZ, “Boysun-farm” EIZ, “Bo‘stonliq-farm” EIZ va “Parkent-farm” EIZ hududlarida amalga oshirilishi taklif qilinayotgan investisiya loyihalari ro‘yxatini shakllantirsin va tasdiqlash uchun erkin iqtisodiy zonalarning Ma’muriy kengashiga kiritsin.

14. “Asaka” ATB va boshqa tijorat banklariga:

“Nukus-farm” EIZ, “Zomin-farm” EIZ, “Kosonsoy-farm” EIZ, “Sirdaryo-farm” EIZ, “Boysun-farm” EIZ, “Bo‘stonliq-farm” EIZ va “Parkent-farm” EIZ hududlarida amalga oshirish taklif etilayotgan investisiya loyihalarini birgalikda moliyalashtirish uchun, shuningdek, dorivor o‘simliklar xomashyosini etishtirish bo‘yicha plantasiyalar tashkil etish uchun xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar va fermer xo‘jaliklariga o‘z mablag‘lari hamda O‘zbekiston Respublikasining davlat kafolati berilmagan holda jalb etilgan xorijiy kredit liniyalari hisobiga kreditlar ajratish;

garov ta’minoti etarli bo‘lmagan yoki mavjud bo‘lmagan hollarda investisiya loyihalari tashabbuskorlariga texnologik uskunalar lizing asosida etkazib berilishini ta’minlash tavsiya etilsin.

15. O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikasiyalarini rivojlantirish vazirligi, Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi, Avtomobil yo‘llari davlat qo‘mitasi, “O‘zbekenergo” AJ, “O‘ztransgaz” AK, “Nukus-farm” EIZ, “Zomin-farm” EIZ, “Kosonsoy-farm” EIZ, “Sirdaryo-farm” EIZ, “Boysun-farm” EIZ, “Bo‘stonliq-farm” EIZ va “Parkent-farm” EIZ hududlarini, shuningdek, ularning ishtirokchilarining ishlab chiqarish maydonlarini tegishli tashqi muhandislik-kommunikasiya va yo‘l-transport infratuzilmasi bilan kafolatli ta’minlasin.

16. O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi:

O‘zbekiston Respublikasi Investisiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi, Axborot texnologiyalari va kommunikasiyalarini rivojlantirish vazirligi, Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi, Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasi, Avtomobil yo‘llari davlat qo‘mitasi, “O‘zfarmsanoat” DAK, “O‘zbekenergo” AJ, “O‘ztransgaz” AK, “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Jizzax, Namangan, Sirdaryo, Surxondaryo hamda Toshkent viloyatlari hokimliklari bilan birgalikda “Nukus-farm” EIZ, “Zomin-farm” EIZ, “Kosonsoy-farm” EIZ, “Sirdaryo-farm” EIZ, “Boysun-farm” EIZ, “Bo‘stonliq-farm” EIZ va “Parkent-farm” EIZ hududlarida yo‘l-transport, ishlab chiqarish va muhandislik-kommunikasiya infratuzilmasini jadal rivojlantirish dasturini uch oy muddatda tasdiqlash uchun O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;

Moliya vazirligi, Investisiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi bilan birgalikda har yili kelgusi yilga O‘zbekiston Respublikasining Investisiya dasturi parametrlarini shakllantirishda “Nukus-farm” EIZ, “Zomin-farm” EIZ, “Kosonsoy-farm” EIZ, “Sirdaryo-farm” EIZ, “Boysun-farm” EIZ, “Bo‘stonliq-farm” EIZ va “Parkent-farm” EIZning transport, ishlab chiqarish va muhandislik-kommunikasiya infratuzilmasini rivojlantirish uchun erkin iqtisodiy zonalarning o‘rnatilgan tartibda ishlab chiqilgan va tasdiqlangan bosh rejalari asosida kapital qo‘yilmalar limitlarini hamda zarur markazlashtirilgan investisiyalar ajratilishini nazarda tutsin.

17. O‘zbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasining:

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Jizzax, Namangan, Sirdaryo, Surxondaryo hamda Toshkent viloyatlari hokimliklarining tegishli ravishda “Yagona buyurtmachi xizmati” injiniring kompaniyalarini “Nukus-farm” EIZ, “Zomin-farm” EIZ, “Kosonsoy-farm” EIZ, “Sirdaryo-farm” EIZ, “Boysun-farm” EIZ, “Bo‘stonliq-farm” EIZ va “Parkent-farm” EIZning bosh rejalarini ishlab chiqish, shuningdek, yo‘l-transport va muhandislik-kommunikasiya infratuzilmalarini qurish va rekonstruksiya qilish bo‘yicha buyurtmachi etib;

“O‘zshaharsozlikLITI” DUKni “Nukus-farm” EIZ, “Zomin-farm” EIZ, “Kosonsoy-farm” EIZ, “Sirdaryo-farm” EIZ va “Boysun-farm” EIZning bosh rejalarini ishlab chiqish bo‘yicha bosh loyihalash tashkiloti etib;

“ToshkentboshplanLITI” DUKni “Bo‘stonliq-farm” EIZ va “Parkent-farm” EIZning bosh rejasini ishlab chiqish bo‘yicha bosh loyihalash tashkiloti etib belgilash to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilsin.

18. “O‘zshaharsozlikLITI” DUK va “ToshkentboshplanLITI” DUK uch oy muddatda “Nukus-farm” EIZ, “Zomin-farm” EIZ, “Kosonsoy-farm” EIZ, “Sirdaryo-farm” EIZ, “Boysun-farm” EIZ, “Bo‘stonliq-farm” EIZ va “Parkent-farm” EIZning bosh rejalarini ishlab chiqsin hamda erkin iqtisodiy zonalarning Ma’muriy kengashi bilan kelishgan holda qonun hujjatlarida belgilangan tartibda tasdiqlash uchun kiritsin.

19. “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ, O‘zbekiston avtomobil va daryo transporti agentligi, O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasi “Nukus-farm” EIZ, “Zomin-farm” EIZ, “Kosonsoy-farm” EIZ, “Sirdaryo-farm” EIZ, “Boysun-farm” EIZ, “Bo‘stonliq-farm” EIZ va “Parkent-farm” EIZ hududlarida logistika markazlari hamda bojxona postlari tashkil etish yuzasidan bir oy muddatda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

20. “Nukus-farm” EIZ, “Zomin-farm” EIZ, “Kosonsoy-farm” EIZ, “Sirdaryo-farm” EIZ, “Boysun-farm” EIZ, “Bo‘stonliq-farm” EIZ va “Parkent-farm” EIZ hududlarida yovvoyi o‘simliklardan tayyor farmasevtika mahsulotlari ishlab chiqarish bo‘yicha faoliyatni amalga oshirgan yoki yovvoyi o‘simliklardan tayyor farmasevtika mahsulotlari ishlab chiqarish ishtirokchilari, “Nukus-farm” EIZ, “Zomin-farm” EIZ, “Kosonsoy-farm” EIZ, “Sirdaryo-farm” EIZ, “Boysun-farm” EIZ, “Bo‘stonliq-farm” EIZ va “Parkent-farm” EIZ bilan tuzilgan shartnomalari bo‘lgan yuridik va jismoniy shaxslar "Qizil kitob"ga kiritilmagan hamda har yili O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi tomonidan tasdiqlanadigan yovvoyi holda o‘sadigan o‘simliklar ro‘yxatiga kiritilgan yovvoyi o‘sadigan o‘simliklar tayyorlagani (to‘plagani) uchun undiriladigan to‘lov tabiiy muhitdan olingan yovvoyi o‘simliklar (yalang‘och qizilmiyadan tashqari)ga belgilangan to‘lovlarning 50 foizi miqdorida belgilansin.

21. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 12 yanvardagi PF-4931-sonli “Urgut”, “G‘ijduvon”, “Qo‘qon” va “Hazorasp” erkin iqtisodiy zonalarini tashkil etish to‘g‘risida”gi Farmoni 5-bandining birinchi xatboshi hamda 1-ilovasi o‘z kuchini yo‘qotgan, deb hisoblansin.

22. “O‘zfarmsanoat” DAK O‘zbekiston Respublikasi Investisiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi, Tashqi savdo vazirligi hamda manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda qonun hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan o‘zgartish va qo‘shimchalar to‘g‘risida bir oy muddatda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

23. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi A.N.Yunusxodjaev zimmasiga yuklansin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.MIRZIYoEV

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » Mirziyoyev farmoni bilan farmasevtika sohasida 7 ta yangi erkin iqtisodiy zona tashkil etiladi