Sud tizimida muhim o‘zgarish: 1 avgustdan mehnat nizolarini faqat maxsus sudyalar ko‘rib chiqadi

O‘zbekiston fuqarolik sudlarida ishchi va ish beruvchi o‘rtasidagi kelishmovchiliklar, noqonuniy ishdan bo‘shatish, oylik maoshlar undirilishi kabi mehnat nizolari endi mutlaqo yangi tizim asosida ko‘rib chiqiladi. Oliy sud Rayosati «Fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlarda mehnat nizolarini ko‘rishga ixtisoslashgan sudyalar korpusini shakllantirish haqida»gi muhim qarorni qabul qildi. Zamin.uz yangi tartib va qaysi sudlarda yangi shtatlar ajratilayotgani haqidagi ma’lumotlarni to‘pladi.
Islohot qachondan kuchga kiradi?
Mazkur qarorga muvofiq, fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlarning mavjud shtat birliklari doirasida 2026 yil 1 avgustdan boshlab mehnat nizolarini ko‘rishga ixtisoslashgan sudyalar faoliyati rasman yo‘lga qo‘yiladi.
Muhim qoida: 2026 yil 1 avgustdan keyin sudlarga kelib tushgan mehnat nizolari bilan bog‘liq arizalar faqatgina ushbu ixtisoslashgan sudyalar o‘rtasida taqsimlanadi. Ammo 2026 yil 31 iyulgacha kelib tushgan va ish yurituviga qabul qilingan ishlar eski tartibda, ularni boshlagan sudyalar tomonidan ko‘rib yakunlanadi.
Sudyalar taqsimoti: Qaysi sudda nechta maxsus sudya bo‘ladi?
Yangi tizim doirasida respublikadagi yuqori va tumanlararo sudlarda maxsus sudyalar korpusi quyidagicha taqsimlandi:
Sud nomi va darajasi | Ajratilgan sudyalar soni |
Oliy sudning Fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlov hay’atida | 4 nafar |
Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar sudlari fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlov hay’atlarida | har birida 3 nafardan |
Toshkent shahridagi tumanlararo sudlar (Mirzo Ulug‘bek, Mirobod, Shayxontohur, Uchtepa, Yakkasaroy) | har birida 2 nafardan |
Nukus, Buxoro, Jizzax, Qarshi, Karmana, Namangan, Samarqand, Termiz, Ohangaron, Farg‘ona, Urganch tumanlararo sudlari | har birida 2 nafardan |
Kattaqo‘rg‘on, O‘rtachirchiq va Yangiyo‘l tumanlararo sudlari | har birida 1 nafardan |
Bu islohot fuqarolarga nima beradi?
Bugungi kungacha fuqarolik sudlari sudyalari bir vaqtning o‘zinda ham meros, ham mulk, ham oilaviy va mehnat nizolarini ko‘rib chiqishga majbur edi. Bu esa ishlarning sifati va tezligiga ta’sir qilmay qolmasdi.
Mehnat huquqi bo‘yicha alohida sudyalar korpusining shakllantirilishi fuqarolarning ish beruvchilar bilan bo‘lgan murakkab sudlashuv jarayonlarini ancha tezlashtiradi, nizolarning chuqurroq va adolatli o‘rganilishini ta’minlaydi. Mutaxassislarning fikricha, ushbu qadam O‘zbekistonda xodimlar huquqlarini himoya qilish kafolatini yangi bosqichga olib chiqadi.































Izohlar 0
…