O‘zbekistonda elektr energiyasi iste’moli eng yuqori darajaga chiqdi

O‘zbekiston yagona energetika tizimida elektr energiyasi iste’moli bo‘yicha eng yuqori ko‘rsatkich qayd etildi. Yozgi iste’mol ilk bor qish mavsumidagi maksimumdan oshib, 284 mln kW·soatga yetdi.
Bu avvalgi yozgi eng yuqori ko‘rsatkichdan 1,94 foiz ko‘p. Shuningdek, u joriy yil yanvar oyida qayd etilgan qishki rekorddan 1 mln kW·soatga yuqori.
14 iyul kuni elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmi 287,3 mln kW·soatni tashkil etdi. Bu ko‘rsatkich ham qishki davrdagi ishlab chiqarish hajmidan yuqori bo‘lgan.
Tarmoqlardagi yuklama oshgani sabab avariya-ta’mirlash brigadalari kuchaytirilgan ish rejimiga o‘tkazildi. Toshkentning beshta tumanidagi nosozliklar tezkor bartaraf etildi. Qashqadaryo viloyatida esa kuchli shamol oqibatida yuzaga kelgan avariya holatlari oqibatlari bartaraf qilindi.
Pik yuklamalar vaqtida barqarorlikni saqlash uchun podstansiyalar va transformatorlarni modernizatsiya qilish ishlari davom etmoqda.
Energetika vazirligi iste’molchilarni elektr energiyasidan oqilona foydalanishga chaqirmoqda. Konditsionerlarni 24–26 daraja haroratda ishlatish tavsiya etilgan. Bu uskunalar qizib ketishining oldini oladi va avariyaviy o‘chishlar xavfini kamaytiradi.































Izohlar 0
…