Jaziramada 103 xizmati qancha chaqiriq qabul qildi?

Jaziramada 103 xizmati qancha chaqiriq qabul qildi?

O‘zbekistonda kuzatilayotgan anomal issiq kunlariga qaramay, tez tibbiy yordam xizmatiga kelib tushgan chaqiriqlar soni keskin oshmagan. Bu haqda 17 iyul kuni Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, anomal issiq kuzatilgan so‘nggi 4 kun davomida respublika bo‘yicha 103 xizmatiga jami 166 ming 726 ta chaqiriq kelib tushgan. Barcha murojaatlar belgilangan tartibda qabul qilinib, bemorlarga o‘z vaqtida tez tibbiy yordam ko‘rsatilgan.

Respublika tez tibbiy yordam markazi direktori Abduvoitjon G‘ofurovning ta’kidlashicha, issiq havo ayniqsa yurak-qon tomir, nafas yo‘llari va qandli diabet kabi surunkali kasalliklarga chalingan fuqarolar, shuningdek, keksalar, homilador ayollar hamda bolalar uchun xavfliroq hisoblanadi. Shu bois ularning sog‘lig‘ini doimiy tibbiy nazoratda ushlash va zarurat tug‘ilganda shoshilinch yordam ko‘rsatish muhim ahamiyatga ega.

Mutaxassisning aytishicha, kuchli jaziramaga qaramay, ayni kunlarda chaqiriqlar dinamikasi barqaror saqlangan. Bu esa mas’ul idoralar tomonidan ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlar orqali aholiga anomal issiq sharoitida ehtiyot choralariga amal qilish bo‘yicha berilgan tavsiyalar samara berganini ko‘rsatadi. Shu sababli murojaatlar soni avvalgi 9–12 iyul kunlariga nisbatan jiddiy oshmagan.

Shifokorlar aholiga kunning eng issiq soatlarida zaruratsiz tashqariga chiqmaslik, yetarli miqdorda suv iste’mol qilish, yog‘li, qovurilgan va o‘ta sho‘r taomlarni cheklab, yengil hazm bo‘ladigan ovqatlar hamda sabzavotli salatlarni ko‘proq iste’mol qilishni tavsiya etmoqda.

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!
Zamin AI bilan muhokama qilingYangilikni tahlil qiling, foydali maslahatlar oling

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar