7,5 ming kishi javobgarlikka tortildi, 2,9 trln so‘m zarar: dahshatli raqamlar ochiqlandi

Oliy Majlis Senatining 18-yalpi majlisida Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan taqdim etilgan Milliy ma’ruza ko‘rib chiqildi. Majlisda mamlakat bo‘ylab korrupsiya ko‘lami, davlatga yetkazilgan milliardlab zarar hamda eng ko‘p poraxo‘rlik kuzatilgan sohalar ochiqlandi.
Senat muhokamasida sohada saqlanib qolayotgan tizimli muammo va kamchiliklarga alohida e’tibor qaratildi.
Manzilli «yo‘l xaritalari» va hududlardagi o‘rganishlar
Prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirokida o‘tkazilgan Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashining kengaytirilgan yig‘ilishida belgilangan vazifalar ijrosi doirasida respublika bo‘ylab sog‘liqni saqlash, ta’lim, bandlik, bank va kadastr sohalarida chuqur tekshiruvlar o‘tkazildi.
Ushbu o‘rganishlar natijalari asosida hududlar va vazirliklarda sayyor yig‘ilishlar o‘tkazilib, korrupsiya xavfi yuqori bo‘lgan tuman va shaharlar uchun manzilli «yo‘l xaritalari» tasdiqlandi.
2,9 trillion so‘mlik zarar va eng korrupsiyalashgan sohalar
Muhokama davomida sohaga oid eng og‘riqli nuqtalar va dahshatli raqamlar keltirib o‘tildi:
Jinoiy javobgarlik: 2025 yilda korrupsiyaga oid jinoyatlar bo‘yicha 7 517 nafar shaxs jinoiy javobgarlikka tortilgan;
Davlatga yetkazilgan zarar: Korrupsion jinoyatlar oqibatida davlat manfaatlariga 2,9 trillion so‘mdan ortiq moddiy zarar yetkazilgan;
Antirekordchi sohalar: Eng ko‘p korrupsiyaga oid jinoyatlar maktabgacha va maktab ta’limi, sog‘liqni saqlash, mahalliy hokimliklar hamda tijorat banklari hissasiga to‘g‘ri kelgan.
Davlat xaridlaridagi 12,6 trillionlik qonunbuzarlik
Senat majlisida normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari va davlat xaridlaridagi tizimli kamchiliklar ham keskin tanqid qilindi:
Hujjatlardagi korrupsiyaviy omillar: Tekshirilgan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarining har to‘rtinchisida korrupsiyaviy omillar va bo‘shliqlar aniqlangan.
Davlat xaridlaridagi qonunbuzilish: Mazkur sohada 12,6 trillion so‘mlik qonunbuzilish holatlari qayd etilgan.
Shuningdek, qayd etilishicha, ayrim davlat organlari va hududlar korrupsiyaga qarshi kurashish samaradorligi hamda ochiqlik indeksi bo‘yicha qoniqarsiz natija ko‘rsatgan.
Fikringizni izohda qoldiring va maqolani tanishlaringizga Telegram yoki boshqa ijtimoiy tarmoqlar orqali ulashing.































Izohlar 0
…