23:51 / 02.09.2017
5 093

Emmanuel Makron Shavkat Mirziyoyevni Parijga taklif qildi

Emmanuel Makron Shavkat Mirziyoyevni Parijga taklif qildi
Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga O‘zbekiston mustaqilligining 26 yilligi munosabati bilan tabrik yo‘lladi. Tabrik matni O‘zA tomonidan keltirilgan.

Makron maktubida Shavkat Mirziyoyevni Parijda kutishini ma’lum qilgan.

«Muhtaram Prezident Janoblari!

Sizga O‘zbekiston Respublikasining Milliy bayrami munosabati bilan eng samimiy tabriklarimni yo‘llayman va O‘zbekiston xalqiga yanada ravnaq va farovonlik tilayman.

Siz kabi men ham davlatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash tarafdoriman hamda Fransiya timsolida ustuvor sherikni ko‘rayotganingizdan mamnunman.

So‘nggi oylarda Fransiya va O‘zbekiston munosabatlarida yangicha sur’at kuzatilmoqda. Xususan, bu joriy yil boshidan buyon mamlakatlarimiz o‘rtasida uch marta yuqori darajada delegatsiyalar tashrifi amalga oshirilgani samarasidir. Bunda shaxsan Siz faol ishtirok etayotganingizdan xabardorman va buni yuksak qadrlayman. Siz Samarqanddagi loyiha yuzasidan imzolagan qaror Fransiya taraqqiyot agentligiga mamlakatingizda o‘zining ilk muhim faoliyatini amalga oshirish imkonini beradi. Buning uchun Sizdan minnatdorman.

Siz bilan dastlabki amaliy muzokaralarimizni o‘tkazish uchun Parijda uchrashishdan xursand bo‘laman. Mazkur uchrashuv davlatlarimiz terrorizm va iqlimning global o‘zgarishi kabi umumiy muammolar bilan to‘qnash kelgan bir paytda siyosiy muloqotimizni mustahkamlashga xizmat qiladi.

Ushbu uchrashuv, shuningdek, iqtisodiy aloqalarimiz rivojiga yangi kuch bag‘ishlaydi.

Shu bilan birga, madaniyat va ta’lim sohalaridagi o‘zaro munosabatlar ham katta istiqbolga ega. Xususan, Luvrda ko‘rgazma tashkil qilish loyihasi, Toshkent shahridagi fransuz maktabi faoliyatini rivojlantirish, Samarqand va Buxoro shaharlarida "Fransuz alyansi" filiallarini ochish istiqbollarini nazarda tutayapman.

Sizning do‘stlik munosabatlarimizni yanada mustahkamlash yo‘lidagi harakatlarimizni faol qo‘llab-quvvatlashingizga ishonaman.

Janob Prezident, Sizga bo‘lgan chuqur ehtiromimni qabul qilgaysiz», — deyiladi maktubda.

Manba: Kun.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » Emmanuel Makron Shavkat Mirziyoyevni Parijga taklif qildi