Islom Karimov: Uchinchi jahon urushi ro‘y bersa, bu insoniyat uchun oxirgisi bo‘ladi

O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimov Toshkentda 25 oktyabrda bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston-Yaponiya biznes-anjumani davomida BMTni isloh qilish zarurati masalasini ko‘tardi. Bu haqda Sputnik nashri'ga asoslanib Kun.uz xabar bermoqda.
Islom Karimovning fikricha, vaziyat har kuni murakkablashib, katta davlatlar o‘rtasida siyosiy qarama-qarshilik keskinlashib borayotgan zamonaviy dunyoda Birlashgan Millatlar Tashkiloti Xavfsizlik kengashi a’zolari o‘rtasida xalqaro tashkilotni isloh qilish masalasi ko‘tarilmoqda.
Islom Karimov BMT tashkil etilgandan beri 70 yil o‘tganiga qaramasdan, xalqaro tashkilotning tamoyil va yondashuvlari o‘sha-o‘shaligicha qolganiga e’tibor qaratdi.
“Bir narsani aniq aytish kerak, vaqt ancha oldinlab ketdi, xavfsizlik kengashi va umuman BMT strukturasi o‘z joyida qotib qoldi. Bir savol tug‘iladi, bu qanday bo‘lishi mumkin, hayot oldinga ketmoqda, boshqarilishi murakkab bo‘lgan muammolar vujudga kelmoqda, biroq bugun bu vositalar bilan dunyoni boshqarib bo‘lmaydi”, deb aytadi Islom Karimov.
O‘zbekiston Prezidenti bugun ko‘pchilik Uchinchi jahon urushi haqida bamaylixotir gapira boshlayotganidan hayratlanib gapirdi.
“Biz unutib qo‘ydikmi yoki boshqa dunyoda yashayapmizmi? Ikkinchi jahon urushining 70 yilligini nishonlamoqdamiz. Biroq bir vaqtning o‘zida katta davlatlar o‘rtasidagi ixtilof Uchinchi jahon urushiga olib kelishi mumkinmi, deya bemalol gapirmoqdamiz. Men bu boradagi fikrimni ko‘plab yig‘ilishlarda, anjumanlarda aytganman, agar siz Uchinchi jahon urushi haqida bemalol gapirayotgan bo‘lsangiz, unda Uchinchi jahon urushi insoniyat uchun oxirgisi bo‘lishini nazarda tuting”, deb kuyunchaklik bilan ta’kidlab o‘tdi Islom Karimov.
Islom Karimov biz haqiqatda shunday dunyoda yashayotganimizdan afsuslanib gapirdi. O‘zbekiston Prezidentining fikricha, Uchinchi jahon urushi haqida bemalol gapirishga hech kim ma’naviy huquqga ega emasligini anglash kerak.
Islom Karimov o‘z nutqi so‘ngida Yaponiya bosh vaziri Shindzo Abega O‘zbekistonga katta jamoa bilan tashrif buyurgani uchun minnatdorchilik bidirdi va Yaponiya O‘zbekistonning strategik hamkorlaridan biri ekanini yana bir bor ta’kidlab o‘tdi.
Toshkentda o‘tgan O‘zbekiston-Yaponiya biznes-anjumanida tomonlar yapon kompaniyalarining O‘zbekistonda sintetik yonilg‘i zavodi qurilishidagi, mamlakatning istiqbolli hududlarida neft va gaz qidirish loyihalarida, kimyo va elektrotexnika tarmoqlari, avtomobilsozlik, telekommunikasiya sohalaridagi ishtiroki variantlarini ko‘rib chiqishdi. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing