23:21 / 18.03.2018
4 775

Shavkat Mirziyoyev: «Odamlarni ish bilan ta’minlay olmaydigan vazir kerak emas»

Shavkat Mirziyoyev: «Odamlarni ish bilan ta’minlay olmaydigan vazir kerak emas»
O‘zbekiston Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi Tomorqa vazirligiga aylantiriladi. Bu haqda O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 17 mart kuni Samarqand viloyati faollari va poytaxtdan kelgan mutasaddi rahbarlar ishtirokida o‘tkazilgan yig‘ilish vaqtida ma’lum qildi.

«Nima uchun men mayda narsalargayam e’tibor qaratyapman. Bitta narsalarni bilinglar, agar biz odamlarga ish topib bera olmasak, hech kim bizga ishonmaydi.

Men bugun tomorqa masalasida barcha gapni tushuntirdim. Agar tomorqani aql bilan qilsak, bir yilning o‘zida 29 ming kishi ish bilan ta’minlanadi.

Kechirasizlaru, odamlarni mehnatdan yiroq qilib qo‘ydik. O‘zining hovlisida mehnat qilmaslik O‘zbekiston sharoitiga to‘g‘ri kelmaydi. Jomga borganimizdayam ko‘rdik, katta qishloqda yashab, kartoshkani, sutni bozordan olyapti. 8 sotix yeri bor odam. Bu nima tirikchilik? Bu qanaqa iqtisod? Bunga qaysi davlat chidaydi? Kimni boqib bo‘ladi bunaqada?

Endi har bir hokimlikning 4 rahbari, hokim, ichki ishlar boshlig‘i, prokuror, soliqchi, o‘rinbosarlar uyma-uy yuradi, faqat birinchi o‘rinbosarlar idorada o‘tirsa bo‘ladi. Prokuror prokuraturaga kirmaydi, tumanda yotadi. Yo‘qsa, ishdan olib tashlayman. Qo‘chqorov shu yerda qoladi (O‘zbekiston Respublikasi Moliya vaziri, Bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Qo‘chqorov), hammasini tushuntirib beradi, tomorqa nimaligi, kim nima ish qilishi kerakligini.

Belarusdayam bu borada qiyinchiliklar bo‘lgan, qattiq gaplar bo‘lgan, qonunlar chiqqan, mana endi Belarusning iqtisodiyoti qanday rivojlanganini ko‘ringlar. Odamlar o‘zi ishlamasa, kim ishlaydi, odamlar o‘zini boqishga harakat qilmasa, qaysi davlat boqib oladi?

Yana bir muhim yo‘nalish, kichik biznes sub’ektlari va bo‘sh turgan ob’ektlar. Bulung‘ur tumanida o‘tgan yilda 136ta yangi kichik biznes sub’ekti tashkil etilib, 120tasi tugatilgan, Qo‘shrabotda 40ta tashkil etilib, 37tasi tugatilgan, Jomboyda 99ta yangi biznes sub’ekti ish boshlab, undan ham ko‘pi - 103tasi tugatilgan. Shularning barchasi inobatga olinib, Soliq qo‘mitasi raisi Botir Parpiyev, Savdo-sanoat palatasi rahbari Ikramov, viloyat hokimi Turob Jo‘rayev 2 oy muddatda kichik biznes sub’ektlar faoliyati tugatishi sabablarini o‘rganib, ularning ishini qayta tiklash hisobidan qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratishni hisob-kitob qilsin. Bu borada janob Hayitovga ham aytdim (Aktam Hayitov -O‘zbekiston Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri), Hayitovning vazirligi nominiyam o‘zgartiraman, Tomorqa vazirligi bo‘ladi. Odamlarni ish bilan ta’minlay olmaydigan vazirlik ham kerak emas, vazir kerak emas», dedi Prezident.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston prezidentining 2017 yil 24 maydagi «Bandlik sohasida davlat siyosatini yanada takomillashtirish va mehnat organlari faoliyati samaradorligini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoniga muvofiq, Mehnat vazirligi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligiga aylantirilgandi.

2017 yil avgustida vazirlik rahbari Aziz Abduhakimov Turizmni rivojlantirish bo‘yicha davlat qo‘mitasi raisi lavozimiga o‘tkazilgan, «O‘zstandart»ning sobiq rahbari Aktam Hayitov yangi vazirga aylangandi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » Shavkat Mirziyoyev: «Odamlarni ish bilan ta’minlay olmaydigan vazir kerak emas»