17:39 / 24.05.2018
6 635

Yangi farmon: Bosh prokuraturada Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti tashkil etildi

Yangi farmon: Bosh prokuraturada Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti tashkil etildi
O‘zbekiston Respublikasi prezidenti “Byudjet mablag‘laridan foydalanish samaradorligini tubdan oshirish va iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish mexanizmlarini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonni imzoladi.

Hujjat bilan qayd etilishicha, faoliyati iqtisodiyot rivoji, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, iqtisodiy jinoyatlar va korrupsiyaga qarshi kurashishning zamonaviy voqelikka to‘la javob bermayotgan O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Soliq, valyutaga oid jinoyatlarga va jinoiy daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashish departamentining (SVOJJDLQK) vazifalari, funksiyalari va vakolatlarini tubdan qayta ko‘rib chiqish zarurati paydo bo‘lgan.

Hujjat bilan O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Soliq, valyutaga oid jinoyatlarga va jinoiy daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashish departamenti (SVOJJDLQK) O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti etib qayta tashkil qilindi.

Belgilab qo‘yilishicha, Departament:

Bosh prokuratura huzurida iqtisodiy va korrupsiyaviy jinoyatlar, jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish, terrorizmni moliyalashtirish va ommaviy qirg‘in qurolini tarqatishni moliyalashtirish holatlari bo‘yicha tezkor-qidiruv faoliyati, tergovga qadar tekshiruv va surishtiruvni, shuningdek, mazkur jinoyatlar sodir etilishi oqibatida yetkaziladigan iqtisodiy zararni qoplanishini amalga oshiruvchi mustaqil ixtisoslashtirilgan huquqni muhofaza qiluvchi organ;

Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirg‘in qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish masalalari bo‘yicha maxsus vakolatli davlat organi;

Bosh prokuratura huzuridagi Soliq, valyutaga oid jinoyatlarga va jinoiy daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashish departamentining huquqlari, majburiyatlari va shartnomalari, jumladan xalqaro shartnomalari bo‘yicha vorisi hisoblanadi.

Shunday tartib o‘rnatiladiki, unga ko‘ra 2018 yil 1 iyuldan boshlab:

“O‘zbekiston Respublikasi prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi qoshidagi Loyihalar va import kontraktlarini kompleks ekspertiza qilish markazi” DUK import shartnomalarini hamda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirish davlat dasturlari loyihalarini Markaz tomonidan ekspertizadan o‘tkazishda aniqlangan shubhali operatsiyalar to‘g‘risida Departamentga zarur axborotni muntazam ravishda taqdim etadi;

Departament organlari tomonidan o‘tkazilgan taftishlar va tekshiruvlar natijalari bo‘yicha aniqlangan hamda Davlat byudjeti va O‘zbekiston Respublikasining davlat maqsadli jamg‘armalari daromadiga undirilgan davlat organlari va tashkilotlari, byudjet mablag‘larini oluvchilar tomonidan amalga oshirilgan noqonuniy xarajatlarning, talon-toroj, rastratalar, kamomadlar summasining 10 foizi Departamentning maxsus byudjetdan tashqari jamg‘armasiga o‘tkaziladi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » Yangi farmon: Bosh prokuraturada Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti tashkil etildi