10:05 / 06.11.2018
3 318

Prezident qarori bilan Toshkent xalqaro arbitraj markazi tashkil etildi

Prezident qarori bilan Toshkent xalqaro arbitraj markazi tashkil etildi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev kecha, 5 noyabr kuni “O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi huzurida Toshkent xalqaro arbitraj markazini (TIAC) tashkil etish to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

Mamlakatimizda yuqori darajada qulay investitsiya muhitini shakllantirish maqsadida iqtisodiyotni liberallashtirish, sarmoyadorlar, ayniqsa, xorijiy investorlar faoliyati uchun qulay huquqiy shart-sharoitlar yaratish, shuningdek, xalqaro iqtisodiy aloqalarni mustahkamlash bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

O‘zbekistonda biznes sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish kafolatlarini ta’minlash, ishbilarmonlik muhitini yaxshilash va mamlakatimizning investitsiyaviy jozibadorligini oshirishda nizolarni hakamlik sudlarida hal qilish mexanizmining joriy etilgani alohida ahamiyatga ega.

Shu bilan birga, tadbirkorlik sub’ektlari, avvalo, xorijiy investorlarning huquq va manfaatlarini samarali himoya qilishga, ishbilarmonlik muhitini yanada yaxshilash va O‘zbekistonning investitsiyaviy jozibadorligini oshirishga to‘sqinlik qilayotgan qator tizimli muammolar mavjud. Xususan:

birinchidan, O‘zbekiston hududida xalqaro arbitrajlar faoliyatini tartibga soladigan normativ-huquqiy bazaning mavjud emasligi nizolarni hal etish uchun xorijiy davlatlar hududida joylashgan xalqaro arbitrajlarga murojaat qilishga majbur bo‘layotgan xorijiy investorlar va mahalliy tadbirkorlik sub’ektlari sarf-xarajatlarining oshishiga olib kelmoqda;

ikkinchidan, amaldagi qonun hujjatlari, jumladan, O‘zbekiston Respublikasining “Hakamlik sudlari to‘g‘risida”gi qonuni tomonlarning investitsiyalar bilan bog‘liq nizolarni xalqaro arbitraj sohasidagi standartlarga muvofiq, xorijiy arbitrlarni jalb etgan hamda xorijiy huquqni qo‘llagan holda ko‘rib chiqish imkoniyatlarini cheklamoqda;

uchinchidan, O‘zbekistonda xalqaro arbitraj qarorlarini ijro etishning aniq huquqiy mexanizmlari shakllantirilmaganligi xorijiy investorlarning mamlakatimiz sud-huquq tizimiga bo‘lgan ishonchiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda, oqibatda respublikaning investitsiyaviy jozibadorligini pasaytirmoqda;

to‘rtinchidan, mahalliy arbitrlar va xalqaro arbitraj sohasidagi boshqa mutaxassislarni tayyorlash va ularning malakasini oshirish faoliyati yo‘lga qo‘yilmagan.

Investitsiyalar bilan bog‘liq nizolarni xalqaro arbitraj orqali hal etishning zamonaviy va xalqaro standartlarga asoslangan mexanizmlarini shakllantirish, investitsiya muhitini yaxshilash, investorlarning huquqlari va qonuniy manfaatlari himoya qilinishi kafolatlarini mustahkamlash, shuningdek, 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida:

1. O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi va Adliya vazirligining nodavlat notijorat tashkilot maqomiga ega O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi huzuridagi Toshkent xalqaro arbitraj markazini tashkil etish (keyingi o‘rinlarda – Markaz) to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilsin va uning asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilansin:

a) turli davlatlarda joylashgan tijorat tashkilotlari, shu jumladan, xorijiy investorlar o‘rtasida yuzaga keladigan shartnomaviy va boshqa fuqarolik-huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan nizolarni, xususan, investitsiyalar, intellektual mulk va blokcheyn texnologiyalari bilan bog‘liq nizolarni xalqaro arbitraj orqali hal etishni tashkil etish;

b) nizolarni xalqaro arbitraj va nizolarni hal etishning boshqa muqobil usullari orqali hal etish mexanizmlarini rivojlantirish va takomillashtirish;

v) yetakchi xorijiy arbitrajlar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, xalqaro arbitraj orqali nizolarni hal etish sohasida tajriba almashish, shuningdek, Markazda nizolarni hal etishga xorijiy arbitrlarni jalb qilish;

g) xalqaro arbitraj, shu jumladan, investitsiyalar bilan bog‘liq nizolarni suddan tashqari hal etish sohasida mutaxassislar tayyorlash va ularning malakasini oshirish, shuningdek, ushbu yo‘nalishda tadqiqotlar o‘tkazish bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshirishda ishtirok etish;

d) mahalliy va xorijiy xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar, xususan, xorijiy investorlarga investitsiya bilan bog‘liq, shu jumladan, tomonlardan biri davlat bo‘lgan nizolarning vujudga kelishining oldini olish sohasida konsultatsiya xizmatlarini ko‘rsatish.

2. Belgilansinki:

Markazga arbitr sifatida O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi bo‘lgan mutaxassislar bilan bir qatorda xorijiy davlatlar fuqarosi bo‘lgan malakali arbitrlar ham jalb etilishi mumkin;

tomonlarning kelishuviga ko‘ra, nizolarni hal etishda Markaz arbitrlari tomonidan boshqa, shu jumladan, xorijiy davlatning huquqi qo‘llanishi mumkin;

Markaz arbitrlarining qarorlari O‘zbekiston Respublikasi hududida hakamlik sudlari qarorlarini ijro etish uchun qonun hujjatlarida, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarida ko‘zda tutilgan tartibda ijro etiladi;

Markazda yozishmalar va ish yuritish o‘zbek, rus va ingliz tillarida olib boriladi;

sudlar o‘z vakolatlari doirasida va qonun hujjatlarida belgilangan tartibda arbitraj ishlari ko‘rilishida dalillar olish, to‘plash, Markaz arbitrlari qarorlarining ijrosini ta’minlash bo‘yicha choralar ko‘rish borasida Markazga ko‘maklashadi;

Markazning O‘zbekiston Respublikasi norezidenti bo‘lgan arbitrlari arbitr funksiyalarini bajargani uchun gonorar sifatida olingan mablag‘lar qismi uchun jismoniy shaxslarning daromadidan olinadigan soliq to‘lashdan ozod etiladi;

nizolarni xalqaro arbitraj yo‘li bilan hal etishga xorijiy davlatlar fuqarolarini Markaz arbitrlari va ekspertlar sifatida jalb etish uchun O‘zbekiston Respublikasi hududida mehnat faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi ruxsatnoma olish talab etilmaydi;

nizoni xalqaro arbitraj orqali ko‘rib chiqish uchun arizalarni qabul qilish, shuningdek, eshituvlar va boshqa protsessual harakatlarni o‘tkazish zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda onlayn tartibda, arbitrlar va tomonlarning ishtirokisiz amalga oshirilishi mumkin;

Markazda nizolarni xalqaro arbitraj orqali hal etishda ishtirok etayotgan tomonlarning vakillarida arbitraj qarorlari O‘zbekiston Respublikasining vakolatli sudlarida qayta ko‘rib chiqilganda, shuningdek, Markazda ko‘rib chiqilayotgan arbitraj nizolari bo‘yicha har qanday masalalar belgilangan tartibda ko‘rib chiqilganda advokatlik faoliyati bilan shug‘ullanish huquqini beruvchi litsenziyaning mavjud bo‘lishi talab etilmaydi;

Markaz qonun hujjatlarida belgilangan tartibda nizolarni mediatsiya tamoyilini o‘tkazish orqali hal etish va nizolarni hal etishning boshqa muqobil usullarini qo‘llash huquqiga ega;

yuridik shaxslarning Markazda nizoni ko‘rib chiqish bilan bog‘liq arbitraj xarajatlarini to‘lashga yo‘naltiriladigan mablag‘lari qo‘shilgan qiymat solig‘idan ozod etiladi;

Markaz o‘z nomi tushirilgan blank va dumaloq muhrga, tijorat banklarida milliy va chet el valyutasidagi bank hisobvaraqlariga ega bo‘lishi mumkin.

3. Ma’lumot uchun qabul qilinsinki, YeXHT va BMT Taraqqiyot dasturining O‘zbekiston Respublikasidagi vakolatxonalari tomonidan Markaz faoliyatini qo‘llab-quvvatlash va uni tashkil etishda ko‘maklashishga qiziqish bildirilgan.

4. Belgilansinki:

Markaz qoshida uning faoliyatiga xalqaro standartlarni joriy etishga ko‘maklashish maqsadida arbitraj sohasidagi yetakchi xalqaro va mahalliy mutaxassislardan, shuningdek, jahonning e’tirof etilgan arbitraj markazlari arbitrlaridan iborat Kuzatuv kengashi tashkil etiladi;

Markazga O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi raisi tomonidan, qoidaga ko‘ra, yetakchi xorijiy xalqaro arbitrajlarda arbitr sifatida ishlash tajribasiga ega shaxslar orasidan tayinlanadigan rahbar boshchilik qiladi.

5. O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi belgilangan tartibda:

ikki hafta muddatda Markaz Kuzatuv kengashi tarkibini shakllantirishni;

bir oy muddatda Markaz Qoidalari, tuzilmasi hamda asosan yetakchi xorijiy xalqaro arbitrajlarda ishlash tajribasiga ega va Markaz Kuzatuv kengashi tomonidan ma’qullangan arbitrlar ro‘yxatini shakllantirish va tasdiqlashni;

bir oy muddatda yetakchi xalqaro ekspertlarni jalb etgan holda, ushbu qaror va Birlashgan Millatlar Tashkilotining Xalqaro savdo huquqi bo‘yicha komissiyasining “Xalqaro savdo arbitraji to‘g‘risida”gi namunaviy qonuni talablariga muvofiq “Xalqaro tijorat arbitraji to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ishlab chiqilishini yakunlash va uni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga kiritishni ta’minlasin.

6. O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Markazning buyurtmanomalariga ko‘ra Markaz arbitrlari, Kuzatuv kengashi a’zolari, ekspertlar, tomonlarning vakillari, Markaz zimmasiga yuklatilgan vazifalarni bajarish uchun jalb etiladigan boshqa xorijiy mutaxassislarga kirish vizalari konsullik va boshqa yig‘imlarni undirmagan holda rasmiylashtirilishini ta’minlasin.

7. O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Markaz buyurtmanomalariga ko‘ra Markaz arbitrlari, Kuzatuv kengashi a’zolari, ekspertlar, tomonlarning vakillari, Markaz zimmasiga yuklatilgan vazifalarni bajarish uchun jalb etiladigan boshqa xorijiy mutaxassislarga va ularning oila a’zolariga vizalar muddati uzaytirilishini, shuningdek, ular vaqtincha yashaydigan joyda vaqtinchalik ro‘yxatga olish va uning muddatini uzaytirishni davlat bojini undirmagan holda belgilangan tartibda ta’minlasin.

8. O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Toshkent shahri, Islom Karimov ko‘chasi, 11-uy manzilida joylashgan binoning Savdo-sanoat palatasiga Markazni joylashtirish uchun beg‘araz asosda berilishini ta’minlasin.

9. O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi Markazni belgilangan tartibda imtiyozli asosda zarur aloqa vositalari bilan hamda yuqori tezlikdagi internet tarmog‘iga ulanishini ta’minlasin.

10. O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasiga Markazning zarur mebel, anjomlar, kompyuter va ofis texnikasi bilan, shuningdek, xonalarning arbitraj eshituvlarini, shu jumladan, onlayn rejimda o‘tkazish uchun jihozlanishiga ko‘maklashish tavsiya etilsin.

11. Savdo-sanoat palatasi va Markaz 2021 yil 1 oktyabrga qadar Markazni jihozlash uchun belgilangan tartibda shakllantiriladigan ro‘yxat bo‘yicha olib kiriladigan, O‘zbekiston Respublikasida ishlab chiqarilmaydigan kompyuter texnikasi, dasturiy mahsulotlar, o‘quv va ilmiy-uslubiy adabiyotlar, anjomlar va moddiy-texnik resurslar uchun bojxona to‘lovlaridan (bojxona rasmiylashtiruvi yig‘imlaridan tashqari) ozod etilsin.

12. Savdo-sanoat palatasi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan, shu jumladan, O‘zbekiston Respublikasi arbitrajlari qarorlari ustidan shikoyat qilish va ularni ijro etish tartibini belgilaydigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

13. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Z.Sh.Nizomiddinov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisining birinchi o‘rinbosari B.M.Mavlonov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoyev

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » Prezident qarori bilan Toshkent xalqaro arbitraj markazi tashkil etildi