
Surxondaryo viloyatida faoliyat yuritayotgan O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi huzuridagi Afg‘oniston fuqarolarini o‘qitish ta’lim markazida o‘zbek-afg‘on biznes forumi o‘tkazildi.
O‘zA’ning yozishicha, forum doirasida dastlab Termiz tumanidagi “Termiz kargo” eksport markazida tashkil etilgan “O‘zbekiston – Afg‘oniston” chegaraoldi savdo zonasining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Qayd etilishicha, chegaraoldi savdo zonasida qo‘shni davlat ishbilarmonlari uchun barcha zamonaviy qulaylik yaratildi. Bojxona terminali, keng, shinam mehmonxona, restoran va boshqa shoxobchalar afg‘on ishbilarmonlari xizmatida. Hujjatlarning “Bir darcha” tamoyili asosida taqdim etilishi rasmiylashtirish jarayonini hech qanday to‘siqlarsiz, tez va sifatli amalga oshirishda muhim o‘rin tutadi.

Bildirilishicha, o‘tgan yili viloyatda Afg‘oniston kapitali asosida umumiy qiymati 7,3 million dollar miqdoridagi xorijiy investitsiya o‘zlashtirilgan bo‘lsa, joriy yilning o‘tgan davrida qiymati 6,6 million dollar miqdoridagi xorij investitsiyasi jalb etilgan.
2019-2020 yillarda afg‘onistonlik ishbilarmonlar hamkorligida sanoat, xizmat ko‘rsatish va qishloq xo‘jaligi sohalarida to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiya ishtirokida umumiy qiymati 30 million dollarlik 14 ta loyihani amalga oshirish mo‘ljallanmoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekiston Afg‘oniston bozoriga mashinasozlik, elektrotexnika, kimyo va to‘qimachilik mahsulotlari, zamonaviy yengil va yuk mashinalari, avtobuslar, qishloq xo‘jaligi texnikasi, mineral o‘g‘itlar, qurilish materiallari, oziq-ovqat, meva-sabzavot mahsulotlarini yetkazib bermoqda. Yilning o‘tgan davrida ushbu davlatga Surxondaryo viloyatidan 17 million dollarlik meva-sabzavot, tuxum, osh tuzi va boshqa sanoat mahsulotlari eksport qilindi. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar