16:47 / 25.11.2019
10 723

Bu yil qish qanday o‘tadi? Sinoptiklar prognoz qildi

Bu yil qish qanday o‘tadi? Sinoptiklar prognoz qildi
Kuz fasli poyoniga yetib qoldi. Kechagi kungacha o‘tgan kuz davrini noodatiy quruq davr deb ta’riflasak bo‘ladi. Deyarli butun kuz — sentyabr, oktyabr va noyabr oyining katta qismida O‘zbekiston bo‘yicha kam bulutli, quruq va shamolsiz ob-havo kuzatildi. Faqat ayrim kunlarda ba’zi joylarga yomg‘ir yog‘di. Ular asosan kuchsiz va qisqa muddatli bo‘ldi.

Bu yildagi kabi quruq kuz juda kam kuzatiladi.
Oxirgi 20 yil ichida 2002 va 2007 yillarning kuz fasllari ham quruq bo‘lgan, 2013 yil kuz esa bu yilga o‘xshash bo‘lgan.

Harorat ko‘rsatkichlari bo‘yicha bu yilgi sentyabr va oktyabr oylari asosan iliqroq, ayrim joylarda meyordan iliqroq, noyabr oyida esa odatdagidan sovuq bo‘ldi.

O‘tgan hafta oxirida havo keskin o‘zgardi. Respublika hududining katta qismida, shimoliy tumanlardan tashqari, yog‘ayotgan yomg‘ir qorga aylandi. Tog‘li hududlarda bu yilgi mavsumdagi birinchi qor qoplami hosil bo‘ldi.

Havo harorati kechasi 0-3 daraja sovuq, kunduzi 0-3 daraja iliqqacha pasaydi.

Mamlakatimizning shimoli — Qoraqalpog‘iston, Xorazm viloyati va Navoiy viloyatining shimolida tungi harorat 12-15 daraja sovuqqacha, kunduzi 2-7 daraja sovuqqacha tushib ketdi.

Dam olish kunlari O‘zbekiston bo‘ylab bulutli ob-havo saqlanib turadi. Shimoliy hududlardan tashqari boshqa joylarda yog‘ingarchilik, ko‘proq qor yog‘di. Harorat sezilarli o‘zgarmaydi.

Bugundan boshlab yog‘ingarchiliklar to‘xtashi kutilmoqda. Lekin haftanning oxirigacha sovuq havo saqlanib turadi. Kechasi va ertalabki soatlarda 3-8 daraja sovuq, kunduzi 0-5 daraja iliq atrofida bo‘ladi.

Hozircha faqat dekabr oyi to‘g‘risida gapirish mumkin. O‘zgidromet jahonning yetakchi ob-havo markazlari ma’lumotlariga tayanib berayotgan baholariga ko‘ra dekabr o‘rtacha nam va harorat bo‘yicha me’yorlarga yaqin bo‘ladi. Oy davomida harorat kechasi 2-7 daraja iliqdan 0-5 daraja sovuqqacha, kunduzi 10-15 daraja iliqdan 0-5 daraja iliqqacha o‘zgarib turadi.

Yanvar va fevral to‘g‘risida gapirishga hali erta. Faqat O‘rta Osiyo qishlarining iqlimiy xususiyatlari to‘g‘risida gapirish mumkin.

Odatda O‘zbekistonda qishlar qisqa va kam qorli. Bu yerda qish faslining o‘ziga xos xususiyati — haroratining keskin o‘zgarib turishida. Bunda issiq havo to‘lqinlari sovuq havo bilan almashib turadi. Harorat sovuq bo‘lganda yoqqan qor havo ilishi bilan erib ketgani sababli, barqaror qor qoplami hosil bo‘lmaydi. Deyarli har yili sovuq qishlardan tashqari harorat tushib ketadigan qisqa muddatlar kuzatiladi.

Kechasi sovuq 10-13 daraja, ba’zan undan ham past bo‘lishi mumkin. Harorat 15-18 darajaga ko‘tariladigan davrlar ham bo‘ladi. Oxirgi kuzatuvlar davomida eng sovuq davrli qish 2007-2008 yilga to‘g‘ri kelganini ko‘rish mumkin. O‘shanda sovuq dekabrning oxiridan fevralning o‘rtasigacha davom etgan.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » Bu yil qish qanday o‘tadi? Sinoptiklar prognoz qildi