19:30 / 18.01.2020
4 450

Eron – AQSH nizosi O‘zbekiston uchun qanday salbiy oqibatlar yaratadi?

Eron – AQSH nizosi O‘zbekiston uchun qanday salbiy oqibatlar yaratadi?
Foto: Google Photos
Rasmiy Toshkent dengizga chiqish imkoniyatini qo‘lga kiritish maqsadida Markaziy Osiyo mintaqasidagi qo‘shni mamlakatlar, xususan, Eron bilan munosabatlarini yaxshilash haqida bosh qotirar ekan, Erondagi vaziyat bunga to‘sqinlik qilmoqda, deb yozadi Daryo nashri.

Eron generali Qosim Sulaymoniy o‘ldirilishi ortidan Eron – AQSH munosabatlaridagi ziddiyatlar Yaqin Sharq mintaqasida yirik harbiy qarama-qarshilik yuzaga kelishiga sabab bo‘lib turibdi.

O‘zbekiston tashqi ishlar vazirligi voqealar rivojidan tashvish bildirib nizolashayotgan ikki tarafga harbiy to‘qnashuvga yo‘l qo‘ymaslik va diplomatik vositalar yordamida muammolarni hal qilishga chaqirdi.

O‘zbekiston tashqi ishlar vazirligining rasmiy bayonoti zamirida uzoqni ko‘zlovchi maqsadlar borligini uqsa bo‘ladi. Eron va AQSH o‘rtasida harbiy to‘qnashuv kelib chiqadigan bo‘lsa, rasmiy Toshkent bir necha o‘n yillardan buyon Eron hukumati bilan olib borayotgan muzokaralari O‘zbekistonning Eron orqali dengizga chiqish umidlarini chippakka chiqarishi turgan gap.

Eron portlari O‘zbekiston mahsulotlarini dengizga olib chiqishda eng arzon va qisqa yo‘ldir. So‘nggi ikki yil mobaynida O‘zbekiston hukumati Eron hukumati bilan barqaror transport koridori yaratishga ko‘p vaqt va mablag‘ sarflamoqda. 2017 yil dekabrida Shavkat Mirziyoyev mamlakatning transport tizimini rivojlantirish borasida qaror qabul qildi. Qarorda O‘zbekiston yuklarini dunyo bozoriga olib chiqishda O‘zbekiston – Turkmaniston – Eron – Ummon, Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston va Termizdan boshlanib, Afg‘onistoning Mozori Sharifidan o‘tadigan transport yo‘laklarini yaratish alohida ta’kidlanadi. Bu esa O‘zbekistonga Eronning Bandar Abbos, Chobahor va Bajagan portlari orqali dengizga chiqish imkoniyatini beradi. O‘zbekiston uchun, o‘z navbatida, Erondagi barqaror vaziyat o‘ta muhim.

O‘zbekistonning import va eksport mahsulotlari ayni paytda Turkmaniston orqali Bandar Abbos, Toshkent – Olmaota va Toshkent – Moskva savdo yo‘laklari orqali tashilmoqda. Osiyo taraqqiyot banki hisobotiga ko‘ra, Bandar Abbos o‘zbek paxtasi eksporti uchun muhim savdo yo‘lagidir. Har yili 40 mingga yaqin yuk ortilgan transport vositasi Bandar Abbos portiga Turkmaniston orqali o‘tmoqda.

Rasmiy Toshkent hozirda Osiyo taraqqiyot banki yordamida O‘zbekistonni Mozori Sharif bilan bog‘laydigan temir yo‘l qurilishi uchun moliyaviy va siyosiy sa’y-harakatida. Erondagi tinchlik buziladigan bo‘lsa, bu O‘zbekiston hukumatining rejalarini buzib yuboradi, Tehron yordamida afg‘on hukumati va «Tolibon» harakati bilan olib borilayotgan muzokaralarni tahdid ostida qoldiradi.

Shunday ekan, Erondagi mushkul vaziyat tinch yo‘l bilan hal etilsagina O‘zbekiston uchun kelajakda muhim iqtisodiy ahamiyatga ega vazifalarni amalga oshirish mumkin bo‘ladi.

Jahongir Ergashev

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » Eron – AQSH nizosi O‘zbekiston uchun qanday salbiy oqibatlar yaratadi?