08:30 / 18 февраля 2020
2 509

Abdulla Aripov O‘zbekistonning YEOIIga a’zo bo‘lishi ehtimoli yuzasidan fikr bildirdi

Abdulla Aripov O‘zbekistonning YEOIIga a’zo bo‘lishi ehtimoli yuzasidan fikr bildirdi
Bosh vazir Abdulla Aripov Human xususiy bandlik agentligi faoliyatidan jabr ko‘rganlar bilan 17 fevral kuni bo‘lib o‘tgan uchrashuvda xorijdagi mehnat muhojirlari va O‘zbekistonning Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi (YEOII)ga a’zo bo‘lishi ehtimoli haqida fikr bildrdi, deya xabar bermoqda «Daryo» nashri.

«Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqiga kirish masalasida hozirda muhokamalar olib borilmoqda. Masala o‘rtaga tashlangan, hisob-kitob qilinmoqda, qanday foydasi bor, balki zarari bordir, o‘rganilmoqda», — deya ta’kidladi hukumat rahbari.

Abdulla Aripovning ma’lum qilishicha, Rossiyada 2,2 million o‘zbekistonlik mehnat muhojiri sifatida faoliyat olib bormoqda. «Bundan bizning ham yuragimiz achiydi, biz ham xamma bag‘rimizda bo‘lib, mana shu yerda ishlashini xohlaymiz... Hozir yangi-yangi ish o‘rinlarini yaratyapmiz», — dedi bosh vazir.

Hukumat rahbarining ta’kidlashicha, Rossiyada ishlayotgan o‘zbekistonliklar har oy migrantlar uchun joriy etilgan patent haqini to‘lashga majbur bo‘lmoqda.
«Rossiyada ishlayotgan 2,2 million odamning har biri oyiga 100 dollarga yaqin patent uchun pul to‘laydi. Bir yilda 1000 dollar pul ketadi. Endi, agar Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqiga a’zo bo‘ladigan bo‘lsak,.. to‘g‘ri, bu kimgadir yoqar, kimgadir yoqmas — o‘zicha siyosatdonlar ko‘payib ketdi: ’Mustaqillikni berib qo‘yamiz’, deydigan. Kimga beryapmiz mustaqillikni? Mustaqillikning berilishini nimada ko‘ryapsizlar, deb savol beradigan odamning o‘zi yo‘q», — dedi Abdulla Aripov.

Bosh vazirning ta’kidlashicha, migrantlar uchun patent bekor qilinadigan bo‘lsa, xorijda ishlayotgan 2 million o‘zbekistonlikning ixtiyorida bir yilda 2 milliard dollarga yaqin pul qoladi.
«O‘zbek uyim-joyim, bolam deydigan xalq. O‘sha pulning asosiy qismini qayoqqa yuboradi? Uyiga. Bu O‘zbekistonga foydami, foyda emasmi? O‘zbekiston xalqiga foydami, foyda emasmi?», — deb savol qo‘ydi hukumat rahbari.

Abdulla Aripovning qo‘shimcha qilishicha, yaqinda hukumat bu masalani parlamentga olib chiqadi — «parlament ko‘rsin».
«’Yevoosiyo ittifoqiga a’zo bo‘lsak, mustaqillikni berib qo‘yamiz’, deb ayyuhannos soladi. O‘zi bitta narsa qilganmi-yo‘qmi, u narsani tagida nima bor, biladimi? Shunaqa odamlar mana shunday har xil narsalarni yozib yuribdi», — dedi bosh vazir.

«Gazeta.uz»ning yozishicha, Rossiyaning yirik shaharlarida migrantlar uchun mehnat patenti qiymati 3738 rubl (taxminan 60 dollar)dan 5400 rubl (taxminan 85 dollar)gacha farqlanadi.

Avvalroq O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi raisi Qudratulla Rafiqov «Xalq so‘zi» gazetasi uchun yozgan maqolasida Rossiyadagi o‘zbekistonliklar har yili mehnat patenti to‘lovi uchun 3 milliard rubldan ortiq mablag‘ yo‘qotmoqda.
2019 yilning birinchi yarim yilligida Rossiyadan O‘zbekistonga pul o‘tkazmalari hajmi 2 milliard dollardan oshgan edi.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)