22:53 / 30.03.2021
2 329

Toshkentda Debretsen universiteti ochiladi (foto)

Toshkentda Debretsen universiteti ochiladi (foto)
Foto: Prezident matbuot xizmati
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Vengriya Bosh vaziri Viktor Orban muzokaralarni ikki mamlakat rasmiy delegatsiyalari ishtirokida davom ettirdilar.

Davlatimiz rahbari pandemiya sharoitiga qaramay Vengriyadan shunday katta delegatsiya kelgani o‘zaro do‘stlik va hurmat mustahkam ekanidan dalolat berishini ta’kidladi.

O‘zbek va vengr xalqlarini mushtarak tarixiy ildizlar, yaqin hamkorlik rishtalari birlashtirib keladi. Bugungi kunda esa Vengriya O‘zbekistonning Yevropadagi muhim sheriklaridan biri hisoblanadi. Birgalikdagi intilish va amaliy ishlar natijasida bu sheriklik yildan yilga mustahkamlanib bormoqda.

Foto: Prezident matbuot xizmati
So‘nggi to‘rt yilda ikki mamlakat o‘rtasidagi o‘zaro savdo aylanmasi hajmi salkam uch barobarga o‘sgan. Murakkab pandemiya sharoitiga qaramay, o‘tgan yili ham bu ijobiy dinamika saqlab qolingan.

Ishbilarmonlar va hududlar o‘rtasida yaqin aloqalar yo‘lga qo‘yilgani bunda muhim omil bo‘lmoqda. Xususan, shu yil fevral oyida Budapeshtda iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo komissiyaning navbatdagi yig‘ilishi va biznes-forum o‘tkazilgan edi. Kecha Toshkentda ikki mamlakat Ishbilarmonlar kengashining birinchi majlisi bo‘lib o‘tdi.

Muzokarada ikki tomonlama hamkorlik bobida hali ishga solinmagan juda katta imkoniyatlar borligi ta’kidlandi. Shu bois asosiy e’tibor savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va moliyaviy aloqalarni yanada rivojlantirish masalalariga qaratildi.

Foto: Prezident matbuot xizmati
Prezident Shavkat Mirziyoyev mamlakatlarimiz o‘rtasidagi tovar ayirboshlashni ko‘paytirish, savdo hajmi muvozanatini tenglashtirish, zarur mahsulotlarni o‘zaro yetkazib berishni ko‘paytirish muhimligini ta’kidladi.

Bu borada Budapeshtda tashkil etilayotgan O‘zbekiston-Vengriya savdo uyi imkoniyatlaridan samarali foydalanish zarurligi qayd etildi.

Foto: Prezident matbuot xizmati
Sanoat kooperatsiyasi – hamkorlikning yana bir ustuvor yo‘nalishidir. Vengriyaning ilg‘or tajribasi asosida O‘zbekistonda oziq-ovqat sanoati, farmatsevtika, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash, kimyo va mashinasozlik sohalarida yangi loyihalarni amalga oshirishga kelishib olindi.

Hududlar o‘rtasidagi aloqalar ham rivojlanmoqda. Samarqand va Jizzax viloyatlarida iqtisodiy va ijtimoiy sohalarni modernizatsiya qilish, jumladan, qishloq xo‘jaligini sanoatlashtirish, eksport salohiyatini oshirish borasida Vengriya tajribasini tatbiq etish mo‘ljallanmoqda. Shu maqsadda Vengriyadan yuqori malakali ekspertlar guruhi O‘zbekistonga keldi.

Davlatimiz rahbari ikki mamlakat hududlari o‘rtasida sheriklik aloqalarini o‘rnatish, har yili Mintaqalar forumini o‘tkazish taklifini bildirdi.

Vengriya qishloq xo‘jaligi, mevalarni saqlash va qayta ishlash, baliqchilik hamda urug‘chilik sohalaridagi ilg‘or tajriba va texnologiyalar bilan almashishga tayyorligini bildirdi.

Uchrashuvda madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlikni rivojlantirish masalalariga ham katta e’tibor qaratildi.

Mamlakatlarimiz sog‘liqni saqlash, ilm-fan va ta’lim bo‘yicha tajriba almashib kelmoqda. Joriy o‘quv yilida o‘zbekistonlik talabalar uchun Vengriyadagi oliy o‘quv yurtlarida 100 dan ortiq grant ajratilgan. Joriy yilda Toshkentda Debretsen universiteti ish boshlaydi.

Bu sohalardagi ishlarni izchil davom ettirish, ilm-fan va madaniyat muassasalari o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlashga kelishib olindi.

Tomonlar Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi kabi xalqaro va mintaqaviy tuzilmalar doirasida ham bir-birini qo‘llab-quvvatlab kelmoqda.

Mutasaddilarga muzokaralarda erishilgan kelishuvlar ijrosini to‘liq ta’minlash uchun “yo‘l xaritasi” ishlab chiqish bo‘yicha ko‘rsatma berildi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » Toshkentda Debretsen universiteti ochiladi (foto)