20:37 / 28.10.2021
2 501

Toshkentda 63 yoshli ayolga nevarasi tengi yigit shilqimlik qilib, kaltaklagani aytilmoqda

Toshkentda 63 yoshli ayolga nevarasi tengi yigit shilqimlik qilib, kaltaklagani aytilmoqda
O‘zbekistonda zo‘ravonlikka qarshi «Sukut saqlama» loyihasi 63 yoshli ayol nevarasi tengi yigit tomonidan zo‘ravonlikka uchragani haqida maqola e’lon qildi. «Daryo» manbasining ma’lum qilishicha, voqea Toshkent shahrida yuz bergan.

«Onaxon, keling sizga bir teginay, 10 ming so‘m beraman»

Unda aytilishicha, Marina Ivanovna (ismi o‘zgartirilgan) gipertoniya kasalligining oldini olish maqsadida har kuni ertalab shifokorlar maslahati bilan sayrga chiqadi. 2021 yil 11 sentabr kuni soat 5 larda, hali g‘ira-shira bo‘lgani uchun o‘zi bilan kichik fonar olib, sayrga chiqqan. Birozdan so‘ng ayol qadam tovushlarini eshitgan — ortidan bir yigit kelgan va «Onaxon, keling sizga bir teginay, 10 ming so‘m beraman», deb aytgan.

Ayol undan tinch qo‘yishini so‘ragan, ammo yigit birdan kelib uning sonidan chimchilab olgan. Onaxon uni o‘zidan itarishga harakat qilgan, lekin ichkilik hidi kelib turgan yigit hujum qilishda davom etib, goh qo‘li, goh oyog‘i, goh sonlarini chimchilay boshlagan. Ayol qadamini tezlatgan, ammo yigit ham unga ergashgan. Onaxon eshikda kodli qulf bor, o‘sha yerda yashirinaman, deb o‘ylab, yorug‘lik tushib turgan pod’ezd eshigi tomon otilgan. Ammo eshikda qulf bo‘lmagan, shu sababli ayol eshikni tortib, yopib turishga harakat qilgan. Biroq yigit kuch bilan uni ochib, pod’ezdga kirgan. U behayo so‘zlarni aytib qichqirgan holda Marina Ivanovnaning intim joylariga tegingan. Ayol uning shilqimligidan himoyalanish maqsadida devorga yopishib, baqirib, yordamga chaqirgan.

Shu vaqtda mast yigit ayolning yuziga bir musht tushirib, «Ovozingni o‘chir, o‘ldiraman!», deb tahdid qilgan va kiyimlarini yirtib, kaltaklay ketgan. Kaltak zarbidan ayolning ko‘zoynagi yerga otilib, ko‘z oldi xiralashgan. U qo‘rqsa-da, qarshilik ko‘rsatishda davom etgan. Shovqinni eshitgan qo‘shnilardan biri eshikni ochgan. Bundan cho‘chigan yigit voqea joyidan qochib qolgan. Ayol esa karaxt ahvolda uyga yetib olib, qiziga qo‘ng‘iroq qilgan. Qizi darhol yetib kelgan va Marina Ivanovnaning turishga ham holi yo‘qligi sababli uyda davolashga qaror qilgan.

Qayd etilishicha, jabrlangan ayol ruhan ezilgan, ovqat yeyishni, hech kim bilan gaplashishni xohlamasdi. «Ichki ishlarga borsam, shahar bo‘ylab rosa yugurtirishini bilardim. Meni esa hatto ovqat ham chaynay olmasdim, hammayog‘im shishib, og‘rirdi», — degan voqea haqida «Sukut saqlama» loyihasiga so‘zlab bergan jabrlanuvchi.

Uyda o‘tirgan Marina Ivanovna odamlarga pand berib, ishdan qolayotganini o‘ylab siqilgan. Oradan bir hafta o‘tgach, o‘zi ishlaydigan o‘quv markaziga ma’ruza o‘qish uchun kelgan. Hamkasblari va o‘quvchilari uning ahvolini ko‘rib dahshatga tushgan. «Tezda ichki ishlar idorasiga xabar bering, buni shunday qoldirib bo‘lmaydi!», degan ular. Ularning barchasi jinoyatchi topilib, javobgarlikka tortilishiga ishongan. 18 sentabr kuni jabrlanuvchi ayol huquq-tartibot organlariga murojaat qilib, sodir bo‘lgan voqeani batafsil bayon qilgan.

Tergov organlarining xatti-harakati

Ayolga 4 kun davomida turli erkaklarning suratlari ko‘rsatilgan. Bir kuni kechki payt tezkor xodimlar unga qo‘ng‘iroq qilib, ko‘chaga chiqishni so‘ragan. Pod’ezddan chiqqan Marina Ivanovna bir necha kishini ko‘rgan. IIB xodimlari ular orasida hujum qilgan yigit bor, yo‘qligini ko‘rsatishini so‘ragan. «Qahramonimiz esankirab qolgan. Nahotki bizning mamlakatda jinoyatchining shaxsini aniqlash ishlari, tegishli tartibda sir saqlanmasdan, to‘g‘ri jabrlanuvchining uyi oldida o‘tkaziladi?», — degan savol o‘rtaga tashlangan «Sukut saqlama» loyihasida.

23 sentabr kuni jabrlanuvchi IIBBga chaqirilib, yana bir necha kishilarning suratlari ko‘rsatilgan. Ular orasida o‘sha kungi yigitning ham surati bo‘lgan. U voqea qayd etilgan kuzatuv kameralari orqali topilgan. Ayol unga hujum qilgan yigit ancha yoshligiga guvoh bo‘lgan. U ayoldan undan, taxminan, uch baravar kichik bo‘lib, tom ma’noda nevarasi tengi edi.

Surat orqali shaxsi aniqlangandan keyingina tezkor xodimlar jabrlanuvchiga tibbiy tekshiruvdan o‘tishi kerakligini aytgan. «Nahotki tajribali tezkor xodim bunday tekshiruv imkon qadar tezroq o‘tkazilishi kerakligini bilmaydi?», deb savol berilgan «Sukut saqlama» loyihasida. Ariza yozilganidan 6 kun, voqea sodir bo‘lganidan esa qariyb 2 hafta vaqt o‘tgan.

Tibbiy ko‘rikdan so‘ng ishni tergovchiga topshirish arafasida tezkor xodimlar jabrlanuvchi hali sud-tibbiy ekspertizasidan o‘tmaganini eslaydi va uni sud-tibbiy ekspertiza markaziga yuboradi. Shifokor ayolni ko‘zdan kechirib, uning holatini yengil tan jarohati, deb baholaydi.

Ayol sud-tibbiy ekspertizadan qaytgach, uyiga gumonlanuvchi yigitning buvilari bo‘lgan ikki ayol keladi va yig‘lab, nevarasi mast bo‘lganini aytib, uni kechirishni so‘rab, yordam taklif qiladi. Marina Ivanovna buni rad etib, eshikni yopadi. U hayron qoladi: «Hujum qilgan yigitning qarindoshlari manzilimni qayerdan oldi? Ularga mening ismimni kim aytdi?». Bir necha kundan so‘ng uyiga gumonlanuvchining opasi bir erkak bilan keladi. Ayol ularga eshikni ochmay, ketishlarini so‘raydi.

Ayol tergov keyin qanday davom etganini bilmaydi — uning cho‘zilib ketganini saylovoldi jarayoni bilan izohlashadi. 21 oktabr kuni Marina Ivanovna gumonlanuvchi bilan yuzma-yuz uchrashishga chaqiriladi.

Yigit va uning advokati voqeani umuman boshqacha izohlaydi: «Ayol yigitni haqorat qilgan, keyin esa sababsiz urgan. Yigit mast bo‘lgani uchun hech narsani eslay olmaydi, biroq dastlab jabrlanuvchini sevgan qizi bilan adashtirib yuborgani esida». Advokatning so‘zlariga ko‘ra, Marina Ivanovna o‘ziga o‘zi zarar yetkazgan bo‘lishi mumkin. U, shuningdek, ayolni voqea joyida guvohlarni kutmaganlikda, 102 yoki 103 ga qo‘ng‘iroq qilmaganlikda ayblagan.

«Meni, kap-katta ayolni haqorat qilganlikda, hammasini to‘qib chiqarganlikda ayblashdi! Nima uchun advokatlar tuhmat qilganlik uchun javobgarlikka tortilmaydi?», — degan jabrlanuvchi ayol «Sukut saqlama» loyihasiga qilgan murojaatida.

Qayd etilishicha, tergov hali yakunlanmagan, hujumdan keyin ayolning sog‘lig‘iga yangi tahdidlar paydo bo‘ldi: oftalmolog chap ko‘z kontuziyasini, neyropatiyani, chap ko‘z arterial gipertenziyasini aniqladi. Aynan o‘sha joyga yigit musht tushirgan. Oldinda nevrolog va nevropatolog tekshiruvi turibdi. Aftidan, sog‘lig‘iga yetkazilgan zarar unga bir necha oy, hatto butun umrga tatigulik. Ammo sud-tibbiy eksperti buni yengil tan jarohati deb baholadi, tergovchi esa qayta ekspertiza tayinlamayapti.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » Toshkentda 63 yoshli ayolga nevarasi tengi yigit shilqimlik qilib, kaltaklagani aytilmoqda