16:46 / 01.05.2022
1 161

"Paxtakor"ning OCHLdagi salbiy natijasini omadsizlik deb o‘ylamayman" – Murod Ismoilov

"Paxtakor"ning OCHLdagi salbiy natijasini omadsizlik deb o‘ylamayman" – Murod Ismoilov
O‘zbekistonning ko‘p yillik chempioni – “Paxtakor” klubi Osiyo Chempionlar ligasida salbiy natija ko‘rsatib barchamizni ranjitib qo‘ydi. Holbuki, eng kuchli jamoamizdan biz butunlay boshqacha natija kutgandik. O‘sha natijani “Nasaf” ko‘rsatdi, ammo amaldagi chempion-chi? Ammo bu biz bilgan “Paxtakor”ga o‘xshamadi. Guruhda qolib ketganini xazm qilish qiyin. Chunki bunday klub ko‘prog‘iga qodir edi.

Klubning sobiq murabbiyi Murod Ismoilov ham “Sherlar”ning o‘yinini kuzatib bordi va tabiiyki, hamma qatori uni ham “Paxtakor”ning natijalari ranjitdi. Shu bois mutaxassis sobiq klubining o‘yinlari xususida fikr bildirdi.

“Paxtakor”ga nima yetishmadi?

- Shota Arveladze davrida ham boshida ishlari yurishmagan. Esingizda bo‘lsa, o‘zi istagan o‘yin uslubini yo‘lga qo‘yishda qiynalgan. Keyin yurishib ketgan. Shundan so‘ng, haqiqatda “Paxtakor”ning o‘yini chiroyli bo‘ldi. U ketdi, yangi murabbiy keldi, tarkib o‘zgardi. Har qanday holatda ham shakllanayotgan jamoa uchun vaqt kerak. Har qancha iqtidorli futbolchilar bo‘lmasin vaqt zarur. Bu birinchi tomoni edi. Ikkinchi tomoni shundaki, sezilarli darajada o‘yinchilarning sifati o‘zgardi. Oldingi “Paxtakor”ga qaraganda hozirgi “Paxtakor” biroz kuchsizroq. Buni tan olish kerak, bu bilan futbolchilarni haqorat qilmoqchi emasmiz, faqat bor gapni aytyapman. Klubning ichkarisida nima bo‘lganini bilmayman. Qanday o‘yin uslubini talab qilishayotgani menga qorong‘u. “Paxtakor”ning tayyorgarligi, natijalaridan kelib chiqib, Osiyo Chempionlar ligasida qiynalsa kerak deb o‘ylagandim. Menimcha, “Paxtakor”ning muammosi ichkarida.

Ajablantirgan holat

- Ochig‘i, meni ajablantirgan holat himoyadagi qo‘pol xatolar bo‘ldi. Chunki “Paxtakor”da har doim himoyachilar yaxshi bo‘lgan. Hujumda qandaydir miqdorda o‘zlarini gollarini urishdi. Yarim himoya har doimgidek o‘ynadi. Lekin himoyada yo‘l qo‘yilgan xatolar ko‘p holatlarda pand berib qo‘ydi.

Bosh murabbiy xususida

- Bosh murabbiyga kelsak, uning o‘yin uslubini bilmayman. Futbolchilardan nimani xohlayotgani ham menga qorong‘u. Shuning uchun bilmaganingizdan keyin murabbiyga baho bera olmaysiz-da. Agar uning talabini bilganimizda edi, nimadir desak bo‘lardi. Ammo gapning ochig‘ini aytsam, murabbiyning o‘yin chizgisini ko‘rmadim. Oldingi yillarda murabbiyning qandaydir o‘yin uslubi bilinib turardi. Albatta, murabbiy o‘z o‘yin uslubini barpo qilish uchun vaqt kerak edi va Arveladzega shuncha sharoitlarni yaratib berishgan holatda kuchli murabbiyga ham 3 yil kerak bo‘ldi. Shu bois hozirgi vaziyatda murabbiyni ayblashdan yiroqman. Ichkarida u qo‘yayotgan talablarni rahbariyat bajaryaptimi-yo‘qmi, murabbiy istagan futbolchilarni olib berishdimi, o‘zini qanaqa uslubi bor, mana shunday jihatlarni bilmasdan turib unga baho berish to‘g‘ri emas.

Hammasi omadsizlik bilan bog‘liqmi?

- “Paxtakor”ning Osiyo Chempionlar ligasidagi salbiy natijasini omadsizlik deb o‘ylamayman. Bu kutilgan natija edi. Chunki tashqaridan qaraganda vaziyat shunga qarab ketayotgandi. Axir o‘zimizni chempionatda qiynalib qolayotgandi-ku! Qolgan klublar “Paxtakor”ga yetarlicha muammolar tug‘dirayotgandi. Vaholanki, o‘tgan yillari bunchalik emasdi. Qolgan klublar kuchayib ketdimi yoki “Paxtakor” kuchsizlandimi, deyishingiz mumkin. Ammo bundoq olib qaraydigan bo‘lsak, boshqa jamoalarda ham o‘sha futbolchilar. Ikki oy ichida kimdir boshqacha tarzda kuchayib ketishiga ishonmayman. “Paxtakor” ko‘proq kuchsizlandi. Balki 3-4 yil boshqacha uslubda o‘ynagan o‘yinchilar endi boshqacha uslubga ko‘nika olmayotgandir. Lekin jamoaning obro‘siga xos bo‘lmagan natija bo‘ldi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » "Paxtakor"ning OCHLdagi salbiy natijasini omadsizlik deb o‘ylamayman" – Murod Ismoilov