23:39 / 31.05.2022
2 409

Shomurodov haqiqiy jangchi, lekin...

Shomurodov haqiqiy jangchi, lekin...
O‘zbekiston milliy terma jamoasining sobiq bosh murabbiyi Vadim Abramov www.vse-pro-sport.com.ua saytiga bergan intervyusida “Roma”ning Konferensiyalar ligasidagi g‘alabasi va Eldor Shomurodovning Rimdagi faoliyatiga munosabat bildirdi.

Eldor Shomurodov UYEFA tasnifiga kiruvchi uchinchi musobaqa – Konferensiyalar ligasida o‘n bitta uchrashuv o‘tkazib, raqiblar darvozasini bir bor ishg‘ol qildi va jamoadoshlariga ikkita golli pas uzatdi.

Sports.uz portali Vadim Abramov intervyusini muxlislar e’tiboriga havola qiladi:

Eldor Shomurodov uchun Konferensiyalar ligasida g‘alaba katta muvaffaqiyatdir. Biz Eldor bilan faxrlanamiz va uning uchun xursandmiz. Albatta, bu Chempionlar ligasi emas, lekin u ham Yevropa miqyosidagi kubok.

Shomurodovning o‘sha turnirdagi o‘yin o‘zbek futboli uchun reklama ekani aniq fakt. Mourino Shomurodovga kam vaqt berayotganiga qaramay, u o‘sha qisqa fursatdan ham unumli foydalanib, jamoasiga doir foyda keltiryapti. Eldor zaxiradan maydonga tushib, o‘yinni kuchaytira oladishan futbolchilardan biri hisoblanadi.

Tabiiyki, men Mourino emasman, shuning uchun ham bosh murabbiy unga nega ko‘proq o‘yin amaliyoti bermayotganini tushunishim qiyin. Ular har kuni ter to‘kyapti. Balki Temmi Abraxam mashg‘ulotlarda yaxshiroq ko‘rinayotgandir.

Eldorning o‘zi “Roma”da qolish kerakmi yoki yo‘q, buni his qilishi lozim. Futboldagi vaqt juda qisqa, boshqa jamoaga o‘tgan taqdirda ham u yerga moslashib olish uchun vaqt talab etiladi. Balki Eldor yakunlangan mavsumni “Roma”ga moslashish uchun sarflagandir va kelasi mavsum hammasi o‘zgarib ketar.

Bundan tashqari, Joze Mourino ham unga ishonch bildirishi yoki bildirmasligini ochiq aytishi kerak. Bu masalani bosh murabbiy bilan muhokama qilib olish uchun hali vaqt bor. Shomurodov haqiqiy jangchi, hammasini uddalay oladi. O‘zi shunday bo‘lishini orzu qilardi.

Sobiq Ittifoq mamlakatlarining 90 foiz futbolchisi shu darajada o‘ynashni orzu qilishiga aminman. Lekin Rossiyada Yevropaga qaraganda ko‘proq pul to‘lashadi, degan taassurot shakllanib qolgan. O‘yinchilarda Rossiyada qolib ketish ishtiyoqi bor, deb o‘ylamayman.

Futbolchilarga taklif yo‘qligi bu boshqa masala, aks holda ketgan bo‘lishardi. Shomurodovga taklif bo‘ldi va u Yevropaga ketdi. Rossiyalik o‘yinchilarga ana shunday takliflar bo‘lyaptiyu ular rad etmoqda, degan qarashlarga qo‘shilmayman. U tomonlarda ko‘proq narsani isbotlab qo‘yish kerak. Xususan, Shomurodovning talantiga qaramasdan, talab xuddi shu.

Albatta, sobiq Ittifoq mamlakatlari futbolchilariga Yevropada munosabat gollandiyalik yoki germaniyaliklarga nisbatan boshqacha. Ko‘pchilik Yevropada ushlanib qololmadi.

“Ko‘hna qit’a”da o‘ynab keta olganlar barmoq bilan sanarli. Hatto sobiq Ittifoqning katta hududini kichkinagina Gollandiya yoki Belgiya bilan solishtirganda ham u mamlakatlardan chiqqan futbolchilar doimo Yevropaning qudratli klublari e’tiborida bo‘laveradi, - dedi Vadim Abramov.

Eldor Shomurodov 2020 yilning 1 oktabr kuni Rossiya premer-ligasining “Rostov” klubidan Italiyaning eng qadimgi klubi “Jenoa”ga ko‘chib o‘tgandi. Genuya klubidagi debyut mavsumida sakkizta to‘p kiritgan hamyurtimiz o‘tgan yili yozda “Roma”ga ko‘chib o‘tdi.

Shomurodov poytaxt klubida barcha turnirlarda 40 marotaba maydonga tushib, raqiblar darvozasini besh marotaba ishg‘ol qildi va jaomadoshlariga oltita golli pas uzatdi.

Shomurodov ilk bor o‘tkazilgan Konferensiyalar ligasi turnirida g‘olib chiqib, faoliyatidagi birinchi sovrinini qo‘lga kiritdi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Shomurodov haqiqiy jangchi, lekin...