23:08 / 09.06.2022
1 764

"Katanetsga bahoni bu o‘yinlar bermaydi. Chunki..." — Mutaxassis fikri

"Katanetsga bahoni bu o‘yinlar bermaydi. Chunki..." — Mutaxassis fikri
O‘zbekiston milliy terma jamoasi Osiyo kubogi-2023 saralash bosqichidagi ishtirokini boshladi. Namanganda kuchsiz va darajasi past qaralgan Shri-Lanka bilan kechgan uchrashuvda hamyurtlarimiz katta ustunlikka ega bo‘lishdi. Biroq mazkur ustunlik hisobda o‘z aksini etgani yo‘q. Bir qancha vaziyatlar yaratgan terma jamoamiz ularning 3tasidan samara chiqara oldi, xolos. Boz ustiga bu Srechko Katanes uchun ilk rasmiy o‘yin hisoblanardi. U kecha yoki bugun kelgani yo‘q. Deyarli bir yil to‘ldi. Xo‘sh, uning ishi ko‘zga ko‘rina boshladimi? Bu borada mutaxassis sifatida tajribali murabbiy Dilshod Nuraliyevning fikrlari bilan qiziqdik.

— Katanetsning bir yil ichidagi ishlarini tahlil qila olmayman. Biroq terma jamoaga har bir pozitsiyadagi eng kuchlilarini jalb qilgani ko‘rinib turibdi. O‘zining qarashiga qarab tarkib yig‘gan. Menimcha, to‘g‘ri tarkib tanlangan. Kechagi o‘yinga kelsak, himoyaga yotib olib o‘ynaydigan jamoaga qarshi to‘p tepish juda qiyin. Ikkinchidan bu birinchi o‘yin. Gol urishimiz uchun ancha vaqt ketdi. Hamma ko‘rdikki, vaziyatlar yetarlicha yaratildi. Turli uslublardan foydalanib ko‘rishdi. Yanada yirikroq hisobda yutishimiz kerak edi, 3:0 kam degan gaplar noto‘g‘ri, deb o‘ylayman. Muhimi o‘yin sifati. Biroq hujumlarni yakunlashda ancha boshqotirishga to‘g‘ri kelyapti. Chunki realizatsiya ancha pasayib ketgan. O‘ylaymanki, bu holat o‘yindan-o‘yinga yaxshilanib boradi.

Hujumda vaziyatlar yaratyapmiz. Biroq foydalanish koeffitsiyenti juda past. Bunday raqiblarga qarshi faqat Shomurodovni yakka o‘zini tushirish to‘g‘rimi? Bu borada mutaxassisimizning fikri quyidagicha bo‘ldi.

— E’tibor bersangiz, Shomurodovga ikki qanot vingerlari ko‘maklashmoqda. Agarda 2ta hujumchi bilan o‘ynasak raqiblar asosiy diqqatni markazni yopishga qaratadi. Natijada yanada qiynalishimiz mumkin. Shaxsiy fikrim shunday. Hozirgi holatda unga Aziz Amonov ham yonida o‘ynay oladi. O‘yin bo‘yicha aytsam, Katanes ko‘rsatmalarda ko‘proq qanotdan uzatmalar berishni bergan ko‘rinadi. Yuqoridagi fikrimda qolaman, ochiq o‘yin ko‘rsatadigan jamoadan ko‘ra, yopiq futbol taklif qiladigan jamoaga qarshi o‘ynash murakkablik tug‘diradi. Shu kuni Shri-Lanka oldinga o‘tgani yo‘q. Ularning vazifasi to‘pni oldinga tepish, o‘yinni "o‘ldirish" bo‘ldi, xolos. Bundan oson narsa yo‘q. Shu bois qaysidir ma’noda biz kutgan o‘yin chiqmadi.

Jamoamizning salohiyatiga shubha qilmayman. Murabbiyning imzosi biroz bor. Tartib-intizom, hujumchilarning ortga qaytib yordam berishi va hokazo. Yana bir jihatga to‘xtalib o‘tsam, ayni paytda terma jamoa va Katanetsning ishiga bu o‘yinlar bilan baho bera olmaymiz. Chunki Maldiv orollari, Shri-Lanka kabi raqiblar bilan bellashuvlarda buni aniqlash imkonsiz. Tailand bilan uchrashuvdagina qisman fikr bildira olamiz. Bu terma jamoa ham yaxshi. Tezkor futbolchilariga ega. Guruhdagi qolgan ikki terma jamoadan ancha ustun.

— Maldiv orollari bilan ham kechagi ssenariy takrorlanishini taxmin qilaman. Chunki ular ham himoyada o‘ynaydi. Qanotlardagi uzatmalarda ko‘proq yerdan o‘ynash kerak. Havodan uzatilayotgan to‘plarda yakkakurash ko‘proq kechadi. Yarim himoyachilarimizdan esa tezkorlik talab qilinadi. Raqib himoyalanganiga qadar tezroq hujumga o‘tish lozim. Kecha Shri-Lankani individual mahorat evaziga mag‘lub etdik. Ikkita gol Masharipov va Hamdamovning mahorati evaziga urildi. O‘yindan bitta to‘p kiritdik. Kombinatsiyalarimiz bor. Vaziyatlar yaratilyapti.

Muallif: Iskandarov Abdulaziz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » "Katanetsga bahoni bu o‘yinlar bermaydi. Chunki..." — Mutaxassis fikri