22:16 / 19.06.2022
2 966

Hujumchining gapi “Roma”ni junbushga keltirdi. Unga chiqish eshiklari ko‘rsatildi

Hujumchining gapi “Roma”ni junbushga keltirdi. Unga chiqish eshiklari ko‘rsatildi
“Roma”ning eng iste’dodli o‘yinchilaridan biri Nikolo Dzanoloning Sport Week nashriga bergan intervyusida aytgan gaplari klub rahbariyatiga qattiq botdi va o‘yinchi endi o‘ziga boshqa jamoa topishi kerak, - deb yozmoqda Italiya nashrlari.

Dzanolo o‘ziga qiziqish bildirayotgan “Yuventus” va “Milan”ni maqtagan holda, bu ikki jamoadan farqli ravishda “Roma”ni top-klublar qatoriga qo‘sha olmasligini ta’kidlagan. Uning bu gapi klub rahbariyati va ashaddiy muxlislarni junbushga keltirdi.

Futbolchining gapini hazm qila olmayotgan muxlislar ijtimoiy tarmoqlarda “Agar sen “Roma”ni boshqa jamoaga o‘tish uchun bir bosqich sanasang, chiqish eshiklari oldingda”, degan ma’nodagi xitoblarni yozmoqda.

Nikolo Dzanoloning “Roma” bilan yana ikki yillik shartnomasi bor. O‘yinchi bilan yangi bitim borasidagi muzokaralar ijobiy natija bermayapti. Shuningdek, klub mutasaddilari 22 yoshli futbolchini arzon sotib qo‘yishdan ham cho‘chimoqda.

Rim klubi xo‘jayinlari Dzanolo uchun 55-60 million yevro talab qilmoqda. O‘yinchiga da’vogar bo‘lgan “Yuventus” ham, “Milan” ham bu summani ko‘tara olmaydi. Bu transferni amalga oshirishga faqatgina “Nyukasl” qodir. Biroq, Dzanoloning o‘zi Italiyadan tashqariga chiqmoqi emas, deb yozmoqda Italiya gazetalari.

“Roma” rahbariyati Nikolo Dzanolo masalasi jamoa muhitiga salbiy ta’sir o‘tkazishidan xavotirga tushgani aytilmoqda.

Dzanolo o‘tgan mavsumda barcha turnirlarda 42 marotaba maydonga tushib, raqiblar darvozasini 8 marta ishg‘ol qildi va to‘qqista assistni amalga oshirdi.

UYEFAning yangi turniri – Konferensiyalar ligasi finalida uning “Feyenoord” darvozasiga kiritgan yagona goli Joze Mourino jamoasiga ilk sovrinni taqdim etdi.

Darvozabon Rimni tark etadi

“Roma”ning ikkinchi darvozaboni Daniel Fuzato tez orada jamoasini almashtirishi kutilmoqda. 24 yoshli braziliyalik golkiperga Ispaniya Segundasining “Ibitsa” jamoasidan jiddiy chorlov bo‘lmoqda.

Rimliklar Fuzatoni 2018 yili Braziliyaning “Palmeyras” klubidan 500 ming yevroga xarid qilgan edi. Yosh darvozabon “Roma”ning asosiy tarkibiga kira olmadi.

Fuzato yakunlangan mavsumda Konferensiyalar ligasida bitta o‘yinda qatnashib, o‘z darvozasidan ikkita to‘p olib chiqdi.

“Roma” yaqinda “Benfika”dan 22 yoshli serbiyalik darvozabon Mile Svilarni transfer qilganidan keyin Fuzato Italiya poytaxtini tark etishga qaror qildi.

Mourinoga kerak bo‘lmay qolgan o‘yinchini uch jamoa chaqiryapti

O‘tgan mavsumning birinchi yarmida Joze Mourino ishonchini oqlamagan Rikkardo Kalafori yanvarda “Jenoa”ga ijaraga jo‘natilgan edi.

Portugaliyalik mutaxassis boshchiligidagi murabbiylar shtabi kelasi mavsumda ham 20 yoshli o‘yinchiga ishonch bildirmaydigan bo‘ldi.

Mourino jamoaga Nemanya Match kelgani va “Lill” vakili Mexmet Zeki Chelikning transferi deyarli hal bo‘lganini inobatga olib, yosh futbolchiniga asosiy tarkibdan joy bermoqchi emas.

Ma’lumotlarga qaraganda, iste’dodli futbolchiga “Kremoneze” va “Salernitana” jiddiy qiziqish bildiryapti. Bundan tashqari, Shveysariyaning “Bazel” klubi ham Kalaforiga tarkibidan joy berishga tayyor.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Hujumchining gapi “Roma”ni junbushga keltirdi. Unga chiqish eshiklari ko‘rsatildi