Rossiya premer-ligasining yangi mavsumi boshlanishi oldidan “Paxtakor” tarbiyalanuvchisi Hojimat Erkinov Moskvaning “Torpedo” klubiga transfer qilindi va shu tariqa iqtidorli o‘yinchimizning legioner sifatidagi hayoti boshlandi.
Nihoyat, yana premer-ligaga qaytgan “Torpedo” seleksiyada o‘zi uchun kerakli o‘zgarishlarni amalga oshira oldi. 17 iyul kuni 1-tur doirasida o‘z maydonida “Sochi”ni qabul qiladi. Erkinov yangi klubi safida debyut uchrashuvini o‘tkazishi kutilmoqda.
Hojimat “Torpedo”ga transfer qilingach, bu borada Rossiya OAVda munosabatlar bildirildi. Tabiiyki, bunday jarayonda bizda to‘g‘ridan-to‘g‘ri klubning o‘zi bilan hamyurtimiz masalasida suhbatlashish istagi paydo bo‘lgandi. Shu bois Sports.uz muxbiri Shuhratbek Jo‘rayev “Torpedo” bosh murabbiyi Aleksandr Borodyuk bilan Erkinov transferi amalga oshirilgan paytlarida kunora aloqada bo‘lib turdi.
Aleksandr Genrixovich har safar biz bilan samimiy munosabatda bo‘lib, futbolchimizning transferidan xursandligi gaplaridan sezilib turardi. Biroq rasmiy o‘yin boshlanishi arafasida Borodyuk bor e’tiborini bo‘lajak uchrashuvga qaratgani sababli biz bilan suhbatga boshqa insonni tavsiya qildi. “Yaxshisi, klub sport direktori Maksim Lyapin bilan gaplashing, u barcha savollaringizga bajonidil javob qaytaradi”, degan taklifni aytganida bu bizga ham ma’qul keldi.
Borodyuk bilan suhbatni keyinroqqa qoldirib, “Torpedo” sport direktori bilan suhbatlashishga qaror qildik. Buning ustiga u Hojimat Erkinovning transferi amalga oshishida faollik ko‘rsatganlardan biri edi. Bosh murabbiyning bizga bergan tavsiyasi o‘zini oqladi va Maksim Gennadevich dastlabki o‘yin oldidan tashkiliy ishlar bilan band bo‘lishiga qaramay, biz uchun biroz vaqt ajrata oldi.
- Maksim Gennadevich, avvalambor “Torpedo” klubini Rossiya premer-ligasi ishtirokchilari qatoriga qo‘shilgani bilan tabriklayman. Ayting-chi, jamoaning bu yilgi vazifasi ligada jon saqlab qolishmi yoki sovrinli o‘rinlar uchun kurashishmi?
- Tabrik uchun katta rahmat. Klub oldiga qo‘yilgan asosiy vazifa – bu RPLga o‘rnashib olishdir.
- Klubning seleksiya ishlari qanday ketyapti? Kimlar bilan shartnomalar tuzildi?
- Reja asosida ish ketyapti. O‘tgan yilgi tarkib o‘zagini tashkil etgan yigitlarni saqlab qolish bilan birga klub o‘yinini kuchaytirish uchun “yangi qon” quydik. Buning natijasida tarkibga yosh va navqiron o‘yinchilardan tashqari ko‘pni ko‘rgan tajribali ijrochilar ham kelishdi. Umid qilamanki, “Torpedo” yosh va malakali o‘yinchilardan o‘ziga xos qorishma hosil qila oladi. Shuningdek, bunga qadar kamroq o‘yin amaliyotiga ega bo‘lgan futbolchilar uchun o‘zlarini qoniqtiradigan variantlarni ham topdik.
- Hojimat Erkinovni transfer qilish tashabbusi kimdan chiqdi?
- Bu umumiy – rahbariyat va murabbiylar shtabi vakillarining kelishgan holda qabul qilgan qarori bo‘ldi. Shaxsan men Hojimat Erkinovning o‘yinini bevosita Turkiyadagi yig‘in chog‘ida “Paxtakor”ning Kiyev “Dinamo”siga qarshi o‘yinida ko‘rganman. Darvoqe, o‘sha uchrashuvga meni “ProSportAsia” rahbari Qahhor Mo‘minov taklif qilgandi. O‘sha bellashuvda Erkinov o‘zidan yaxshi taassurot qoldirgani bois uni zimdan kuzatishga va imkon tug‘ilgan zahoti tarkibga jalb etishga harakat qilgandik. Ya’ni, o‘sha paytda futbolchini qo‘lga kiritish imkoniyatlarini o‘rganishni boshlagandik.
- Siz va klub prezidenti Toshkentga kelib muzokara olib boribsizlar. Poytaxtimizdagi tashrif qanday kechdi va muzokaralar qay tariqa olib borildi?
- Sizda aniq va to‘g‘ri ma’lumot bor. Hojimatga boshqa klublar ham ko‘z tikib turgani bois darhol harakatga tushishimizni vaziyat taqozo etardi. Biz Erkinovning ajoyib oilasida bo‘ldik, “Paxtakor” rahbarlari bilan uchrashdik, birgalikda futbol tomosha qildik. Ko‘rib turganingizdek, harakatlarimiz zoye ketmadi: Erkinov “Torpedo” o‘yinchisi! Hozir eng asosiysi, Xojimat Erkinovning yangi jamoaga moslashib olishidir. Uni klubda juda yaxshi qabul qilishdi. Faqat unga ba’zida yetishmayotgan yagona narsa bu – sportchilarga xos bo‘lgan “surbetlik”dir. Mashg‘ulotlar chog‘ida tezlik bilan jarima maydoniga yorib kirish yoki birga-bir vaziyatlarda raqibni aldab o‘tish o‘rniga Erkinov sheriklariga pas berib o‘ynayapti (Vaholanki, buni u zo‘r uddalay oladi). Biroq buning qo‘rqinchli joyi yo‘q. Unga yetishmayotgan ko‘nikmalarni Aleksandr Genrixovich doimiy ravishda erinmasdan tushuntiryapti.
- Erkinovning transfer summasi qanchaga tushdi?
- Bu boradagi ma’lumotni izohlab o‘tirishni istamagan bo‘lardim.
- Shuningdek, “Navbahor” hujumchisi Zoran Marushichga ham qiziqish bildirgansizlar. Yoki uni taklif qilish fikridan qaytdinglarmi?
- Ha, biz ham qiziqdik. Zoran Marushich hali Belarusda o‘ynab yurgan kezlaridayoq unga qiziqish bilan qarab kelyapmiz. U rus tilida a’lo darajada so‘zlasha oladi va eng asosiysi, malakali futbolchi. Ammo biz faqat unigina kuzatish bilan cheklanib qolmayapmiz. Chunki O‘zbekistonda bizning short-varaqamizga ism-shariflari tushirilishga loyiq bo‘lgan qator o‘yinchilar bor.
- Bundan chiqdi, sizlarda yana boshqa o‘zbek o‘yinchilarining ro‘yxati bormi?
- Albatta.
- Yuqoridagi savolning davomi. O‘tgan oyda “Torpedo” klubi “Navbahor” bilan hamkorlik qilish bo‘yicha kelishuvga erishgandi. Bundan ko‘zlangan maqsad nima?
- Samvel Babayan bilan yaqindan tanish bo‘lganimiz uchun ham bu ishga o‘tish uchun bizda imkon tug‘ildi. Babayan – teran fikrlovchi murabbiydir. Uning O‘zbekiston futboli haqidagi fikrlari nafaqat muhim, balki qiziqarlidir. Lekin yaqin orada jamoalarimiz o‘rtasida muzokaralar olib borishning mavridi emas, deb hisoblayman. Nega deganda, “Navbahor”da chempionlik uchun kurashda juda yaxshi imkoniyat yuzaga kelgan. Shunday ekan, bu jamoaga xalaqit bermoqchi emasmiz. Faqat yordam berish kerak xolos. Chempionatning tanaffusdan keyingi qismini davom ettirish uchun “Navbahor”ga sparring-raqib bo‘lishga tayyormiz.
- Shuningdek, “Torpedo” Oston O‘runovga qiziqish bildirgani rostmi?
- Qiziqarli narsa haqida gapirishdan ma’no yo‘q. “Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Buyrak salomatligi uchun eng foydali sabzavot...
Organizm o‘zini toksinlardan qanday tozalaydi?
NATO bosh kotibi Ukrainaning frontdagi ahvoli yomonlashganini tan oldi
KXDR yetakchisi dronlarni ommaviy ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishni buyurdi
AQSH harbiylari orasida o‘z joniga qasd qilish ko‘paydi
AQSH Isroilning ikki vaziriga sanksiya qo‘llamoqchi
Rossiya armiyasi Kupyanskka kirgani aytilmoqda
Turkiyaning Harper's Bazaar nashri yil ayolini aniqladi (foto)