15:25 / 27.07.2022
1 392

"Ozgina "kaltak" yedik, boshqa takliflar "Qizilqum"ni tark etishimga arzimasdi" - Islom To‘xtaxo‘jayev

"Ozgina "kaltak" yedik, boshqa takliflar "Qizilqum"ni tark etishimga arzimasdi" - Islom To‘xtaxo‘jayev
Islom To‘xtaxo‘jayevning “Al-Garafa” klubi bilan shartnoma imzolagani to‘g‘risida xabar bergandik. Qatarliklar ushbu transferni tasdiqladi. Islom esa yangi jamoasiga o‘tganidan keyin o‘zining dastlabki fikrlarini bildirdi.

- Islom avvalo, yana legionerga aylanganingiz bilan muborakbod etaman. Qanday qilib “Al-Garafa”ning qiziqishini uyg‘ota oldingiz?
- Rahmat. “Al-Garafa” jamoasiga tajribali o‘yinchi kerak bo‘lgan ekan. Ko‘plab futbolchilar orasida meni ma’qul ko‘rishib, taklif bilan chiqishdi. Muzokaralar 10 kuncha davom etib, oxiri kelishuvga erishdik.

- Rosti, 33 yoshingizda Qatar Yulduzlar ligasidek kuchli chempionatga ketishingizni kutmagandik. U yerda tezkor o‘yinchilar bor, qiynalib qolmaysizmi?
- O‘zimni hali ancha yosh his qilyapman. Doim o‘ynab yurgan futbolni o‘ynashda davom etaman. Xudo xohlasa, hammasi yaxshi bo‘ladi.

- Bosh murabbiy italiyalik Andrea Stramachchonini bilamiz. U bilan ilk suhbatingiz qanday o‘tdi va sizga nimalar dedi?
- Birinchi suhbatdayoq bildimki, ajoyib inson ekan. Bilsangiz, “Inter” muxlisiman. U “Inter”da bosh murabbiy bo‘lib ishlaganida muxlislik qilganman. Shuning uchun u bilan ishlash men uchun juda qiziq.

- Stramachchoni bilan suhbatda "Inter"ga muxlislik qilganingiz haqida aytdingizmi?
- Albatta aytdim. U ham juda yosh bo‘lganini eslab rasmlarini ko‘rsatdi. Murabbiylik qiyin kasb ekanini aytib, qarib qoldim deb hazil qilib qo‘ydi.

- Agar “Al-Garafa”dan taklif bo‘lmaganida “Qizilqum”da qolarmidingiz yoki baribir u yerdan ketmoqchi edingizmi?
- Albatta, “Qizilqum”da qolardim.

- Yangi klubda qaysi raqamni tanladingiz?
- Har doimgidek 20-raqamni.

- Bu taklifni qabul qilishingizda tabiiyki, yuqori maosh ham o‘z so‘zini aytmasdan qolmadi. Yoki bu taklifni qabul qilishingizda puldan ham muhim sabab bo‘ldimi?
- Birinchi navbatda jamoaning maqsadi, o‘ziga xos obro‘si rol o‘ynadi. Albatta, tan olaman, moliyaviy tomonlama ham xohlaymizmi-yo‘qmi, rol o‘ynaydi.

- Qatarda legionerlarimiz uchtaga yetdi. Sizdan tashqari, Sardor Rashidov bilan Baxtiyor Qosimov ham bor. Birdaniga o‘zbek futbolchilariga qiziqish ortganiga nima sabab deb o‘ylaysiz? Shuningdek, u yerdagi hamyurtlarimiz bilan aloqadamisiz, ko‘rishdingizmi?
- Qatarda bizning futbolchilarga doim qiziqish bor. Buning ortida terma jamoamizning va klublarimizning o‘rni bor. Yigitlar bilan albatta aloqada bo‘lamiz, Xudo xohlasa.

- Siz ilk bor bu klubdan qiziqish borligini kimdan eshitdingiz? Aslida legionerga aylanish rejangizda bormidi? Yo hammasi kutilmaganda sodir bo‘ldimi?
- Sanjar Shoahmedovning akasi Sarvar aka juda katta mehnat qildi. Unga alohida rahmat aytmoqchiman. Har xil davlatlardan takliflar bor edi. Lekin ular “Qizilqum”ni tark etishimga arzimasdi.

- Qiziq, Sarvar Shoahmedovni qanday aloqasi bor? Yoki u sizga agent sifatida ko‘maklashdimi?
- Hammasi Sarvar orqali bo‘ldi. Bu yerda ba’zi klublar bilan aloqa o‘rnatgan.

- Odatda, biror futbolchi yangi klubga o‘tsa, qandaydir o‘ziga yarasha an’analar bilan kutib olishadi yoki mashg‘ulotda nimadir qilishadi? Bu borada sizni qanday qarshi olishdi? Siz bilan nima ro‘y berdi?
- Klub xodimlari va futbolchilar juda ham iliq kutib olishdi. Hozirgi kunda modaga aylangan “koridor”da ozgina “kaltak” yedik, Braximi bilan birgalikda.

- Braximi bilan tanishuv qanday bo‘ldi?
- Yaxshi kutib oldi. Ajoyib insonligi bilinib turibdi.

- Klubni maqsadi qanday?
- Har doimgidek, yuqori o‘rinlar uchun kurashish. Shu o‘rinda “Qizilqum”dagilarga rahmat aytaman. Ularga omad tilayman. Sizlardan faqat duo qilib turishlaringizni istayman. Yurtimiz sha’nini munosib himoya qilishlik nasib qilsin.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » "Ozgina "kaltak" yedik, boshqa takliflar "Qizilqum"ni tark etishimga arzimasdi" - Islom To‘xtaxo‘jayev