Eldor Shomurodovning faoliyatida o‘zgarish bo‘lishi kutilmoqda. Bosh murabbiy Joze Mourino legionerimizni Isroil safariga olib ketmadi. Rim klubi bu yerda “Tottenxem” bilan o‘rtoqlik uchrashuvi o‘tkazadi.
Murabbiylar shtabining Eldor Shomurodov, Karles Peres va Jordan Veretuni safarga boradigan futbolchilar ro‘yxatiga kiritmagani klub ular bilan xayrlashishga tayyor ekanidan dalolat beradi.
Karles Peres va Jordan Veretuning ketishi haqida o‘tgan mavsumning yarmidan xabarlar chiqayotgan edi. Har ikki futbolchi bo‘yicha bir necha klublar taklif bilan chiqayotgani ham bor gap.
Eldor Shomurodovning vaziyati biroz boshqacha. Dastlab, o‘zbek futbolchisi ketishi mumkinligi haqida xabarlar tarqalganida Turkiya Superligasi vakili “Galatasaroy” hujumchimizga xaridor bo‘lgandi.
Turklarning maqsadi jiddiy bo‘lsa-da, Joze Mourino Eldorga yana bir mavsum imkon berishga qaror qilgani va futbolchimizning narxi rimliklar olganidan ikki baravarga arzonlab ketgani bu transferga to‘sqinlik qildi.
Beqarorligi bilan tanilgan Joze Mourino va uning boshchiligidagi murabbiylar shtabi Portugaliyadagi yig‘indan keyin Eldor Shomurodovdan qoniqmagani aytildi.
Mana endi Shomurodov “Roma”ni tark etishi tobora oydinlashib bormoqda. Hatto hamyurtimiz manfaatlarini himoya qilayotgan mutaxassislardan biri Qahhor Mo‘minov garchi hali Eldor “Roma” futbolchisi ekanligini ta’kidlagan bo‘lsa-da, o‘zgarish bo‘lishi mumkinligini ham inkor etmadi. Bu haqda bir necha nashrlar ma’lumot tarqatmoqda.
Italiya matbuoti, xususan, Corriere Granata nashrining yozishicha, Shomurodovni Turinning “Torino” jamoasi xaridor bo‘lyapti.
“Torino” yozda keyingi yillardagi eng zo‘r hujumchisi Andrea Belotti bilan xayrlashdi. Italiya terma jamoasi hujumchisi turinliklar safida yetti yil faoliyat yuritdi. Mohir to‘purar bu gal klub bilan shartnomasini uzaytirishni istamadi va o‘ziga boshqa jamoa topishni ma’qul ko‘rdi.
Faoliyati davomida 390 ta uchrashuvda qatnashib, 158 ta gol va 35 ta assist muallifi bo‘lgan Belotti bilan xayrlashgan “Torino” bosh murabbiyi Ivan Yurich klub rahbariyatidan jamoa tarkibini kuchaytirishni talab qilyapti. Turinliklar Belotti o‘rniga aynan Shomurodovga qiziqish bildirmoqda. Aslida ular Belottining shartnomasi tugashi bilan Eldorni nishonga olgan edi.
Qizig‘i shundaki, Shomurodovning xizmatidan voz kechishga qaror qilgan Joze Mourino hamyurtimiz o‘rniga Andrea Belottini olib kelmoqchi. Uning topshirig‘iga ko‘ra, rimliklar sport direktori Tyagu Pinto jamoasiz yurgan 28 yoshli to‘purarni Rimga kelishga ko‘ndirishga urinyapti.
“Torino” o‘tgan mavsumni o‘ninchi pog‘onada yakunladi. Jamoaning oldingi chizig‘ida hujumchi tanqisligi bor. O‘tgan mavsumda eng zo‘r to‘purar bo‘lgan Andrea Belotti ham atigi sakkizta gol urgan xolos. Yangi mavsum oldidan jamoada to‘rtta hujumchi – Simone Dzadza, Marko Pyatsa, Antonio Sanabriya, Petro Pelligri qoldi. Ularning hech biri ko‘p gol uradigan hujumchilar toifasiga kirmaydi. Shu bois, mutaxassislar “Torino”ga o‘tkir hujumchi kerak, degan fikr bildirmoqda.
Hali yozgi transferlar oynasi yakunlanishiga vaqt bor. “Torino” Shomurodov uchun so‘nggi variant emas. Shuning uchun ham Shomurodov transferi haqida hali ko‘p bor xabar va yangiliklar chiqishi kutilmoqda. “Zamin” yangiliklarini “Facebook”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Pashinyan Armanistonning Mustaqillik deklaratsiyani eng katta muammo va fojia deb atadi
Jo Bayden: “Ba’zan xotinim meni kosmosga jo‘natish bilan tahdid qiladi”
Yaxshi pishgan va mazali anor tanlashga yordam beradigan tavsiyalar
Har qanday katta yoshdagi kishi yetuk emas
Rossiyalik deputat: «Oliy ma’lumotlilarning kurerlik qilishi — vatanparvarlikka zid»
Kreml Ukraina bo‘yicha muzokarada shartlar qo‘yishga urinmoqda
Blinken Isroildan uchta muammoni hal etishni talab qildi
Apple dongdor ikki ayfonini rasman eskirgan deb e’lon qildi