22:16 / 01.08.2022
1 639

JCh-2026 va Osiyo Kubogi-2017 saralashi formati e'lon qilindi

JCh-2026 va Osiyo Kubogi-2017 saralashi formati e'lon qilindi
Osiyo futbol konfederatsiyasi (OFK) 2026 yilda oʻtkaziladigan jahon chempionati va 2027 yilda oʻtkaziladigan Osiyo Kubogi saralashi formatini oʻzgartirdi.

2026 yilda AQSh, Kanada va Meksikada oʻtkaziladigan jahon chempionatiga Osiyo mintaqasidan 8 ta yoʻllanma ajratilgan.

Birinchi saralash bosqichida FIFA reytingining eng quyi qismida borayotgan 22 ta milliy jamoa qur'a boʻyicha 11 ta juftlikka ajratiladi va uy/safar tizimida oʻzaro bellashadi. Gʻoliblar ikkinchi bosqichga yoʻl oladi.

Ikkinchi bosqichda 36 ta milliy jamoa ishtirok etadi (FIFA reytingidagi eng yaxshi 25 jamoa + birinchi saralash bosqichining 11 gʻolibi). Ular 4 ta ishtirokchidan iborat 9 ta guruhga boʻlinadi. Oʻyinlar ikki davrali tizimda oʻtkaziladi. Har bir guruhdan dastlabki ikki oʻrinni egallagan milliy jamoalar (jami 18 ta) uchinchi bosqichga yoʻl oladi.

Uchinchi bosqichda milliy jamoalar 6 ta ishtirokchidan iborat 3 ta guruhga boʻlinadi. Oʻyinlar ikki davrali tizimda oʻtkaziladi. Har bir guruhdan dastlabki ikki oʻrinni egallagan milliy jamoalar (jami 6 ta) JCh-2026 yoʻllanmasiga ega boʻladi.

Qolgan 2 ta yoʻllanma va qit'alararo pley-offdagi 1 ta yoʻllanma toʻrtinchi bosqichda oʻynaladi. Unda uchinchi bosqich guruhlarida uchinchi va toʻrtinchi oʻrinni egallagan jamoalar (jami 6 ta) 3 ta ishtirokchidan iborat 2 ta guruhga ajratiladi. Guruh gʻoliblari JCh-2026 yoʻllanmasiga ega boʻladi. Ikkinchi oʻrinni egallagan milliy jamoalar esa qit'alararo pley-off yoʻllanmasi uchun kurashadi.

2027 yilgi Osiyo Kubogida 24 ta jamoa ishtirok etadi. Hozircha mezbon mamlakat nomi ma'lum emas. Saralash oʻyinlari JCh-2026 saralashi bilan qoʻshilgan holda oʻtkaziladi.

JCh-2026 saralashining ikkinchi bosqichidagi 9 ta guruhda dastlabki ikki oʻrinni egallagan milliy jamoalar (jami 18 ta) Osiyo Kubogi-2027 yoʻlanmasiga ega boʻladi.

Qolgan 6 ta yoʻllanma quyidagi tizimda oʻynaladi:

Pley-off raundi. Unda JCh-2026 saralashining birinchi bosqichida magʻlub boʻlgan 11 ta milliy jamoadan eng yaxshisi OK-2027 saralashining uchinchi bosqichiga yoʻl oladi. Qolgan 10 tasi uy/safar tizimida oʻynab, 5 ta gʻolibni aniqlab berishadi.

Yakuniy bosqich. JCh-2026 saralashining birinchi bosqichida magʻlub boʻlgan eng yaxshi jamoa + ikkinchi bosqichda guruhda uchinchi va toʻrtinchi oʻrinlarni egallagan 18 jamoa + pley-offning eng yaxshi 5 jamoasi (jami 24 jamoa) 4 ta ishtirokchidan iborat 6 ta guruhga ajratiladi. Guruh gʻoliblari OK-2027 yoʻllanmasiga ega boʻladi.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport