00:47 / 03.08.2022
1 387

Ro‘ziqul Berdiyev: "Dastlabki 10 daqiqa biz uchun juda yomon kechdi. Shundan so‘ng o‘yin "Navbahor"ning rejasi bo‘yicha ketdi"

Ro‘ziqul Berdiyev: "Dastlabki 10 daqiqa biz uchun juda yomon kechdi. Shundan so‘ng o‘yin "Navbahor"ning rejasi bo‘yicha ketdi"
Superliganing 14-turidan o‘rin olgan "Nasaf" - "Navbahor" (0:1) uchrashuvidan so‘ng, mezbonlar bosh murabbiyi Ro‘ziqul Berdiyev matbuot anjumanida qatnashdi.

O‘yin haqida
- O‘yinni yomon boshladik. Dastlabki 10 daqiqa biz uchun juda yomon kechdi va gol o‘tkazib yubordik. Shundan so‘ng o‘yin "Navbahor"ning rejasi bo‘yicha ketdi. Ikkinchi bo‘limda ancha tashabbusga ega bo‘ldik. Tezlikda ham, hujumda ham faol bo‘ldik. Ammo golga tortadigan vaziyatlar bo‘lmadi. Bunga "Navbahor" jamoasining yaxshi himoyalangani sabab bo‘ldi.

- Legioner o‘yinchilarni nega o‘yin boshidan maydonga tushirmadingiz?
- Ular hali bizning jamoani to‘liq o‘rganganlari yo‘q. Legionerlar mashg‘ulotlarda kerakli yuklamalarni olmoqda. Bundan tashqari ular jismoniy tarafdan ham hali to‘liq tayyor emaslar. Shu sabab ham legionerlarni o‘yin boshida zaxirada qoldirdim.

- Yil boshida "Paxtakor"ga qarshi uchta markaziy himoyachi bilan o‘ynadingiz. Bugun esa to‘rtta himoyachi bilan o‘ynadingiz. Sizning nazdingizda hozirgi "Navbahor" mavsum avvalidagi "Paxtakor"dan kuchliroqmi? Nega tavakkal qilib ko‘rmadingiz?
- Yo‘q, biz ikki sxemada ham o‘ynaymiz. Avvalgi o‘yinlarda uchta himoyachi bilan o‘ynashimizga Sherzod Nasrullayevning jarohati sabab bo‘lgan. Biz vaziyatdan kelib chiqib uchta himoyachi bilan o‘ynaganmiz. Umuman jamoamizning asosiy taktik sxemasi 4-3-3 hisoblanadi. Shu sabab ham bugungi o‘yinga aynan shunday sxema tanlandi.

- Lekin o‘yinni saqlab qolish uchun uchrashuvning so‘nggi 20-25 daqiqasida tavakkal qildingiz. Balki, o‘yin avvalida shunday taktika tanlaganingizda "Navbahor" bu kabi keskin hujumlar tashkil qila olmagan bo‘larmidi?
- Yo‘q, menimcha. O‘yin oxirida tavakkal qildik. Lekin vaziyatlar yaratishda juda oqsadik. Buni o‘zingiz ham ko‘rdingiz. Ammo yigitlarga bu o‘yin uchun rahmat deb qolaman. Ular oxirigacha kurashishdi. Hech bo‘lmasa durang uchun kurashishdi. Lekin kamchiliklar bo‘ldi. Buni bartaraf etish uchun birgalikda harakat qilamiz.

- Oxirgi marta "Nasaf" o‘yinchilarining texnik xatolarga bunchalik ko‘p yo‘l qo‘yganlarini to‘g‘risi eslolmadim. Bu nima bilan bog‘liq? O‘yin davomida "Nasaf" futbolchilari juda ko‘p texnik xatoliklarga yo‘l qo‘yishdi...
- Bu albatta hayajon bilan bog‘liq. Aynan hayajon sabab yigitlarning o‘yinga bo‘lgan tayyorgarliklari oshib ketgandir. Shuning uchun o‘yinni juda asabiy boshladik. Ba’zi o‘yinchilarda bu narsa o‘yinning oxirigacha davom etdi.

- "Navbahor" ushbu mavsum oliy maqsadni o‘z oldiga qo‘ygan. Nima deb o‘ylaysiz "Navbahor" ushbu mavsum OCHL yo‘llanmasini qo‘lga kirita oladimi?
- OCHL yo‘llanmasini qo‘lga kiritish uchun chempionat, kubok o‘yinlari bor. Bir narsani aniq ayta olamanki, ushbu mavsum chempionlik uchun ham, OCHL yo‘llanmalari uchun ham oxirgacha kurash bo‘ladi. Sababi, bu yil bir necha jamoalarning saviyasi bir xil darajada. "Navbahor" ham bu ro‘yxatda bor, albatta. Ammo aynan bir jamoani alohida ko‘rsatmayman. Bu yil ko‘pchilik o‘rtasida kurash kechadi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Ro‘ziqul Berdiyev: "Dastlabki 10 daqiqa biz uchun juda yomon kechdi. Shundan so‘ng o‘yin "Navbahor"ning rejasi bo‘yicha ketdi"