Kechagina Samarqandning "Dinamo" klubi Vadim Abramovni klub bosh murabbiyligiga tayinlanganini e’lon qildi. Xo‘sh, Karlenovich cho‘kayotgan kemani qirg‘oqqa qadar olib borishga qodirmi? Uning imkoniyatlari qay darajada? Bugun shu haqida qisqacha fikr almashamiz.
Shohmalik Komilov, Jo‘rabek Mannonov, Elguja Grigalashvili, Shoxruh Mahmudhojiyev, Erkin Boydullayev, Marat Bikmayev... Bu ro‘yxatdagi futbolchilar bilan "Dinamo" qanday qilib turnir jadvalining so‘nggi pog‘onasini hech kimga bermay kelayotgani shaxsan menga ajablanarli. Bir qarashda, anchagina kurashuvchan va jangovar jamoa tuzilgan. Afsuski, natija kutilganidek bo‘lgani yo‘q. Predrag Rogan varianti o‘zini oqlashi uchun rahbariyat yetarlicha sabr qilmadi. Keyin, Shipilov keldi. "Nasaf" bilan o‘yindagi mag‘lubiyat murabbiyning paymonini to‘ldirdi.
Ochig‘i, samarqandliklarning elitada jon saqlab qolishidan umidimni uzib bo‘lgan edim, ammo Vadim Abramovning qaytishi haqidagi xabar kurash hali tugamaganini anglatgandek bo‘ldi. Xo‘sh nima uchun? Birinchi navbatda, "Dinamo"ning tarkibini vaj qilib ko‘rsatishim mumkin. Avvaliga serbiyalik mutaxassis o‘z o‘yinini qurishga ulgurmagan bo‘lsa, Shipilov hujumkor yigitlarni ikkinchi raqamli bo‘lib to‘p tepishga o‘rgata olmadi. Vadim Karlenovich hozirgi tarkib uchun ideal murabbiy. U ochiq va hujumkor futbol tarafdori. Boshqachasiga o‘ynay ham olmaydi.
To‘g‘ri, terma jamoadagi omadsizlik biroz dilni xira qilgani rost, ammo undan avvalgi "Bunyodkor" bilan erishilgan natijalar-chi? Moliyaviy ahvoli juda og‘ir bo‘lgan jamoada akademiya bolalari bilan mardonavor kurashgan, natija qayd eta olgan mutaxassisni erta safdan chiqarmaslik lozim. Hozirgi futbolchilar bilan Abramov qisqa muddatda til topishib ketadi (bu borada u professional). Bir-ikki tur o‘tgach, "Dinamo"ning o‘yini kardinal o‘zgarishi mumkin. 4-3-3ning kengroq versiyasidan foydalanish uchun unda ijrochilar borasida muammo yo‘q. Qo‘shimchasiga, hech kim chempionatning so‘nggi pog‘onasida borayotgan klub murabbiyiga bosim qila olmaydi. Yarim yillik shartnoma imzolanganini o‘zi so‘zimizga isbot bo‘ladi. Karlenovich shunchaki omadini bir sinab ko‘rishi, sog‘inib qolgan futboldan lazzat olishi mumkin. Uning faoliyatiga nazar solar ekanmiz, bosimsiz ishlaganda doim yaxshiroq natija qayd etganini ko‘rish mumkin.
Abramovni jamoa postiga tayinlaganining yana bir kattagina plyusi bor. Bu uning kuchli psixolog ekanligi. Hozir "Dinamo"ni "perezagruzka" qilishning o‘zi kifoya. Yuqorida aytilganidek, tarkib chakki emas, moliyaviy ahvol normal holatda. Ich-ichidan omadsiz mavsum o‘tkazayotganini his qilayotgan futbolchilarni ruhlantirish orqali kichik mo‘’jiza yaratish mumkin. Xulosa o‘rnida, Samarqand klubi rahbariyatining topqirligiga tasanno. Endi, mavsum so‘ngiga qadar vaziyatni jim kuzatib turish kerak. Vadim Abramov ham bu urinish orqali o‘zbek futboliga chiroyli kambek qilishi mumkinligini his qilib turibdi. O‘ylashimcha, Karlenovichda vazifani uddalash uchun imkoniyat bor. Har holda, bu O‘zbekiston terma jamoasini jahon chempionatiga olib chiqishdan bir necha barobar osonroqdek ko‘rinmoqda.
Yahyoxo‘ja Ulug‘xo‘jayev
“Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
AQSH harbiylari orasida o‘z joniga qasd qilish ko‘paydi
Har qanday katta yoshdagi kishi yetuk emas
AQSH Isroilning ikki vaziriga sanksiya qo‘llamoqchi
Donald Tramp 27 yoshli Karolin Levittni Oq uy matbuot kotibi etib tayinlamoqchi
Apple dongdor ikki ayfonini rasman eskirgan deb e’lon qildi
Organizm o‘zini toksinlardan qanday tozalaydi?
Yaxshi pishgan va mazali anor tanlashga yordam beradigan tavsiyalar
Buyrak salomatligi uchun eng foydali sabzavot...