
"Nasaf" 0:0 "Lokomotiv" uchrashuvidan keyin mezbonlar ustozi hakamlikni tanqid qilib, VAR tizimi ishlamaganini aytdi. Bu ijtimoiy tarmoqlarda katta rezonansga sabab bo‘lib, ommada referining "ajdarlar"ni "o‘ldirgani" to‘g‘risida taassurot paydo qilganini bilasiz.
Aslida nimalar sodir bo‘lganini bilish uchun voqeaning ichida bo‘lgan hakamlardan ma’lumot olishga harakat qilib ko‘rdik.
VAR ishlagan
Championat.asia'ga ma’lum bo‘lishicha, vaziyat Ro‘ziqul Berdiyev aytganidek emas. VAR tizimi ishlagan, shunchaki, kadrlarni stadionga o‘rnatilgan monitorga uzatish bilan bog‘liq texnik muammo paydo bo‘lgan. Ammo bahsli vaziyat sodir bo‘lgan vaqtda bosh hakam epizodni maxsus planshet orqali ko‘rishi mumkin edi.
"Nasaf" tomoni e’tiroz bildirayotgan vaziyatda VARda ishlagan Rustam Lutfullin ehtimoliy penaltini tekshirib, 11 metrli nuqtani ko‘rsatish uchun asos yo‘q deb topdi. Ahrol Risqullayev shundan keyingina yakuniy hushtakni chalib, o‘yinga nuqta qo‘ydi.
Ayrim hamkasblarimiz VAR ishlagan bo‘lsa, nega bosh hakam epizodni shaxsan o‘zi tekshirmaganiga tushunmayapti. Unutmang, maydonda ishlayotgan referi qaysidir tomon e’tiroz qilgani uchun vaziyat takrorini ko‘rishga majbur emas. U VAR xonasida o‘tirgan hamkasbi chaqirgan taqdirdagina bunday ishga qo‘l uradi. Kecha Lutfullin penalti uchun asos topmadi. Shu xolos.
Janjal
Uchrashuv yakunlanganidan keyin mezbonlar ustozi maydonga yugurib chiqdi. Efirda tomoshabinlarga Ro‘ziqul Berdiyev qizil kartochka bilan jazolangani ko‘rsatilmadi.
Biroz avval murabbiy va bosh hakam o‘rtasida ro‘y bergan suhbatni tingladim. Sa’dullayevich Ahrolni kurakda turmaydigan so‘zlar bilan haqorat qilish barobarida uning qorin qismiga zarba bergan. Shundan keyin referi Berdiyevga qizil kartochka ko‘rsatdi.
Bu bo‘yicha O‘zFHMdan izoh so‘radik. Haqiqatan ham o‘yin yakunlangach, hakamlarga nisbatan tajovuzkor harakat bo‘lgani tasdiqlandi. Bu o‘yindan keyingi raportga ham kiritilgan. Markazdagilarning aytishicha, Ro‘ziqul Berdiyevning ushbu harakati tartib intizom qo‘mitasiga oshiriladi.
Tuhmat?
Uchrashuv oxirigacha VAR tizimi ishlagan (hakamlar o‘rtasidagi kommunikatsiyani o‘zim eshitdim). Bundan tashqari, mezbonlar norozi bo‘lgan epizodda penalti ehtimoli tekshirilgan. Demak, e’tirozga hojat yo‘q. Ammo Ro‘ziqul aka matbuot anjumanida "portladi". Shundan keyin haqli ravishda savol tug‘ildi: "Nasaf" ustozi hammani aldab, FIFA referisiga tuhmat qildimi?
Muallif: Faxriddin Ro'ziyev
JanjalVAR TizimiRo‘ziqul BerdiyevHakamlar TanqidiPenaltini TekshirishO‘yinda Tuhmat O'zbekiston yangiliklari Yangiliklar
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing! Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar