Tunda ko‘pchilikni tipirchilatib qo‘ygan maqola chop etildi. Ushbu maqola o‘zbek futbolidagi ko‘plab shaxslar, klublar va sportni yorituvchi OAVlarning pochtasiga yuborilgan xabar asosida yozilgan.
"O‘zini 188bet bukmeykerlik kompaniyasi inspektori deb tanishtirgan shaxs "Lokomotiv" klubi futbolchilarining kelishilgan o‘yinlarda qatnashganini iddao qilgan. Ushbu xatda "Lokomotiv" futbolchisi Kaxi Maxaradzening kelishilgan o‘yinlarda qatnashgani borasidagi dalillar qo‘shimcha qilingan", - degan jumla bilan boshlangan maqolaning asosiy qismi.
Ochig‘i, bu mavzu ko‘tarilgach ko‘zdan uyqu qochdi. Har qancha urinmay, uxlab qololmadim. Boshimda qator savollar va fikrlar aylanmoqda...
Unga ko‘ra, "Lokomotiv" sardori Kaxi Maxaradze va qator futbolchilar o‘z jamoalari ishtirokidagi o‘yinga pul tikishgan go‘yo. Yuqoridagi maqolada qator faktlar ham keltirilgan, ushbu rasm (skrinshot)larni ham o‘sha xatni hammaga jo‘natgan kimdir yuborgan.
Qandaydir gruppada Kaxi (Kakhi-) dan boshqa yozganlar kimlar? Bular: "TONI" va "E K". "E K" - bu katta ehtimol bilan ism va familiyasi aynan shu harflardan boshlanuvchi kimdir. Yozganlariga qaraganda, "E K" ingliz tilini juda yaxshi bilmaydi yoki toza inglizchada emas, boshqa qaysidir mamlakatda ishlatiladigan ingliz tilini biladi. Masalan, hindlarning inglizchasi umuman boshqacha bo‘lgani kabi. Yoki u shunchaki gugl transleyt (google translate)dan foydalanadi.
"TONI" - esa balki serb bo‘lishi mumkin degan taxminim bor. Sababi, "TONI" serbchaga o‘xshash tilda yozgan. Uning yozganlarini serbchadan qidirib ko‘rdim. Aynan o‘sha so‘zlar yo‘q, lekin Toni yozgan "da es debda" so‘ziga o‘xshash boshqa so‘z chiqib keldi. Bu - "da es dabogda". Tarjimasi: Ha, albatta. Gaplarni "gramotniy" yozadigan futbolchi, murabbiy yoki futbol ichida ishlovchi odamlar juda kam. Harflarni tushirib yozadiganlari juda ko‘p va balki bu yerda janob "TONI" aynan "da es dabogda" deb yozmoqchi bo‘lgandir. Balki...
"E K"ning gapini maqoladan keltiraman: "Do‘stim, ular sakkiz daqiqadan so‘ng ishlashni boshlashdi. Hozir barcha o‘yinchilar jazavaga tushishgan va sardor Kaxidan pul so‘rashmoqda. Shu bilan birga ular butun mavsum ishlashmoqchi. Sababi, klubda pul bor".
Bu Superliga 12-turidan o‘rin olgan va 17 iyun kuni bo‘lib o‘tgan "So‘g‘diyona"ga qarshi o‘yin haqida. O‘sha uchrashuvning 53-daqiqasida, ya’ni 2-bo‘limning sakkizinchi daqiqasida Maxaradze Shohruz Norxonovning oyog‘iga tepgan va ketidan bosib olgan. Va Kaxi bularni hammasini VAR bor o‘yinda qilgan. VAR borligini bila turib ochiqchasiga qizilga o‘ynagan. Shu joyida bor yo‘g‘i 2 kun oldingi o‘yinda sodir bo‘lgan epizod xayolga keldi.
O‘zbekiston kubogi 1/4 finali doirasida "Lokomotiv" jamoasi Qarshida "Nasaf"ga 0:1 hisobida imkoniyatni boy berdi. Ana shu bellashuvning 43-daqiqasida Manuchehr Safarov va Akmal Mozgovoy o‘rtasida kichik kelishmovchilik yuzaga keladi. Har ikki jamoa futbolchilari bir-birlariga nisbatan keskin o‘ynashadi va orada biroz tortishuv boshlangandek bo‘ladi. Ammo, bir qarashda hammasi yana sokinlashayotgandek ko‘ringan bir pallada Maxaradze katta tezlikda vajohat bilan yugurib kelib vaziyatni keskinlashtirib yuborgan. Ya’ni, bu yerda ham u qizil kartochka tomon "yurish" qilgandek go‘yo.
Yuqoridagi "E K"ning gapida "Shu bilan birga ular butun mavsum ishlashmoqchi" degan jumla bor. Bu esa pul tikayotganlar bir kishi emasligini anglatadi. Maqolada ham 5 nafardan deyilgan joyi bor.
Hozir Kaxi Maxaradze va yana qaysidir kimsalarni ochiqchasiga ayblamoqchi emasman. Sababi, aybsizlik prezumpsiyasi haqida xabaringiz bor. Aybsizlik prezumpsiyasi - aybdorning jinoyati qonuniy tartibda isbot qilinmaguncha, uni aybsiz deb faraz qilish. Ya’ni, kimnidir oldindan aybdor yoki jinoyatchi deb atash uchun qonuniy isbot kerak. Lekin, tarqalgan ma’lumotlar bilan ularni aybsiz deb ham tasavvur qila olmaymiz. Hammasini vaqt ko‘rsatadi.
Kaxi chindan ham shu ishlarni qilgan bo‘lsa, uning sheriklari kim? Va ular bu ishlarni kimlar orqali qilishgan? Nega birdaniga noma’lum bir odam shuncha ma’lumotni butun futbol ommasiga sizdirib yubordi? Deylik, oxirgi 2 mavsumda yana qaysi o‘yinlarda shunday "peshka surilgan"? Savollar juda ko‘payib ketdi. Ularga javob topilishini juda xohlayapman.
Menimcha, bu ma’lumotni hammaga sizdirgan noma’lum shaxs keltirilganidek 188bet bukmeykerlik kompaniyasi inspektori emas. Agar chindan shunday bo‘lganda ular bu ma’lumotlarni FIFA, OFK, O‘FA va balki sport radarga jo‘natgan bo‘lardi. Ya’ni, jismoniy shaxslar yoki OAVlar pochtasiga emas, rasmiy tashkilotlarga murojaat qilinardi. Balki, kimlarningdir o‘rtasida yuzaga kelgan nizo sabab kimdir kimdandir alamini shu yo‘l bilan olmoqchi bo‘ldimi? Bu ma’lumotlar keng dalaga sochib tashlanganida bir gap bor. O‘sha gap nima ekanligini bilishni juda xohlardim.
Balki, shu bahona futbolimizni biroz tozalab olarmiz. Va bu "tozalash" qolganlarga yaxshi dars bo‘larmidi. Balki, mana endi jiddiy "yurishlar" payti kelgandir...
Muallif: Tolibjon Qosimov
“Zamin” yangiliklarini “Twitter”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Shols va Putin o‘rtasidagi suhbat Kiyevga signal bo‘ldi
Ayrim boshqaruv servis kompaniyalari shartnomalarida asossiz shartlar belgilangani aniqlandi
KXDR yetakchisi dronlarni ommaviy ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishni buyurdi
20 yoshli o‘zbekistonlik qizni qarindoshi Turkiyaga sotib yubordi
Kreml Ukraina bo‘yicha muzokarada shartlar qo‘yishga urinmoqda
Turkiyaning Harper's Bazaar nashri yil ayolini aniqladi (foto)
Rossiya armiyasi Kupyanskka kirgani aytilmoqda
Bayden va Jinping Peruda uchrashdi: «Agar bir-birimizni raqib deb bilsak, munosabatlarni buzamiz»