Bugun Superliga 18-tur uchrashuvlariga start beriladi. Kun doirasida ikkita o‘yin o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan. Ushbu o‘yinlar oldidan biz muxlislarga hozirga qadar kimlar gol+pas sistemasida yetakchilik qilayotgani haqida ma’lumot berib o‘tamiz. Quyida kuchli beshlik bilan tanishing.
5. Xurshid G‘iyosov (AGMK) - 5 gol va 3 assist.
AGMK yetakchilaridan biri sanaladigan Xurshid G‘iyosov bu mavsum jamoasi uchun borini berib o‘ynamoqda. U hozirda o‘z klubi safida eng sermahsul harakat qilayotgan futbolchi hisoblanadi.
Ayni paytga qadar uning hisobida 5 ta gol va 3 ta assist mavjud. U bu natijaga 17 o‘yinda erishgan. G‘iyosovning maydonda o‘tkazgan vaqti 1 521 daqiqani tashkil etadi. O‘rtacha hisoblab chiqadigan bo‘lsak, Xurshid har 2 o‘yinda bitta samarali harakat amalga oshirmoqda. Olmaliqliklar ham o‘yinni asosan, u va Haqnazari atrofida qurmoqda. Sababi, bu futbolchilardagi maydonni ko‘ra bilish, aqlli uzatmalar berish kabi xislatlar har qanday jamoaga anchagina naf keltira oladi.
4. Temurxo‘ja Abduxoliqov ("Qizilqum") - 10 ta gol.
"Qizilqum"ning qiyin g‘alabalarida asosiy rolda aynan mana shu futbolchi bo‘lib kelmoqda. Shuningdek, Temurxo‘ja ayni paytda Superliga to‘purarlar ro‘yxatida ham peshqadamlik qilmoqda. Ammo uning golli uzatmalardagi passivligi bu jadvalda yanada teparoqda bo‘lishiga yo‘l qo‘ymadi.
Abduxoliqov bu natija qayd etish uchun 1472 daqiqa sarflagan. Raqamlarga qarasak, bu har 147 daqiqada bittadan gol degani. Hali bu natija yanada yaxshilanishi mumkinligini inobatga olsak, "Qizilqum" hujumchisining ko‘rsatkichi ajoyib. Ustiga-ustak, "oltin izlovchilar" ayni payt chempionatda eng ko‘p gol urib kelayotgan klublardan biri sanaladi.
3. Aleksandar Stanisavlevich ("Qizilqum") - 6 gol va 5 assist.
Navoiyliklarning yana bir vakili jadvaldan o‘rin egalladi. Serbiyalik legioner hozirga kelib Superliga assistentlari ichida eng yaxshisi bo‘lib turibdi. Uning hisobida 5 ta golli uzatma mavjud. "Qizilqum" ham AGMK ga o‘xshab, ikki yaxshi yarim himoyachi atrofida o‘yin quradi. Biri Stanisavlevich bo‘lsa, ikkinchisi Sanjar Shoahmedov. Aleksandar ro‘yxatdan joy olishga muvaffaq bo‘ldi. Ammo Sanjarga bu yerda joy topilmadi. Biroq biz ishonamizki, Shoahmedov o‘z o‘yinini yanada kuchaytirsa, bu jadvalda uni ham ko‘rishimiz mumkin bo‘ladi.
Statistikaga kelsak, Stanisavlevich 1314 daqiqa maydonda harakat qilgan. Uning o‘rtacha samaradorligi 119 daqiqani tashkil qilmoqda. Ajoyib ko‘rsatkich!
2. Shoxruz Norxonov ("So‘g‘diyona") - 8 gol va 3 assist.
"Bo‘rilar" yetakchisi Shoxruz Norxonov bu mavsum ham to‘purarlik uchun kurash olib bormoqda. Uning hisobida hozircha 8 gol mavjud. Shuningdek, hujumchi jamoasi bilan 3 ta "front"da kurash olib borayotganini ham ta’kidlab o‘tish kerak. O‘zbekiston va OFK kubogida ham Shoxruz o‘zini yo‘qotib qo‘ymayapti. Mavsum yakuniga qadar u kurashdan tushib qolmasa kerak. Barqarorlik Norxonovda yaxshi darajada ekandek taassurot qoldirmoqda.
Raqamlar futbolchining har 101 daqiqada samarali harakat amalga oshirayotganini ko‘rsatmoqda. "So‘g‘diyona" a’zosi shu vaqtga qadar maydonda 1113 daqiqa harakat qilgan va yuqoridagi natijani qayd etgan.
1. Dragan Cheran ("Paxtakor") - 9 gol va 3 assist.
Eng yuqori pog‘onada "Paxtakor" sardori va yetakchisi Dragan Cheran joy olgan. U bu mavsumda ham yuqori sermahsullikni saqlab qoldi va "sherlar" uchun muhim ochkolarni taqdim etishda davom etmoqda. To‘purarlar va assistentlar ro‘yxatida ham u birinchi pog‘onada bo‘lmasligi mumkin. Ammo serbiyalik hujumchi ikki tomonda ham yuqori o‘rinlarda ketmoqda. "Paxtakor" tobora o‘z darajasiga qaytib borayotganini hisobga olsak, katta ehtimol Cheran bu mavsum gol+pas tizimida eng yaxshi futbolchi bo‘lib qolsa kerak.
Statistikaga ko‘ra, "sherlar" a’zosi 1172 daqiqa maydonda javlon urgan. O‘rtacha samaradorlik 97 daqiqadan iborat. Qoyil!
Hali mavsum yakuniga yetgani yo‘q. Ko‘plab futbolchilar beshlikka kirish uchun navbatda turishibdi. Demak, bu ro‘yxat yakunda butunlay o‘zgarib ketishi ham hech gap emas. Ko‘ramiz va baho beramiz.
Shohrux Zoirov tayyorladi.
“Zamin” yangiliklarini “Youtube”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
20 yoshli o‘zbekistonlik qizni qarindoshi Turkiyaga sotib yubordi
Rossiyalik deputat: «Oliy ma’lumotlilarning kurerlik qilishi — vatanparvarlikka zid»
Shols va Putin o‘rtasidagi suhbat Kiyevga signal bo‘ldi
Yaxshi pishgan va mazali anor tanlashga yordam beradigan tavsiyalar
Apple dongdor ikki ayfonini rasman eskirgan deb e’lon qildi
Pashinyan Armanistonning Mustaqillik deklaratsiyani eng katta muammo va fojia deb atadi
Jo Bayden: “Ba’zan xotinim meni kosmosga jo‘natish bilan tahdid qiladi”
Ayrim boshqaruv servis kompaniyalari shartnomalarida asossiz shartlar belgilangani aniqlandi