11:43 / 09.09.2022
954

«Kichik qishloqning katta odami». Potter «Chelsi»da muvaffaqiyat qozona oladimi?

«Kichik qishloqning katta odami». Potter «Chelsi»da muvaffaqiyat qozona oladimi?
Foto: Getty Images
Potter so‘nggi yillarda APLdagi eng yaxshi murabbiylardan biri, shunchaki, o‘rtamiyonalarni sudrab yurishi bilan emas, o‘sha cheklangan imkoniyatda ham top-klublarga yaqin o‘yin qura olishi diqqatga sazovor. «Brayton» faqat ma’lum bir aspektlarda emas, barcha jihatlarda (pozitsion o‘yin, bild-ap, standartlar, qarshi hujum, to‘p nazorati, himoya) o‘sishga erishmoqda va kichik klublar uchun katta natija.

Grem Potter allaqachon top-klublar e’tiboriga tushgan - «Tottenhem» va «MYU»da jiddiy qiziqishlar bo‘lgandi, hatto Angliya milliy jamoasida Sautgeytga munosib voris bo‘lishi aytilayotgandi. Lekin... Bu xislatlar ham «Chelsi»da muvaffaqiyat uchun yetarli bo‘lmasligi mumkin.

Birinchidan. «Brayton»da o‘z askarlarini xotirjam jamoaga aylantirish boshqa, Londonda yulduzlar bilan til topishish umuman boshqa. Agar pichoqqa ilinadigan sovrinlar, yorqin futbolchilik faoliyati yoki aynan o‘sha klub bilan bog‘liqlik bo‘lmasa, bu ishda hech bo‘lmasa, yetarli vaqtga ega bo‘lish uchun ham ulkan bilim, salohiyat va ko‘nikmalar talab qilinadi. Potter boshidan rahbariyat ishonchini va futbolchilar xurmatini qozonish uchun darhol nimadir ijobiy tomonga o‘zgarishi kerak.

Balkim, qachondir, biror top-klubda, Potter uslubiga yaqin bo‘lgan murabbiy bo‘shasa-yu, tayyor qurilgan tizimni davom ettirish uchun u ideal nomzod bo‘lardi, lekin sochilib yotgan jamoani qayta bir butunga aylantirish oson emas. Tabiiyki, Potter uchun yangicha sinov.

Umuman Angliyada qo‘yi jamoalarda muvaffaqiyat qozonib, top-klublardayam o‘sha darajada ishlab ketish holatlari juda kam. Darhol, David Moyes yodga keladi.

Rojers va Pochettinoning ishlarini yaxshi baholash mumkin, ammo masalan, Rojersniki bir yildan uzoqqa cho‘zilmagan, Pochettino esa yulduzli jamoaga kelmagandi. Keyn, Son kabi futbolchilar aynan Pochettino davrida yulduzga aylanishdi, shuning uchun argentinalik mutaxassisga ular bilan ishlash oson bo‘lgan.

Ikkinchidan. Biz «Brayton», «Sauthempton» yoki «Vulvz»dagi murabbiy ishlariga doim emas, ma’lum pallalarda, jamoalar yuqori sport formasida bo‘lganda yoki top klublarga qarshi munosib o‘ynaganda diqqat qilamiz. Masalan, «Brayton» o‘tgan yili ham 8-turdan keyin 4-o‘rinda turgandi. Keyin, ma’lum muddat 15-o‘ringa tushib ketgan paytlar bo‘ldi. O‘nglanib, 10likka qaytdi va hokazo.

Aytmoqchimanki, kichik klublardagi jarayonlar, pasayishlar bosimdan holi kechadi, 15-o‘ringa mos tarkibga ega jamoani 12-o‘ringa olib chiqdingizmi, 8-o‘ringami, uncha farq qilmaydi. Har qanday 5 o‘yindan, shartli 2tasini yutish yetarli bo‘ladi.

«Chelsi»da unday emas. O‘sha 5 o‘yinning hammasini yutish talab qilinadi, yutuqlar emas, mag‘lubiyatlar tahlil qilinadi, hatto jarohatlar kabi ob’ektiv sabablar ham inobatga olinmaydi.

Uchinchidan. Boshqaruvda ham oson emas. Muvaffaqiyatsizlikka uchrab yurgan shartli Uelbekni sotib olasiz, o‘xshasa – yutuq, o‘xshamasa – o‘zi Uelbek boshqa jamoalardayam o‘ynolmayotgandi, ayb futbolchida. Bu «Brayton»da.

«Chelsi»da esa pul bor, lekin kafolat ham kerak. Siz Uelbekka qaramaysiz, sizga 60 million berib, aniq o‘ynab ketadigan nomzodni so‘rashadi. Javobgar bo‘lasiz.

Buning ustiga «Chelsi» rahbarlari nafaqat murabbiylik, menejerlikni ham talab qilishlari, murabbiydan qaror qabul qilish jarayonlarida faollikni talab qilishlari oydinlashdi. Masalan, Kunde masalasida «Barselona» bilan raqobat paytida Xavi futbolchi bilan doimiy aloqada bo‘lgan, qo‘ng‘iroq qilib, ko‘ndirgan. Tuxel esa bunday qilmagan, Kundeni sotib olish talabini qo‘yish bilangina cheklangan. Aytishlaricha, Bouliga mana shu holat ham yoqmagan ekan.

To‘rtinchidan. Potter mavsum o‘rtasida kelyapti. Ya’ni, transfer oynasi ham o‘tib ketdi, boshqa murabbiy yiqqan tarkib unga berildi. Katta ehtimol, qishda ko‘p pul bo‘lmaydi, hatto kelasi yozda ham. Chunki bu yil ko‘p pul sarflab yuborildi. Qo‘l ostidagi futbolchilar bilan natijani yaxshilash kerak.

Ten Hag Manchesterga shunga o‘xshash holatda kelgan, to‘g‘ri, lekin muhim farqlar bor.

1) Unda APL tajribasi bo‘lmasa-da, «Ayaks» o‘z ligasida barcha sovrinlar uchun kurashuvchi kuch. Ya’ni, 5 o‘yinda 5 g‘alaba rejimi niderlandiyalik murabbiy uchun begona emas.

2) Manchester klubi rahbariyati uzoq vaqt o‘zini Ten Hag uchun tayyorlagan, moslashtirgan, transferlar amalga oshirdi. Potter varianti «Chelsi» xo‘jayinlari uchun bir kunda sodir bo‘ldi.

3) Ten Hag ancha pasayib ketgan klubga keldi. Tuxel esa oz ishlagan bo‘lsa-da, YECHLni yutdi, kuboklarda finallarga chiqdi – o‘sha daraja bilan solishtiriladi, matbuotda, muxlislarda.

Xullas, sinalgan top murabbiylar uchun og‘irlik qiladigan vazifani Grem Potter qabul qilib oldi. Balkim, bunday imkoniyat unda boshqa bo‘lmasligini his qilgani uchun shoshilgandir. Mana shu qat’iyati uchun ham unga omad tilasak arziydi.

Qahramon Aslanov

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » «Kichik qishloqning katta odami». Potter «Chelsi»da muvaffaqiyat qozona oladimi?