
O‘zbekiston Superligasi 18-turidan o‘rin olgan "So‘g‘diyona" - "Navbahor" uchrashuvidan so‘ng tashkil etilgan matbuot anjumanida jizzaxliklar bosh murabbiyi Ulug‘bek Baqoyev quyidagi fikrlarni bildirib o‘tdi:
- "Namanganliklar biroz ustunlik namoyish etganini hamma ko‘rdi. Chunki bizning taqvim juda zich, 24 kun ichida 8-o‘yinda maydonga tushdik. Inson organizmi bunga dosh berishi mushkul. Shuning uchun ham bu bellashuvga aniq reja ishlab chiqqandik. Raqib bugungi o‘yinga ko‘proq tayyorlandi va menimcha, ular ko‘prog‘iga loyiq edi.
1 ochko qo‘lga kiritganimizni yutuq deb hisoblasak bo‘ladi. Shu sababli shogirdlarimni tabriklab o‘tmoqchiman. Endi oldimizda turgan uchrashuvlar haqida o‘ylashni boshlashimiz lozim", - dedi Ulug‘bek Baqoyev.
- Bu bahs "So‘g‘diyona" Superligadan ko‘ra ko‘proq OFK va O‘zbekiston Kubogiga e’tibor qaratmoqchiligini isbotlagandek ko‘rindi. Buning sabab tarkibmi?
- Yo‘q, bilasizmi, biz uchun har bir o‘yin muhim. Bir necha futbolchi jarohat olgani va yoshlarimiz terma jamoalardan chaqiruv olganini inobatga olsak, rotatsiya ham to‘liq kechmayapti. Bugungi o‘yin rejasida 3 ta hujumkor futbolchi bilan harakat qilish bor edi. Shunchaki ularni ikkinchi taymda maydonga tashladim va ular bahs tempini oshira oldi. Kimga qarshi maydonga tushishimizdan qat’i nazar, kuchimizni teng taqsimlashga harakat qilamiz.
- Sizning boshqaruvingizdagi "So‘g‘diyona" zerikarli futbol namoyish etadi deb hisoblaysizmi?
- Barchaning futbolga o‘z qarashi bor. Murabbiy va jamoa rahbarlariga nima muhim? Albatta, natija! Chiroyli o‘ynab 15-o‘rinda yursangiz, bu kimga yoqadi? Biz natija va muxlislar uchun o‘ynaymiz. Bu bizning uslub, bizning falsafamiz.
- Bugun jamoangiz ko‘proq durang uchun harakat qildi. Bu fikrga qo‘shilasizmi?
- Ta’kidlaganimdek, "Navbahor" kuchliroq o‘ynadi. Ammo biz ham harakat qildik. Xolisona fikr yuritsak, ular g‘alabaga haqliroq edi.
- Nima uchun durangga o‘ynadi? Bugungi g‘alaba "So‘g‘diyona"ning chempionlik poygasidagi imkoniyatlarini oshirishi aniq edi. Yoki jamoangizning kuchi g‘alaba qozonishga yetmasdi deb hisobladingizmi?
- 24 kun ichida 8-o‘yinda maydonga tushganimiz haqida aytib o‘tdim. Inson tanasi temir emas. U 15-20-30 daqiqa harakat qilishi mumkin. Ammo butun bellashuv davomida bir xil temp namoyish eta olmaydi. Shuning uchun ham biz rokirovkaga qo‘l urdik. Albatta, gol urishga harakat qildik, biroq bunday bo‘lmadi.
- O‘zbekiston Kubogi yarim finalidan o‘rin olgan "Navbahor"ga qarshi bo‘lajak bahs haqida fikringiz qanday?
- Turnir jadvalida yonma-yon borayotgan jamoalar o‘rtasidagi uchrashuv qiziq kechishi aniq. Namanganda futbol atmosferasi muxlislar bilan juda ajoyib bo‘ladi. Menimcha, bizni qiziqarli o‘yin kutib turibdi.
- Jamoangizning 3 ta frontda kurash olib borayotgani qiyinchilik tug‘dirmaydimi?
- Juda qiyin! Tiklanish jarayoni ancha og‘ir kechyapti. Shogirdlarimning barchasiga hurmat izhor etaman va minnatdorchilik bildirmoqchiman.
O‘zbekiston SuperligasiUlug‘bek BaqoyevSo‘g‘diyona NavbahorJizzaxliklarFutbol UchrashuviOFK O‘zbekiston Kubogi O'zbekiston yangiliklari Yangiliklar
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing! Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar