1 802
«Agar ular yalang‘och o‘ynashimni talab qilsa, bunga tayyorman». Shaxmatdagi shov-shuvli mojaroning yangi tafsilotlari
Foto: Getty images
Amerikalik shaxmatchi haqiqatan ham g‘irromlik bilan shug‘ullangan – lekin bu ancha vaqt oldin va onlayn o‘yinlarda edi
Shaxmat bo‘yicha jahon chempioni Magnus Karlsen Sinquefield Cup turnirida amerikalik Hans Nimannga yutqazib qo‘ydi va shu zahoti o‘z xohishi bilan musobaqani tark etdi. Bu uning faoliyatida birinchi marta yuz berdi. Magnus o‘z qarorini tushuntirib o‘tirmadi, oqibatda Nimann qandaydir yo‘l bilan g‘irromlik qilgan bo‘lishi mumkinligi, tashkilotchilar esa buning oldini olmagani haqidagi taxminlar paydo bo‘ldi.
19 yoshli Hans «chiterlik» yo‘li bilan g‘alaba qozongan bo‘lishi mumkinligi haqida boshqa bir amerikalik grossmeyster Hikaru Nakamura aytdi. «Chiterlik» (ing. «cheat» - firib qilmoq, aldamoq) – kompyuter olamiga mansub termin bo‘lib, o‘yinlarda tashabbusga ega bo‘lish uchun g‘irromlik bilan o‘zgacha dasturiy ta’minot yoki apparatdan foydalanishni anglatadi.
Tashkilotchilar zudlik bilan halol o‘yinni ta’minlash choralarini kuchaytirdi – tashqaridan yordam bo‘lmasligi uchun videotranslyatsiyani efirga kechiktirilgan holda uzatishni boshlashdi, shuningdek, shaxmatchilarni skaner bilan tekshirishdi.
Nimanning o‘yini tahlil qilish uchun yetakchi «shaxmat detektivi» Kennet Riganga berildi – u amerikalikning yurishlarida shubhali narsani topmadi. Bir vaqtning o‘zida Hans ilgari g‘irromlik qilganini tan oldi – lekin jonli o‘yinlarda emas, balki faqat onlaynda.
«12 yoshimda Titled Tuesday (shaxmat bo‘yicha onlayn turnirda) qatnashganman. Do‘stim yurish qilishga yordam beradigan dasturli iPad bilan kelib qoldi. O‘shanda men yosh bola edim va nima qilayotganimni tushunmasdim.
To‘rt yil o‘tib, 16 yoshimda ham bema’ni xatoga yo‘l qo‘ydim. Men shunchaki reytingimni yaxshilamoqchi va yuqori saviyadagi shaxmatchilar bilan o‘ynamoqchi edim. Shu sababli Chess.com saytidagi ba’zi o‘yinlarda g‘irromlik qildim. Meni ayblashdi, tan oldim. Bu hayotimdagi eng katta xato. Men bundan uyalaman, lekin bu haqda barchaga ochiq aytyapman, chunki faktlar buzib talqin qilinishi, mish-mishlarni xohlamayman. Men hech qachon haqiqiy o‘yinda g‘irromlik qilmaganman», dedi Nimann.
Eng mashhur shaxmat portali Chess.com Nimanni ushbu g‘irromligi uchun bloklagan, ammo qoidabuzarliklar soni ko‘proq ekanini ta’kidlagan: «Biz uni bloklash haqidagi qaror bo‘yicha isbot-dalillarni keltirdik. Nimanning chiterlik miqdori va qoidabuzarlikning jiddiylik darajasi haqidagi bayonotlari haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi, biz bu borada ham ma’lumot berganmiz».
Foto: Getty images
Nimann qanday g‘irromlik qilgan bo‘lishi mumkin? Taxminlar ikkita
Karlsen ustidan qozonilgan g‘alabadan so‘ng, Hansning so‘zlari ko‘pchilikni qiziqtirib qoldi. U o‘yin kuni ertalab Karlsen tanlagan debyutni tasodifan o‘rganib chiqqani va bu «aql bovar qilmas tasodif» bo‘lganini aytdi. Ammo qizig‘i shundaki, Karlsen ilgari hech qachon bunday o‘ynamagan. Shu sababli, Hans o‘yindan oldin nega aynan shunday variantni o‘rganib chiqqani noma’lum.
Hans o‘yindan oldin qandaydir yo‘l bilan Karlsenning shaxmat kompyuteriga kirish imkoniga ega bo‘lgan va shu tariqa raqibi nimani rejalashtirayotganini bilib olgan, degan shubha bor. Bundan tashqari, kimdir qandaydir yo‘l bilan bu ma’lumotni Nimannga o‘yin paytida yetkazgan bo‘lishi mumkin.
Ikkinchi taxmin umuman aql bovar qilmas shaklda: Nimann vibratsiya bilan xabar yetkazuvchi qurilmani quymichiga yaqin joyda olib kirgan bo‘lishi mumkin.
Nepomnyashchiy yalang‘och o‘ynashni taklif qildi, Nimann bunga rozi
Mojaro turnirga ham ta’sir qildi. Peshqadam Uesli So Nimann haqidagi mish-mishlar va g‘irromlik haqidagi gaplardan keyin uyqudan mahrum bo‘lganini tan oldi. Yan Nepomnyashchiy g‘irromlikni to‘liq bartaraf qilish juda mushkul ekanini aytdi. So‘ngra rossiyalik grossmeyster «yopiq xonada yalang‘och holda» o‘ynash – halollikning yagona yo‘li ekani haqida hazil qildi.
Mojaro shu qadar jiddiy bo‘lib chiqdiki, u Tesla va SpaceXT kompaniyalari rahbari Ilon Maskning ham e’tiborini tortdi.
Nepomnyashchiy taklifiga u ijtimoiy tarmoqda shunday javob qaytardi: «O‘yinlardan oldin shaxmatchilarni shaxsan tekshirish uchun kiyiladigan rezina qo‘lqoplarning ovozini deyarli eshityapsiz».
Nimann bunday choralarga qarshi emas: «Agar yalang‘och o‘ynashimni talab qilishsa, bunga tayyorman. Menga farqi yo‘q, chunki halol ekanimni bilaman. Balki, elektron uzatmalarga to‘siq qo‘yadigan yopiq qutida o‘ynashimni xohlarsiz? Menga farqi yo‘q».
Foto: Getty images
Kasparov Magnusdan izoh talab qildi, Karpov uning sust o‘ynaganini aytdi
Shaxmat bo‘yicha sobiq jahon chempioni Garri Kasparov norvegiyalik grossmeyster Magnus Karlsendan o‘z xatti-harakatlarini tushuntirishni talab qildi.
«Magnus Karlsen dunyodagi eng muhim turnirlardan birida ishtirok etishdan bosh tortdi. Bunday holat so‘nggi 50 yilda kuzatilmagandi. Magnus o‘z qarorini tushuntirishi kerak.
Karlsenning bu xatti-harakati shaxmat ixlosmandlariga, uning hamkasblariga, tashkilotchilarga zarba bo‘ldi. Bundan tashqari, salbiy voqealar shaxmat o‘yiniga ham ta’sir ko‘rsatmay qolmaydi.
Jahon chempionining majburiyatlari bor, o‘z qarorini tushuntirish – ularning eng kichigi», deb yozdi u ijtimoiy tarmoqlarda.
Yana bir sobiq jahon chempioni Anatoliy Karpov amerikalik shaxmatchining o‘yinida g‘irromlik alomatlarini sezmaganini aytdi.
«Karlsenning partiyasini kuzatdim va aytishim kerakki, juda yomon o‘ynadi. G‘irromlik haqidagi barcha mish-mishlarni rad qilaman. Albatta Nimann qandaydir tarzda yordam olmagani haqida isbot-dalil keltira olmaymiz. Ammo Karlsen ajablanarli tarzda oq donalar bilan debyutni barbod qildi va darhol yomon pozitsiyaga tushib qoldi. Keyinchalik esa, murakkab vaziyatdan chiqib keta olmasligini ko‘rsatdi, bu ham jahon chempioniga munosib bo‘lmagan holat», deb Karpov so‘zlarini keltirdi TASS.
Blis bo‘yicha jahonning uch karra chempioni, grossmeyster Aleksandr Grishchuk ham Karlsenning qaroridan hayron ekanini aytdi.
«Magnus bekordan bekorga quyushqondan chiqmagan. U Nimanni g‘irromlik qilganlikda gumonlayapti shekilli. Balki bu g‘irromlik aynan shu partiyada bo‘lmagandir. Bu o‘yin menga shubhali tuyulmadi. Nimann o‘rtacha o‘ynadi, Karlsen esa juda yomon.
Nufuzli turnirlarda chiterlik qilish mumkinmi? Bu o‘zim uchun ham qiziq. Onlayn turnirlarda iloji bor. Ammo yuzma-yuz o‘yinlardachi? Aynan mana shuning uchun Magnusdan bayonot kutaman: u qanday bo‘lsa ham faktlarni keltirishi shart», dedi u.
Turnir bosh hakami g‘irromlik bo‘lmaganini ta’kidlamoqda
Sinquefield Cup turniri bosh hakami Kristofer Bird chiterlik haqidagi mish-mishlar avj olganidan keyin maxsus bayonot berdi.
«Hozirgi vaqtda qaysidir shaxmatchi g‘irrom o‘ynagani bo‘yicha hech qanday belgilarni ko‘rmayapmiz. Bu Grand Chess Tour musobaqalariga kiruvchi barcha turnirlarga, shuningdek, Sinquefield Cup turniriga ham taalluqli.
Biz g‘irromlikning oldini olish bo‘yicha keskin choralarni ko‘rganmiz, shaxmatchilarni metall detektori bilan tekshirganmiz, ularni kuzatib borganmiz va professor Kennet Rigan yordamida FIDE Game Screening Tool bilan ularning o‘yinlarini tahlil qilganmiz. Biz hech qanday qoidabuzarlikni aniqlamadik.
Shunday bo‘lsa-da, Grand Chess Tour bosh hakami Devid Sejvik bilan maslahatlashib, 3-turdan keyin qo‘shimcha choralarni joriy qildik: shaxmatchilarni RF-skanerlari bilan tekshirdik, jonli efirni esa 15 daqiqaga kechiktirdik. Albatta, bu qo‘shimcha xarajatlarni talab qildi, iltimosimizni qabul qilgani uchun Sent-Luisdagi tashkilotchilardan minnatdormiz.
Hakamlar jamoasi vaziyatni diqqat bilan kuzatishda davom etadi. Bu qat’iy choralar turnir oxiriga qadar saqlanib qoladi», deyiladi uning bayonotida.
Nimanning obro‘siga putur yetib bo‘ldi
Mojarodan keyin Nimann Uesli So bilan o‘yinda yutqazib, turnirdagi birinchi mag‘lubiyatini qabul qildi va beshinchi o‘ringa tushib ketdi. Ammo u hali ham bunday munosabatga loyiq emasligini ta’kidlaydi.
«Tanqidchilarimning sukuti o‘z-o‘zidan gapiradi. Agar biror bir haqiqiy dalil bo‘lsa, nega buni ko‘rsatishmayapti? Kimdir yetkazilgan zarar uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga oladimi?», dedi u.
Gap shundaki, Magnus raqibning chiterlik qilgani haqida hech narsa gapirmadi, u Hansni g‘irromlikda ayblamadi. Demak, uni qandaydir javobgarlikka tortish masalasi kun tartibida yo‘q.
Nimanning shundog‘am shubhali obro‘siga esa yana putur yetkazildi. Endi Hans uni tiklab olishi uchun nimadir qilishi kerak... yoki aybini tan olishi.
Magnus Karlsen1, Hans Nimann1, Shaxmat1 “Zamin” yangiliklarini “Odnoklassniki”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
“Hizbulloh” bir sutkada Isroilga qarshi 20 ga yaqin harbiy amaliyot o‘tkazdi
Xalqaro jinoyat sudi Isroil bosh vaziri Netanyaxuni hibsga olishga order berdi
2026 yilda bo‘lajak mundialning favoritlari reytingi taqdim etildi
Xalqaro jinoyat sudining orderi Isroilni nega qo‘rqityapti?
22 noyabr kuni Cobalt avtomobiliga shartnoma ochilishi e’lon qilindi
Italiya sudi Quddus Isroil poytaxti emasligi haqida qaror chiqardi
Shavkat Mirziyoyev Rossiya bosh prokurori bilan uchrashuv o‘tkazdi
Qozog‘iston Ukraina atrofidagi vaziyat tufayli harbiy va fuqarolik obyektlari xavfsizligini kuchaytirdi