20:40 / 15.09.2022
1 632

O‘zbek futbolidagi aktual mavzu yoxud "tinimsiz" ozor chekuvchilar haqida

O‘zbek futbolidagi aktual mavzu yoxud "tinimsiz" ozor chekuvchilar haqida
Bir necha kun avval "Yuventus" va "Salernitana" uchrashuvida bahsli holat vujudga kelgandi. Milik tomonidan urilgan gol inobatga olinmagan. Sababi, bu vaziyatda golda ishtirok etmagan Bonuchchi ofsaydda qolib ketgandi. Garchi, u to‘pga tegmasada, darvozabonga halaqit berish holati, deb hisoblagandi hakam.

"Keksa senora" ustozi o‘yindan so‘ng: "Hakamlarni tinch qo‘yish kerak. Maydondagi asosiy figura futbolchilar", - deb ta’kidlagan. Bu ketishda Italiya Jahon Chempionatiga keyingi safar ham chiqa olmaydi yoki shu kabi gaplarni aytmadi, har holda.

Kecha bo‘lib o‘tgan "Bavariya" - "Barselona" (2:0) bahsida ham bir bahsli vaziyat guvohi bo‘ldik. Kataloniya klubi futbolchisiga nisbatan jarima maydoni ichida Devis o‘yin qoidasini buzgandi, ammo hakam 11 metrlik nuqtani ko‘rsatmadi. Eng qizig‘i, myunxenliklarning boshqa bir himoyachisi Lyuka Ernandes bu vaziyatda penalti bor edi, deya ta’kidladi. Respekt.

Xavi ham bellashuvdan keyingi matbuot anjumanida jamoasining xatolari haqida gapirdi. Vaziyatlardan foydalanish kerakligini aytdi.

Jahon futboli misolida ko‘ryapmiz. Hakamlardan nolish - xunuk holat. Ayrim professionallar buni o‘ziga ep ko‘rmayapti ham. Referining xatosini ro‘kach qilib, o‘zini oqlayverish adekvat odamni g‘ashiga tegadi. "Yuqori" saviyadagi muxlisni agressiyasiga sabab bo‘ladi.

Nolish yuqimli ekanligini o‘zimizni futbolda ko‘rib turibmiz. Hozir ko‘plab klublar matbuot xizmatlari, murabbiylar va futbolga aloqador shaxslar bo‘lar-bo‘lmas vaziyatlarga o‘z reaksiyasini bildirib, absurd gaplar orqali ziddiyatni, kimlargadir bo‘lgan nafratni oshiryapti. Hakamlarning xatolarini Yevropa futbolida deyarli muhokama qilmay qo‘ydik. Sababi, chiroyli, yuqori klassdagi futbol va intriga fonida bunaqa ikir-chikirlar esdan ham chiqib ketadi. Bizning futbol, aniqrog‘i, Superligamizning ayrim klublari shu ikir-chikirlarga qanchalik bog‘lanib qolganini ko‘rib turibmiz. "Ko‘hna qit’a" futbolida hatto muhokama qilishga ham arzimaydigan jihatlar bizda aktual muammo.

Bahsli vaziyat vujudga kelsa, baribir kimgadir yoqmaydigan qaror qabul qilinadi. Bu normal holat. Kelishilgan o‘yin, hakam sotilgan, degan gaplar jonga ham tekkani rost. Yomon gumondan yiroq bo‘laylik.

Prinsipiallik, tenglik hamda jadval faktoridan olib qarasak, bu yilgi mavsum Superliga qiziqarli o‘tmoqda. Biroq bizda futbol o‘ynaydigan jamoalar kam. Bitta o‘yin davomida 3-4 ta xafli vaziyat yaratib, 1 ta golni amallab urib olib, o‘yinning katta qismini qo‘pol qilib aytganda "musor"ga to‘ldirayotgan ham bor.

Shunday vaziyatda hakamni qarori adolatsizdek ko‘rinib ketaveradi. (Vaziyatlar tanqisligi tufayli) Natija birinchi maqsad, muxlislar uchun o‘ynash esa oliy maqsad bo‘lishi lozim.

Ba’zan adolatsizliklar ham bo‘lar. Biroq hozirgi nolishlardan adolatsizliklar har kuni, har soat bo‘layotgandek tuyulmoqda. Bunchalik bo‘lmasa kerak endi?

Xudayqulov Karim

Manba: Sports.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » O‘zbek futbolidagi aktual mavzu yoxud "tinimsiz" ozor chekuvchilar haqida