“Paxtakor” Maksim Shatskix boshqaruviga o‘tganidan keyin endi “Sherlar” qanday futbol o‘ynarkin, Maks qanday uslubni olib kirarkin, degan savollarni ko‘p eshitdik. Uning futbolchi sifatida qanday darajaga ko‘tarilganini aytish shart emas. Murabbiy rolidagi Shatskix ilk bor o‘zimizning chempionatda ish boshlashi o‘ziga yarasha qiziq jarayon bo‘lib tuyuldi.
2016 yildan murabbiylikka qo‘l urganidan so‘ng u endi Maksim Aleksandrovichga aylandi. Chunki futbolchi sifatida u Maks edi. Murabbiylik esa umuman boshqa darajada va buni u juda yaxshi tushunib turardi. 2019 yilgacha “Dinamo” Kiyevda murabbiylar shtabida ishladi. Keyin 2019 yildan 2021 yilgacha Rossiyada “Rotor” klubida Aleksandr Xatskevichga yordam berib yurdi.
Mana, endi Shatskix mustaqil ravishda bosh murabbiy roliga o‘tdi va u bu ishni O‘zbekistonda boshladi. Hozir chempionatimizda biroz tanaffus bo‘lgani bois kimnidir ishini tahlil qilish yoki sarhisobni amalga oshirish uchun imkoniyat. Maksim Shatskix “Paxtakor” bosh murabbiyi sifatida Superligada 7 ta uchrashuv o‘tkazdi. Natijalarga kelsak, 4 g‘alaba va 3 durang. Mag‘lubiyat yo‘q. Turnir jadvalida “Nasaf” bilan bir xil – 38 ochko jamg‘arib qo‘shhokimlik qilmoqda.
Lekin “Paxtakor” O‘zbekiston Kubogidan chiqib ketdi. Chorak finalda Namanganda “Navbahor”ga imkoniyat boy berildi. Bu Shatskixning hozircha “Paxtakor”da rasmiy o‘yinlardagi ilk mag‘lubiyati bo‘lib turibdi. O‘sha mag‘lubiyat sababidan “Paxtakor” Kubokdan chiqib ketdi va bitta musobaqa bilan xayrlashdi. Endi barcha e’tibor Superligaga qaratilgan.
Shatskix hozircha o‘zining keskin fikrlari bilan ko‘pchilikning yodida qolyapti. Ayniqsa, yutqazgan o‘yinlardan keyingi matbuot anjumanlarida aytgan gaplari ancha shov-shuv uyg‘otishiga sabab bo‘ldi. G‘alaba qozongan uchrashuvlarida murabbiy ishtirokidagi matbuot anjumani “portlayotgani” yo‘q. Demak, bundan shunday xulosaga kelish mumkinki, Maksim Aleksandrovich mag‘lubiyat uchun qandaydir bahona izlayotgandek. Yoki uni hazm qilishi qiyin bo‘lyapti. Hozirgi fursatdan foydalanib, “Paxtakor” ustozi bilan bog‘lanib, ayrim savollarimizni o‘rtaga tashladik. Murabbiy esa javoblarini qisqa va lo‘nda qilib aytdi.
- Maksim Aleksandrovich, “Paxtakor” klubida ish boshlaganingizdan keyin futbolimiz haqidagi fikringiz qanchalik o‘zgardi?
- Hammasini tushunish uchun hali yetarli vaqt o‘tgani yo‘q. Shu bois nima o‘zgarganini bilishim amrimahol!
- Hozirgacha Superligada 7 ta o‘yinda 4 g‘alaba va 3 durang qayd etildi. O‘zbekiston Kubogini esa tark etdinglar. Chempionat darajasi haqida nima degan bo‘lardingiz?
- Hali bu haqida gapirishga erta. Nima bo‘lishini vaqt ko‘rsatib beradi.
- Mag‘lubiyatlardan keyin matbuot anjumanlarida juda keskin gapiryapsiz. Bu nima bilan bog‘ldiq?
- Bu keskin yoki to‘satdan emas, balki haqiqat!
- “Paxtakor” qachon siz o‘ylagandek o‘ynashni boshlaydi?
- Deyarli har doim.
- O‘zbekistonlik legionerlardan ko‘proq kimlarni kuzatyapsiz? Masalan, Shomurodovdan havotirda emasmisiz?
- Hammani imkon qadar kuzatib kelaman. Shomurodov ketishi kerak. U jilla qurisa ijarada o‘ynashga ketmog‘i darkor. Balki Joze Mourino uning ketishiga yo‘l qo‘ymas.
- Kelgusi mavsumdagi faoliyatingiz bu yilgi natijalarga bog‘liqmi?
- Har yangi mavsum o‘zgacha kechadi. Natija esa har doim asosiy o‘rinda turadi.
- Shuningdek, Superligada qaysi jamoaning o‘yini sizga yoqyapti?
- Hozircha bu borada biror-bir to‘xtamga kelmadim.
- O‘zbekistonga qaytganingizdan keyin oldingi do‘stlaringizdan kimlar bilan uchrashdingiz?
- Deyarli Toshkentda qolganlarning hammasi! Bizda “Paxtakor 1978 guruhi bor. U yerdagi deyarli barcha bilan tez-tez uchrashib turamiz.
- Milliy terma jamoamiz haqida fikringiz qanday? Sizda Katanes bilan gaplashish imkoni bo‘ldimi?
- Albatta, kuzatib kelyapman. Barcha o‘yinlarni tomosha qilmoqdaman. Katanes bilan esa gaplashmayapman.
Shatskix suhbatdan o‘zini olib qochmadi-yu, lekin negadir ko‘p gapirishni xohlamadi. Ko‘rinib turibdiki, bosh murabbiy oldiga qo‘yilgan maqsad aniq. Klubni chempion qilish. Axir Kubokdan chiqib ketilgach, jamoaning oldida boshqa vazifa ham qolmagan. Shuning uchun Maksim butun diqqat-e’tiborini jamoasining o‘yinini kuchaytirishga va buning ortidan natijalarga erishishga qaratgan. Hozircha murabbiy “Paxtakor”da o‘zi istagan o‘yinni to‘liq shakllantirishga erishgani yo‘q. Ayniqsa, himoyada bo‘sh nuqtalar bor. Statistika shuni ko‘rsatyaptiki, jamoa 7 ta o‘yinda 7 ta gol o‘tkazgan. Bu har bir uchrashuvga bittadan gol to‘g‘ri kelishini ko‘rsatmoqda. Gol urish borasida esa sermahsullik chakki emas. Shatskix boshchiligida o‘sha 7 ta bahsda 13 ta gol urildi.
“Paxtakor” Shatskixga to‘liq ishonadi. Hali uning bu klubda ish boshlaganiga ko‘p vaqt bo‘lgani yo‘q. Balki u hali ham o‘rganish jarayonidadir. Yuqorida unga keyingi faoliyati bu yilgi natijalarga bog‘liqmi, deb so‘radik. Javobini o‘zingiz ko‘rdingiz, baribir natijani asosiy o‘ringa olib chiqdi, biroq aniq javob aytmadi. U bor e’tiborini chempionlikka qaratgan, buni payqash qiyin emas! “Zamin” yangiliklarini “Youtube”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Turkiyaning Harper's Bazaar nashri yil ayolini aniqladi (foto)
KXDR yetakchisi dronlarni ommaviy ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishni buyurdi
Shols va Putin o‘rtasidagi suhbat Kiyevga signal bo‘ldi
Rossiyalik deputat: «Oliy ma’lumotlilarning kurerlik qilishi — vatanparvarlikka zid»
Jo Bayden: “Ba’zan xotinim meni kosmosga jo‘natish bilan tahdid qiladi”
Ayrim boshqaruv servis kompaniyalari shartnomalarida asossiz shartlar belgilangani aniqlandi
20 yoshli o‘zbekistonlik qizni qarindoshi Turkiyaga sotib yubordi
Bayden va Jinping Peruda uchrashdi: «Agar bir-birimizni raqib deb bilsak, munosabatlarni buzamiz»