Aktyor Tom Xenks mavsum boshida “Lester siti”ning chempion bo‘lishi uchun pul tikkanini aytdi


AQShlik mashhur aktyor Tom Xenks 2015/16 yilgi futbol bo‘yicha Angliya chempionati boshlanishidan oldin “Lester siti”ning ligada g‘alaba qozonishi uchun 100 funt sterling (144 AQSh dollari) miqdorida pul tikkan. Bu haqda “Qalampir” nashri xabar bermoqda.
“Bilasizmi, mavsum boshida nima qildim? Lesterga 100 funt sterling tikdim. Ishonmaysizmi? Bu haqiqat va men to‘g‘ri yo‘l tutganman”, deydi aktyor.
Mavsum boshiga qadar britaniyalik bukmekerlar Klaudio Ranyeri jamoasining g‘alabasi o‘rtacha koeffitsientda 1 ga 5000 taklif qilganlar. Bu shuni anglatadiki, “tulkilar” chempion bo‘lsa, Xenks 500 ming funt sterling (728 ming AQSh dollari) yutadi.
Angliya Premyer ligasining tugashiga uch tur qolganda “Lester” o‘zining eng yaqin taqibchisi “Tottenxem”dan yetti ochko oldinda turibdi. Klaudio Ranyeri shogirdlarining chempion bo‘lishi uchun qolgan uchta o‘yindan (“Manchester Yunayted”, “Everton” va “Chelsi” jamoalari bilan) birida g‘alaba qozonsalar, kifoya.
Ma’lumot o‘rnida, Tom Xenks “Filadelfiya” va “Forrest Gamp” filmlaridagi roli uchun “Oskar” mukofotiga sazovor bo‘lgan.






























Izohlar 0
…