10:43 / 29.09.2022
1 046

Terma jamoa ustozi 20-tur oldidan: "Olti ochkolik o‘yin, "Loko"da tushkunlik alomati bor, "Paxtakor" g‘alaba qozonsa kerak, sababi..."

Terma jamoa ustozi 20-tur oldidan: "Olti ochkolik o‘yin, "Loko"da tushkunlik alomati bor, "Paxtakor" g‘alaba qozonsa kerak, sababi..."
Terma jamoamizning rejadagi o‘rtoqlik uchrashuvlari yakuniga yetgach, yana asosiy e’tiborimiz ichki chempionatimizga qaratiladi. Superligada 20-tur uchrashuvlari 29 sentyabrdan boshlanadi va 3 oktabrga qadar davom etadi. O‘zbekiston U-14 terma jamoasi bosh murabbiyi Islom Ismoilov oldinda turgan muhim o‘yinlar borasida fikr bildirdi.

29 sentyabr (payshanba)

“Qizilqum” – “Metallurg”

- Bu uchrashuvda “Qizilqum”ni favorit deb bilaman. Bu jamoaning tarkibida baribir tajribali futbolchilar ko‘p. Turnir jadvaliga qarasangiz ham “Metallurg”dan yuqoriroqda turibdi. Lekin “Metallurg” ham yaxshi jamoa. Oxirgi turda “So‘g‘diyona” ustidan g‘alaba qozondi. Ammo bekobodliklarga barqaror o‘yin yetishmayapti. “Qizilqum”da bu narsa hozircha saqlanib turibdi. Nazarimda, mezbonlar g‘alaba qozonsa kerak. Lekin katta hisob qayd etilmasa kerak, deb o‘ylayman.

30 sentyabr (juma)

“So‘g‘diyona” – AGMK

- Bu prinsipial raqiblar qarama-qarshiligi bo‘ladi. Hamma AGMK jamoasini chempionlikdan chiqardi. “So‘g‘diyona” esa chempionlik uchun kurashayotgan jamoa. Lekin Ulug‘bek Baqoyev jamoasida oxirgi paytlarda qanaqadir pasayish kuzatilmoqda. Shunga qaramay, “So‘g‘diyona” o‘z uyida istalgan raqibga qarshilik ko‘rsata oladi. Menimcha, bu uchrashuvda durang bo‘lsa kerak.

1 oktabr (shanba)

“Bunyodkor” – “Navbahor”

- “Navbahor” ham chempionlik uchun kurashayotgan jamoa. Har bir uchrashuvda maydonga g‘alaba uchun chiqyapti. “Bunyodkor”da o‘tgan turda murabbiy almashdi. Ivan Boshkovich yaxshi murabbiy. Lekin har bir murabbiyga o‘z g‘oyalarini yetkazib berishi uchun ma’lum vaqt talab qilinadi. Ushbu juftlikda “Navbahor” g‘alaba qozonsa kerak.

2 oktabr (yakshanba)

“Dinamo” – “Olimpik”

- “Dinamo” juda qiyin ahvolda. “Olimpik” raqibi kim bo‘lishidan qat’iy nazar hujumkor futbolni taklif qilyapti. Menimcha, bu uchrashuvda durang bo‘lsa kerak. “Dinamo” ham baribir oxirigacha kurashadi. Vadim Abramov ham oldiga maqsadlarni qo‘ygan.

“Paxtakor” – “Nasaf”
- Bu o‘zbek futbolida oxirgi paytlardagi eng prinsipial jihatdan muhim o‘yinlardan biriga aylandi. Qiziqarli o‘yin bo‘ladi, deb o‘ylayman. Ikkala jamoa ham oxirgi paytlarda sifatli futbol namoyish qilyapti. Mening fikrimcha, ushbu o‘yinda “Paxtakor” g‘alaba qozonsa kerak. Sababi, “Paxtakor”ning o‘yindan-o‘yinga sifati oshib boryapti. “Nasaf” klubiga doim ham barqarorlik yetishmay qoladi. Lekin bu futbol va hamma narsa bo‘lishi mumkin.

3 oktabr (dushanba)

“Qo‘qon-1912” – “Surxon”

- Buni olti ochkolik o‘yin desak ham bo‘laveradi. Sababi ma’lum, ikkala jamoa ham pastki o‘rinlarda boryapti. “Qo‘qon-1912”ni yaxshi bilamiz, o‘z maydonida barcha raqiblariga muammolar tug‘dira oladi. Maydon egalari g‘alaba qozonsa kerak. To‘g‘ri, ”Surxon” o‘tgan turda g‘alaba qozondi, ularda ham ko‘tarinki kayfiyat hukmron. Har ikkisiga ham g‘alaba suv va havodek zarur. Baribir “Qo‘qon-1912”ning imkoniyatini baland deb hisoblayman. Davron Fayziyev jamoasi barcha o‘yinlarda g‘alabaga yaqin kelyapti, faqat duranglar ko‘payib ketdi. “Surxon”ga qarshi bahs ko‘p narsani hal qiluvchi uchrashuvlardan biri.

“Lokomotiv” – “Neftchi”
- “Neftchi” jamoasini bilamiz, sekin-asta o‘ziga kela boshladi. Vitaliy Levchenko borgan sari jamoasini oyoqqa turg‘azyapti. Oxirgi o‘yinlardan kelib chiqadigan bo‘lsak, “Lokomotiv”da tushkunlik alomati bor. “Neftchi” bo‘lsa, hozir yuqori tonusda. Shuning uchun farg‘onaliklarda g‘alaba qozonish imkoniyati ko‘proq bo‘lsa kerak. Server Jeparov “Lokomotiv”ni qiyin holatda qabul qilib oldi. Undan keyin jamoa atrofida turli xil muammolar va voqealar kuzatildi. Bu jamoaning ruhiyatiga ta’sir qiladi. Lekin Jeparovga kelsak, kelajagi bor murabbiy. Yaqinda bu ishga kirishdi. Murabbiyni ishiga natijalar orqali baho bersa bo‘ladi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Terma jamoa ustozi 20-tur oldidan: "Olti ochkolik o‘yin, "Loko"da tushkunlik alomati bor, "Paxtakor" g‘alaba qozonsa kerak, sababi..."