23:00 / 25.10.2022
1 733

Ro‘ziqul Berdiyev: "Hali hammasi o‘z qo‘limizda"

Ro‘ziqul Berdiyev: "Hali hammasi o‘z qo‘limizda"
Coca-Cola Superligasining 23-turidan o‘rin olgan "Nasaf" - "Bunyodkor" (1:1) uchrashuvidan so‘ng mezbonlar bosh murabbiyi Ro‘ziqul Berdiyev matbuot anjumanida ishtirok etdi.

O‘yin haqida
- Juda alamli o‘yin bo‘ldi. G‘alabaga juda yaqin edik, 11 metrlik nuqtadan gol ura olmadik. Ko‘plab vaziyatlarga ega bo‘lgan bo‘lsak ham, ulardan unumli foydalana olmadik. O‘zi oxirgi o‘yinlarda biz birinchi bo‘limni sust o‘tkazayapmiz. Masalan AGMK va "Qizilqum"ga qarshi o‘yinlarda ham shu holat kuzatildi. O‘zi bugun "Bunyodkor" jamoasi chuqur himoyalandi va qarshi hujumlarda faollik ko‘rsatishga harakat qildi. Raqiblarni ham tushunish kerak, ko‘p jamoalar bizni ochko yo‘qotishimiz uchun harakat qilayapti. Mavsum oxirlab borayapti, har bir ochko qimmatli. Bugun biz 2 ochko yo‘qotdik. Hali hammasi o‘z qo‘limizda. Albatta ishlashdan to‘xtamaymiz va mavsum yakunida nasib bo‘lsa maqsadga erishamiz.

- Ikkinchi bo‘limdagi o‘yinni birinchi bo‘limda ham ko‘rsatsa bo‘lmaydimi? Qachongacha biz "Nasaf"ning o‘yinini yurak hovuchlab ko‘ramiz?
- Bu futbol va hech kim chempionlikni osonlikcha berib qo‘ymaydi. Bu yo‘lda ba’zan yurak kasal bo‘ladi, ba’zida asab ketadi. Astoydil harakatda bo‘lamiz. Imkoniyatimiz yaxshi va oxirigacha kurashish lozim.

- Bugun 2 nafar legioner xizmatidan foydalanmadingiz. Ular bo‘yicha boshqa rejalaringiz bormi?
- Boshqa rejalarimiz ham bor. Ammo ular qarshi hujumda yaxshi harakat qilishadi. Hozir bizga qarshi jamoalar bo‘sh hududlar qoldirishmayapti. Shu sababdan ham qanotlardan uzatma bilan o‘ynashga harakat qilayapmiz. Bugungi o‘yindan kelib chiqib uslubga mos futbolchilarni maydonga tushirdik.

- Xusayin Norchayevning almashtirilishi majburiy bo‘ldimi?
- Ha, u yelkasidan jarohat oldi. Hozir shifokorlar bilan gaplashdim, hammasi joyida. Keyingi o‘yingacha tayyor bo‘ladi deb umid qilamiz.

- 30 oktabr kuni kubok finalida "Navbahor" bilan o‘ynaysizlar. Bu o‘yin haqida fikringiz qanday?
- Albatta, biz finalga qadar yo‘lni bejizga bosib o‘tmadik. Yana bir bor kubokni yutishni maqsad qilganmiz va bunga astoydil harakat qilamiz.

- Penaltini Markodan boshqasi tepganida urishi mumkinmidi?
- Bizda penaltilarni ko‘proq Norchayev amalga oshirardi. So‘nggi daqiqalarda u maydonda yo‘q bo‘lgani bois Marko mas’uliyatni zimmasiga oldi. Gol bo‘lmagani uchun uni ayblash to‘g‘ri emas.

- "Navbahor" ham finalda himoyaviy o‘yin taklif etishi mumkinmi?
- "Navbahor"da kuchli va tajribali futbolchilar bor. Ular pozitsion va qarshi hujumlarda juda yaxshi o‘ynashadi.

- Demak, finalda ochiq futbol ko‘rishimiz mumkinmi?
- Finalga jamoalarning qanday holatda yetib kelishiga bog‘liq. Har doim finallarda natija birinchi o‘rinda turadi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Ro‘ziqul Berdiyev: "Hali hammasi o‘z qo‘limizda"