12:56 / 07.11.2022
1 415

Legionerimizning goli rekord o‘rnatdi, medalni naqd qildi va chempionlik imkoniyatini saqlab qoldi

Legionerimizning goli rekord o‘rnatdi, medalni naqd qildi va chempionlik imkoniyatini saqlab qoldi
Belarus chempionatining joriy mavsumdagi chempioni so‘nggi turda aniqlanadigan bo‘ldi. Bu nomga da’vogar ikki jamoa qoldi. Biri amaldagi chempion “Shaxtyor-Soligorsk”, ikkinchisi Bobur Abuxoliqov yetakchiligidagi “Energetik-BGU” jamoasidir.

29-turda “Shaxtyor-Soligorsk” futbolchilari “Slutsk” jamoasi maydonidan kichik hisobdagi g‘alaba bilan qaytdi. Agar “Energetik-BGU” ancha jiddiy raqib – “Gomel” maydonidagi bahsda ochko yo‘qotsa, soligorskliklar muddatidan oldin chempionlikni nishonlardi. Lekin bunga Bobur Abduxoliqov yo‘l qo‘ymadi.

Gap shundaki, uchrashuvning birinchi bo‘limi 1:1 hisobidagi durang bilan yakunlandi. Ikkinchi bo‘lim o‘rtalarida katta sahnaga Bobur Abduxoliqov chiqdi. Legionerimiz jamoadoshi uzatgan to‘pni raqib jarima maydonchasiga olib kirdi, himoyachilarni ojiz qoldirib, kuchli zarba bilan mezbonlar darvozasini ishg‘ol qildi.

“Energetik-BGU” 2:1 hisobidagi g‘alabani nishonlash barobarida chempionatning kumush medalini naqd qildi. Minsklik “talabalar” so‘nggi tur oldidan “Shaxtyor-Soligorsk”dan ikki ochkoga ortda qolmoqda. “Energetik-BGU” chempiona bo‘lishi uchun oxirgi bahsda o‘zi g‘alaba qozonib, amaldagi chempionning mag‘lubiyatini kutishiga to‘g‘ri keladi.

Aslini olganda esa, “Energetik-BGU” o‘z tarixida ilk bor sovrindorlar qatoridan joy olmoqda. Bunda eng avvalo, o‘zbek legionerlari – Bobur Abduxoliqovning to‘purarligi va Abdulqodir Husanovning himoyadagi ishonchli o‘yini muhim omil sifatida tilga olinmoqda.

“Nasaf” tarbiyalanuvchisi bo‘lgan 25 yoshli hujumchimiz shaxsiy rekordlarni ham qayd etayotgani alohida quvonch bag‘ishlamoqda.

Bobur Abduxoliqov bir mavsumda urgan gollari sonini 26 taga yetkazdi va Belarus chempionatlari tarixida eng ko‘p to‘p kiritgan xorijlik futbolchiga aylandi. Undan oldingi rekord rossiyalik Davidovga tegishli bo‘lib, 25 ta goldan iborat edi.

Bundan tashqari Bobur Abduxoliqov Belarus futboli tarixidagi eng zo‘r to‘purarlar reytingida uchinchi o‘ringa ko‘tarilib oldi. Birinchi o‘rinda turgan Andrey Xlebosolov 1996 yilgi chempionatda “Belshina” tarkibida raqiblar darvozasini 34 marotaba ishg‘ol qilgan va hali bu rekordni yo‘qqa chiqaradigan to‘purar topilmayapti.

Ikkinchi o‘rinda joylashgan Roman Vasyuliy esa 2000 yilda “Slaviya” safida jami 31 ta to‘p kiritib, nomini tarixga muhrlagan.

Yuqorida aytilganidek, Bobur Abduxoliqov 26 ta aniq zarba bilan kuchli uchlikka kirdi. Hamyurtimizda o‘z ko‘rsatkichini yaxshilab olish uchun yana bitta uchrashuv bor.

Belarus chempionatining so‘nggi turi 12 noyabrga belgilangan. Shu kuni “Shaxtyor-Soligorsk” o‘z maydonida “Belshina” jamoasini qabul qiladi. “Energetik-BGU” uchinchi o‘rin uchun kurashayotgan “Dinamo-Minsk” futbolchilari bilan kuch sinashadi.

Bronza medalga da’vogar yana bir klub – BATE oliy ligada qolish uchun kurashayotgan “Arsenal-Dzerjinsk” jamoasi mehmoni bo‘ladi.

Demak, Belarus chempionatining barcha g‘olib va sovrindorlari so‘nggi turda ma’lum bo‘ladi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Legionerimizning goli rekord o‘rnatdi, medalni naqd qildi va chempionlik imkoniyatini saqlab qoldi