date
views 3 197

Eldor Shomurodovga kutilmagan xaridor chiqdi!

Eldor Shomurodovga kutilmagan xaridor chiqdi!
Qishki transferlar yaqinlashgani sari Eldor Shomurodovni oʻz safida koʻrmoqchi boʻlayotgan jamoalar ham koʻpayib bormoqda.

Legionerimiz yozgi transferlar vaqtida Italiyada qolishini aytib, Germaniya, Frantsiya, Turkiya, Angliya va Saudiya Arabistoni jamoalari chorloviga javob bermagan edi. Hozircha, unga asosan A Seriya vakillaridan xaridor chiqmoqda.

Eldor Shomurodovning ayni paytdagi eng katta muammosi “Roma” murabbiylar shtabi unga oʻzini koʻrsatish uchun etarli imkon bermayotganida. Shomurodov “Jenoa”da oʻynagan kezlari Italiya chempionatida gol ura olish qobiliyatini namoyish etgandi. Rim klubiga koʻchib oʻtganidan beri, mana ikkinchi mavsumki, faqat maydonga bir necha daqiqa tushirilyapti xolos.

Shu bois, muxlisu mutaxassislarning aksariyati oʻzbek hujumchisi qishki transferlar vaqtida poyxatni tark etishini kutmoqda. Rim klubi mutasaddilari ham yaxshi xaridor boʻlsa, kelishuvga toʻsqinlik qilmasligi aytilmoqda.

Italiya chempionatida tanaffus e'lon qilingan bir paytda Eldor Shomurodovga kutilmagan jamoa – “Kremoneze” xaridor boʻlmoqda.
Bu jamoa A Seriyada hali biror marotaba gʻalaba qozona olgani yoʻq. Etti ochko bilan xavfli zonada “mixlangan”.

Klub rahbariyati ligada qolish uchun hujum chizigʻini kuchaytirish kerak, degan xulosaga keldi. “Kremoneze” chempionatda eng kam gol urgan ikki jamoadan biri. Ular hisobida 11 ta aniq zarba bor.

“Kremoneze” mavsum boshlanishi oldidan “Roma”ning ikki tarbiyalanuvchisini oʻz safiga qoʻshib olgandi. Sobiq “boʻrilar”dan biri – 20 yoshli Tommaso Milaneze faqat liga va kubok oʻyinlarda ikki marta maydonda koʻrinish berdi.

Joze Mourino kashf qilgan Feliks Afena-Gyan ham autsayder jamoada oʻzini koʻrsata olgani yoʻq. A Seriyada etti marta maydonga tushib, gollar hisobini ocholmadi. Faqat Italiya kubogida bitta gol urdi xolos.

“Kremoneze” bosh murabbiyi Massimiliano Alvinining qoʻl ostida turli mamlakatlardan sakkizta hujumkor futbolchi bor. Lekin ularning aksariyati oʻzini koʻrsata olayotgani yoʻq. Jamoa toʻpurariga aylangan nigeriyalik David Okereke hisobida atigi uchta toʻp bor xolos. Oldingi chiziq vakillaridan belgiyalik legioner Siril Dessers va italiyalik Daniel Chiofani ikkitadan golga mualliflik qilgan.

Klub rahbariyati murabbiylar shtabi oldiga jamoani quyi ligaga tushib ketishdan saqlab qolish vazifasini qoʻygan. Buning uchun futbolchilar oʻyinlarda gʻalaba qozonishi talab etiladi. Gʻalaba uchun gol urish kerak.

Hozircha, “Kremoneze”ning asosiy nishoni Shomurodov boʻlib turibdi. Biroq, 27 yoshli hujumchimizning quyi ligaga tushib ketish ehtimoli katta boʻlgan klubga oʻtishi oʻzini oqlarmikin?

Qolaversa, legionerimiz oldida “Torino”, “Bolonya”, “Sampdoriya”, “Montsa” kabi jamoalardan birini tanlash imkoni ham bor. Bundan tashqari, yanvar oxirigacha boshqa variantlar chiqishi ham tabiiy hol.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Eldor Shomurodovga kutilmagan xaridor chiqdi!