
Bugun ilk bora Oʻzbekiston milliy terma jamoasi “Paxtakor” stadionida Rossiya milliy terma jamoasi bilan xalqaro oʻrtoqlik uchrashuvini oʻtkazadi. Bu oʻyin oldidan Rossiya premer-ligasida ustoz va shogird tutingan Valeriy Karpin hamda Eldor Shomurodov oʻzaro uchrashib, suhbatlashib oldi.
Yaxshi bilasiz, Eldor Shomurodov Italiya chempionatiga koʻchib oʻtganga qadar – 2017-2020 yillar davomida Rossiya chempionatida “Rostov” jamoasi sharafini himoya qilgan. “Rostov”ga bosh murabbiylik qilgan Valeriy Karpin hujumchimizning yangi qirralarini ochgan va uni Evropa kuchli beshlik chempionatlarida oʻynay oladigan darajaga etkazgan.
- Karpin bilan “Rostov”dagi davrlarni esga oldik. “Roma” va oʻzimizni qiziqtirgan boshqa hamma narsalar haqida suhbatlashdik. Karpin menga boshqalardan koʻproq narsa oʻrgatgan, - dedi Eldor Shomurodov.
Oʻzbekiston milliy terma jamoasi sardori Rossiya futbolchilariga qarshi oʻynash u uchun qiziqarli boʻlishini va jamoa gʻalabani koʻzlayotganini qoʻshimcha qildi.
Oʻz navbatida, Rossiya milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Valeriy Karpin ham jurnalistlarga shogirdi Eldor Shomurodov bilan nimalar haqida suhbatlashganini aytib berdi.
- Shomurodov bilan hamma narsa haqida gaplashdik. Xususan, uning ishlari, mening ishlarim va Rostov” toʻgʻrisida suhbat boʻldi.
Men Shomurodovga qanday maslahat berishim mumkinligini soʻrashmoqda. Bu haqda ham gaplashdik. Klub tanlash borasida biror maslahat bera olmayman. “ Kremoneze”mi yoki “Udineze”mi? Bu vaziyatni alohida kuzatayotganim yoʻq.
Eldor 27 yosh ekanini bilib qoldim. Men hali ham uni 22 yashar, deb yurgan ekanman.
Eldor oʻynashi kerak. Muntazam oʻynashi shart. Unga xuddi mana shuni maslahat berdim. Qaysi klubda boʻlishi ahamiyatga ega emas. Eng muhimi, oʻyin amaliyoti. Chunki hozir uning eng porlaydigan davri, - dedi Valeriy Karpin.
Eldor Shomurodov “Man'al” tarbiyalanuvchisi hisoblanadi. Yurtimizda “Bunyodkor” sharafini ham himoya qilgan. Legioner maqomini olganidan keyin “Rostov”da, keyinchalik “Jenoa”da muvaffaqiyatli oʻynadi.
“Roma”da ikkinchi mavsumini oʻtkazayotgan hamyurtimizga Joze Mourino etarli oʻyin vaqti bermayapti. Italiyaning oʻzida bir necha klub yanvar oyida Eldor Shomurodovni oʻz safiga qoʻshib olishga harakat qilmoqda.
Eldor klublar miqyosida jami 229 ta uchrashuvda maydonga tushib, oʻz hisobiga 46 ta gol va 23 ta assist yozdirib qoʻygan.
Oʻzbekiston milliy terma jamoasida esa Shomurodov ancha sermahsul oʻyin namoyish qilmoqda. 27 yoshli hujumchimiz hozirga qadar mamlakatimiz bosh jamoasi safida 58 ta uchrashuvda qatnashib, raqiblar darvozasini 32 marotaba ishgʻol qildi.
Oʻzbekiston va Rossiya terma jamoalari oʻrtasidagi uchrashuv Toshkent vaqti bilan soat 17:00 da boshlanadi. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!