
O‘zbekiston milliy terma jamoasi o‘z tarixida ilk bor Rossiya milliy terma jamoasiga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvida maydonga tushdi.
“Paxtakor” stadioni mezbonlik qilgan bellashuv natijasi ham do‘stona ko‘rinish oldi. Qiziqarli o‘tgan bahsda hech bir futbolchi raqib darvozasini ishg‘ol qila olmadi. O‘yin golsiz durang bilan yakunlandi.
Rossiyalik futbol mutaxassislari va muxlislari orasida Markaziy Osiyo safaridan birorta golsiz qaytgan terma jamoani va bosh murabbiy Valeriy Karpinni tanqid qilayotganlari ham ko‘p.
Biroq, o‘rtoqlik uchrashuvlarida maydonga tushgan futbolchilar raqib jamoaning ham kuch-qudrati borligini ta’kidlayapti.
Rossiyaning bugungi kundagi eng zo‘r hujumchilaridan biri Aleksandr Sobolev o‘rtoqlik bahsida bir necha bor qulay vaziyatga chiqqan bo‘lsa-da, milliy terma jamoamiz darvozasiga yo‘l topa olmadi. Akariyat vaziyatda darvozabon va himoyachilar yaxshi harakat qildi.
- Yaxshi o‘ynadik. G‘alaba qozonishimiz kerak edi. O‘zim uch-to‘rtta vaziyatdan foydalana olmadim. Har holda yomon o‘yin bo‘lmagani aniq.
Chalqancha usulda ilgari ham gol urganman. Bu gal goldan darak bo‘lmadi. Afsuski, men imkoniyatlardan foydalana olmadim. Maydonda o‘zimni ayamayman.
Raqibning saviyasi qandayligini so‘rashyapti. Hisob borasida biror nima deyolmayman. Chunki hisob uchun o‘ynamayapmiz va unga e’tibor qilmadik. Amalda raqib juda yaxshi jamoa ekan, - dedi Aleksandr Sobolev.
Rossiya milliy terma jamoasi sardori Georgiy Jikiya ham o‘z fikr-mulohazalari bilan o‘rtoqlashdi.
- “Bunaqa uchrashuvlar terma jamoamizni kuchsizlantiradimi?”, deb so‘rashdi. Bu provokatsion savol. Rossiya futbol ittifoqi kim bilan desa, o‘shanga qarshi o‘ynaymiz.
Himoyachi sifatida darvozamiz daxlsizligini saqlab qolganimiz yoqimli bo‘ldi. Hujum, yarim himoya, umuman oldingi chiziqdagilar o‘yinini muhokama qilmayman. O‘zbekiston haqida kam narsa bilardim. Faqat bir necha futbolchilarini taniyman. Terma jamoa saviyasi ancha yaxshi ekan.
Tabiiyki, Shomurodovni boshqalarga qaraganda yaxshiroq bilamiz. U alohida e’tiborga loyiq o‘yinchi, - dedi Georgiy Jikiya.

Rossiya milliy terma jamoasi 2022 yil hisobidan jami uchta o‘rtoqlik uchrashuvida qatnashdi. Faqatgina Qirg‘iziston futbolchilariga qarshi o‘yinda rossiyaliklar 2:1 hisobida g‘alaba qozondi. Tojikiston va O‘zbekiston milliy terma jamoalariga qarshi o‘tkazilgan o‘rtoqlik bahslarida muxlislarga gol ko‘rish nasib qilmadi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar