1 153
Vadim Abramov: "Saudiyaga yutqazganimizda menga bilim yetishmagandi, Argentina murabbiyiga ham shu narsa yetishmadi"
Qatarda bo‘lib o‘tayotgan jahon chempionatida Osiyo yetakchilarining sensatsion natijalari hammaning e’tiborida. Saudiya Arabistoni Argentinaga qarshi ilk uchrashuvda 2:1 hisobida g‘alaba qozonib, barchani lol qoldirdi.
Ma’lumki, saudiyaliklar mundial yo‘lida ikkinchi saralash bosqichida terma jamoamiz bilan bir guruhdan joy olib, har ikkala uchrashuvda ham vakillarimizni mag‘lub etgandi. O‘shanda terma jamoamizga Vadim Abramov bosh murabbiylik qilganini yaxshi bilasiz. Bu yil Vadim Karlenovich Samarqandning “Dinamo” klubi bilan chempionatni tugatdi, afsuski, uning jamoasi Superligani tark etdi. Abramov Sports.uz jurnalistining mundial va klubi haqidagi savollarga javob qaytardi.
- Vadim Karlenovich, biroz vaqtingizni olmoqchiman. Xabaringiz bor, ayni paytda Qatarda jahon chempionati bo‘lib o‘tmoqda. Kuni kecha mundialning sensatsion natijasi qayd etilib, Saudiya Arabistoni kimsan Argentinani 2:1 hisobida mag‘lubiyatga uchratdi. Ma’lumki, saudiyaliklar o‘z vaqtida bizga ushbu jahon chempionati saralashi yo‘lida katta muammolar tug‘dirishgandi. Ayting-chi, ularning natijasi siz uchun ham sensatsiya bo‘ldimi?
- Sizni tushundim. O‘ylaymanki, ayni chog‘da Saudiya Arabistoni Osiyodagi eng kuchli terma jamoalardan biri bo‘lib turibdi. Saudiya bilan bir guruhda o‘ynaganimizda ularga yutqazgandik. O‘shanda men bu shunchaki tasodif bo‘lmagan deb fikr bildirgandim. Darhaqiqat, ayni paytda saudiyaliklar qit’adagi eng kuchli jamoaga ega bo‘lib turishibdi. Ularda yaxshi, qobiliyatli va futbol o‘ynash uchun eng munosib yoshda bo‘lgan ijrochilar jamlanishgan. Saudiya Arabistonida jamoa sardori va argentinaliklar darvozasiga gol urgan hujumchi katta rol o‘ynaydilar. Hozirda mazkur termaning har bir chizig‘ida mahoratli, yetakchi futbolchilar bor. Bir so‘z bilan aytganda, ushbu terma jamoa munosib ijrochilardan tarkib topgan. Albatta, kechagi natija o‘z nomi bilan sensatsiya. Biroq yuqoridagi fikrlarimdan kelib chiqib, buni kutilmagan natija bo‘ldi, deya olmasam ham kerak. Qo‘shimchasiga ular JCHda chindan ham yaxshi jamoani shakllantira olganlarini isbotlab berishdi.
- Saudiya Arabistoni biz bilan o‘ynaganini hamma biladi. Ayting-chi, o‘sha jamoa bilan mundialdagi jamoa o‘rtasida katta farq bormi?
- Bu borada izoh berishim qiyinroq. Ularga imkoniyatni boy berganimizda menga biroz bilim yetishmagandi. Binobarin, Argentina terma jamoasi bosh murabbiyiga ham saudiyaliklarni taslim etish masalasida bilim yetishmay qoldi. Futbolda gohida shunday ham bo‘lib turadi. O‘yinga har tomonlama yaxshi tayyorgarlik ko‘rasanu, muhim pallada bilim va tajribang yetishmaydi yoki nimadir o‘xshamasdan qoladi.
- Sizningcha, ilk o‘yindagi g‘alabadan keyin Saudiya Arabistoni o‘z guruhidan pley-offga chiqa olishi mumkinmi?
- Albatta, ularga navbatdagi uchrashuvlarda ham oson bo‘lmaydi. Lekin mana shunday jarangdor muvaffaqiyatdan keyin ularning o‘z guruhida qolib ketishlari mumkinligiga endi ko‘pchilik ishonmasa ham kerak. Bir ma’lumotga ko‘zim tushdi: Argentina taslim etilgach, Saudiyada o‘ziga xos futbol bayrami boshlanib ketgan. Qo‘shimchasiga o‘yinchilarga yaxshigina mukofot pullari ham berilgan. Tabiiyki, shundan keyin ular yanada g‘ayrat va shijoat bilan o‘ynashda davom etadilar. Axir endi 1-tur bahslari ortda qoldi xolos. Men o‘qigan o‘sha ma’lumotdan so‘ng ular JCH uchun o‘z oldilariga qo‘yilgan vazifani bajarib bo‘lishdi, degan fikr hayolimdan ham o‘tdi. Hammasini vaqt ko‘rsatadi. Bunday mahalda mentalitet ham muhim ahamiyat kasb etmasdan qolmaydi.
- Navbatdagi savolim JCH mezboni Qatar bilan bog‘liq. Masalan, biz qatarliklarni doim, hatto Doxada ham yutib kelganmiz. Musobaqa mezbonlari Ekvadorga qarshi ochilish o‘yinini barbod qilishdi. Ular maydonda juda sust harakatlanishdi. Boz ustiga Qatarga qadar jahon chempionatlari tarixida biror marta ham turnir mezboni ochilish o‘yinini boy bermasdan kelgan! Ularning ilk o‘yini haqida nima deysiz?
- Bir uchrashuvdan xulosa chiqarish qiyin ish. Harqalay bu ochilish o‘yini. Bunday mahalda mezbonlar katta bosim ostida qolishadi. Qolaversa, Janubiy Amerika vakili sanaladigan Ekvadorni kuchsiz raqib deb bo‘lmaydi. Yodingizda bo‘lsa, Qatar bizga yutqazib qo‘yganidan keyin qit’a birinchiligida yana yurishini davom ettirgan. Yana takrorlayman: bu ilk o‘yin. Navbatdagi ikki o‘yin qatarliklarning qanchalik kuchsiz yoki raqiblariga munosib qarshilik ko‘rsata olishlarini namoyish etib beradi. Boz ustiga terma tarkibida “Al-Sadd” vakillari talaygina. Ular allaqachon bir-birlarini maydonda so‘zsiz tushunadigan darajaga yetganlar. O‘ylaymanki, navbatdagi bahslarda mezbonlar muxlislari qarshisida yana uyalib qolmaslikka harakat qilishadi.
- Bevosita o‘zingizni “Dinamo” klubidagi ishlaringiz haqida so‘ramoqchiman. Jamoadagi kelajagingiz nima bo‘ldi? Bundan keyin ham Samarqandda ishlashda davom etasizmi yoki shartnoma uzaytirilmaydimi?
- Garchi quyi ligaga tushib ketgan bo‘lsak-da, agar rahbariyat men bilan hamkorlik qilishni istasa, jamoadagi faoliyatimni davom ettirishga tayyorman. Murabbiylar shtabidagi hamkasblarim bilan Samarqanddek shahar sha’nini munosib himoya eta oladigan klubni shakllantirishga astoydil harakat qilamiz.
- Demak, Pro ligada ham qolib ishlashga tayyorsiz, shundaymi?
- Ko‘ramiz. Boya yuqorida quyi ligada ham ishlashga qarshi emasman deb bejiz aytganim yo‘q. Bu men uchun hech qanday muammo bo‘lmaydi.
- U holda klub bilan bog‘liq qandaydir rejalaringiz bormi?
- Rejani chempionat boshlanishiga bir-ikki oy qolganida tuzamiz. Yangi mavsum esa kelasi yili martda start oladi. Bizda chempionat bahslari boshlanishi biroz g‘alati. Avvaliga aniq sanalarini ham bilmasdan qolamiz. Qisqasi, rejani mavsum arafasida tuzish maqsadga muvofiq bo‘lardi. Hozir bu haqida gapirish noo‘rin.
Shuhratbek Jo‘rayev
“Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
AQSH harbiylari orasida o‘z joniga qasd qilish ko‘paydi
Donald Tramp 27 yoshli Karolin Levittni Oq uy matbuot kotibi etib tayinlamoqchi
Endi operatsiyadan so‘ng kesmalar o‘rni ikki barobar tezroq bitishi mumkin
KXDR Rossiyaga 100 minggacha harbiy yuborishi mumkin
Organizm o‘zini toksinlardan qanday tozalaydi?
Apple dongdor ikki ayfonini rasman eskirgan deb e’lon qildi
Buyrak salomatligi uchun eng foydali sabzavot...
Ijtimoiy tarmoqlar davrida ruhiy salomatlikni qanday saqlash mumkin?