12:43 / 15.12.2022
1 930

"Nasaf" bu transferni amalga oshirishi mumkin - Ro‘ziqul Berdiyev tarkibdagi o‘zgarishlar haqida

"Nasaf" bu transferni amalga oshirishi mumkin - Ro‘ziqul Berdiyev tarkibdagi o‘zgarishlar haqida
“Nasaf” va Ro‘ziqul Berdiyev hamma vaqt barchaning e’tiborida. Ayniqsa, mavsumlar oralig‘ida bu jamoadagi o‘zgarishlar hech kimni befarq qoldirmaydi. Klubda tarbiyalanib, kashfiyot sifatida porlayotgan mahalliy tarbiyalanuvchilariga doim yetakchi klublar va chetdan qiziqarli takliflar bo‘ladi, bu safar ham shu holat takrorlanyapti. Berdiyev saytimiz uchun intervyu berdi.

- Ro‘ziqul Sa’dullayevich, “Nasaf” uchun 2022 yilgi mavsum salmoqli bo‘ldi. Kubokni yutdi, bronzani qo‘lga kiritdi va Osiyo Chempionlar ligasidagi yurishini davom ettiryapti. Hammasi rejangiz bo‘yichami?
- Albatta, biz uchun mavsum yomon o‘tmadi. Yutuqlarga boy bo‘ldi. Lekin chempionatdagi qatnashishimiz ko‘ngilni ozgina xira qildi. Murabbiylarni ham, futbolchilarni ham maqsadi jiddiy edi. Chempionlik uchun kurashni qo‘ldan chiqarganimiz biz uchun alamli bo‘ldi. Biroq bemalol aytishimiz mumkinki, mavsum jamoamiz uchun omadli kechdi. Osiyo Chempionlar ligasi, O‘zbekiston Kubogi va chempionatda oxirigacha kurashdik. Shu bois umumiy qilib aytganda, mavsum yaxshi bo‘ldi. Har yili chempionlar ligasida qatnashishni oldimizga oliy maqsad qilib qo‘ygandik. Quvonarlisi, 2023 yilda OCHLda ikki marta qatnashamiz. Bu juda quvonarli narsa. Yigitlar bilan ushbu musobaqada ishtirok etganimizda har safar unda ko‘proq qatnashishni oldimizga maqsad qilib qo‘ygandik. Xudoga shukr, bunga erishib turibmiz.

- “Nasaf”da chempionlik uchun juda yaxshi imkoniyat bor edi. Barchasi klubni o‘z qo‘lida edi. Ammo o‘z uyida kutilmaganda “Neftchi”ga yutqazib, og‘zidagi oshni oldirib qo‘ydi. O‘shanda nima bo‘lgandi? Yoki futbolchilarda qandaydir bosim bormidi?
- Hech qanaqa bosim bo‘lgani yo‘q. Faqat futbolchilarda charchoq alomati borligini Kubok o‘yinidan keyin “Dinamo”ga qarshi uchrashuvda ham sezgandik. Chunki “Dinamo” bilan ham juda qiyin o‘ynagandik. Yodingizda bo‘lsa, raqibni arang 1:0 hisobida yutib olgandik. Kubokni yutganimizdan keyin yigitlarda motivatsiya borasida ozgina pasayish bo‘ldi. Bu masalaga yana qaytishni xohlamasdim. Siz ham shu haqida so‘rayapsiz. Hammasi o‘tdi-ketdi. Bundan buyog‘iga oldinga qarash kerak. Biz yana chempionlik uchun kurashishda davom etishimiz kerak. Agar doim o‘sha narsaga diqqat-e’tiboringizni qarataversangiz bundan yaxshilik kelmaydi. Ha, imkoniyatni qo‘limizdan chiqardik. Lekin orqaga emas, oldinga qarashimiz lozim.

- Osiyo Chempionlar ligasidagi o‘yinlar sanasi e’lon qilindi. Bu sizning tayyorgarlik rejangizga ta’sir ko‘rsatdimi?
- Rejamizni o‘zgartirishga majbur bo‘ldik. Birinchi rejamizda dekabr oyida o‘zimizda shug‘ullanadigan bo‘lganmiz. 8 yanvardan Turkiyaga ketishimiz kerak edi. Keyin o‘sha yerdan Saudiya Arabistoniga OCHL o‘yinlari uchun yo‘l olishimiz rejalashtirilgandi. Buning hammasi 3 fevralni ko‘zlab ishlab chiqilgandi. Endi sizlar ham bilasizlar, o‘yinlar 19 va 20 fevralga ko‘chirildi va Qatarda o‘tkaziladi. Natijada yanvar va fevraldagi rejalarimizni o‘zgartirishimizga to‘g‘ri keldi. Dekabrdagi rejamiz o‘zgarishsiz qoldi. 28 dekabrgacha Qarshidagi qarorgohimizda shug‘ullanamiz. Yanvar oyidan yana Qarshida mashg‘ulotlarni davom ettiramiz. Bu 25 yanvargacha davom etadi. Keyin 27-sanasidan Turkiyaga ketib, tayyorgarligimizning asosiy qismini o‘sha yerda o‘tkazib, u yerdan Qatarga yo‘l olish rejalashtirilgan.

- Tarkib masalasi hammani qiziqtirmoqda. Ayni paytda bu borada qanday o‘zgarishlar bor?
- O‘zgarish bo‘ladi va kutilyapti ham. O‘zlaring ham eshityapsizlar, asosiy futbolchilarimizdan biri Dilshod Saitov “Paxtakor”ga o‘tishni juda xohladi. Bu biz uchun kutilmagan holat bo‘ldi. Klubimiz ham, men ham undan bunday qarorni kutmagandik, ammo qarorini hurmat qilamiz. Shu bois Saitovga ruxsat berdik, omad tilaymiz. Bu birinchisi edi. Ikkinchisi shundaki, tarkibimizdagi ba’zi-bir futbolchilarga yaxshi takliflar bo‘lyapti. Agar Yevropa tomonlardan jiddiy qiziqishlar bo‘lsa, klubimiz ko‘rib chiqadi. Shuning uchun balki kimdir transfer qilinishi mumkin. Hozircha tarkibimizga ijaradagilar qaytgan. O‘yinchilarimizni yo‘qotishimizga qarab, ularning o‘rnini munosiblari bilan to‘ldirishga harakat qilamiz.

- Ivan Solovyov ham “Nasaf”ni tark etib, “Lokomotiv”ga o‘tyapti ekan...
- Bu rost. Ivanga minnatdorchilik bildiramiz. Jamoamizning yutuqlariga o‘z hissasini qo‘shdi. U kelib xayrlashib ketdi. Hali “Lokomotiv”ga rasman o‘tmadi, lekin biz ham shu jamoaga o‘tayotganini eshitdik. Bundan tashqari, yana bir legionerimiz Mashovich bilan shartnomani to‘xtatganmiz u bilan xayrlashdik. Hozircha o‘zgarishlar shulardan iborat.

- Lima Kruz bilan Marko Stanoyevich jamoada qoladimi?
- Kruz qoladi. Marko operatsiya stoliga yotgan. Unda tiklanish jarayoni bo‘ladi. Imkon qadar klubimiz u haqida qayg‘uryapti. Baribir uni jarohatdan keyin tiklanishi besh oyga cho‘ziladi. Shu sababdan futbolchi bilan qanday shartnoma tuzilishi bu jamoaga bog‘liq.

- Demak, chempionatning dastlabki qismida yordam bera olmas ekan-da?!
- Hozir bir oy o‘tdi, chempionlar ligasida yordam bera olmaydi. Yana to‘rt oyi bor. Balki mart oyilarigacha tiklanib qolar. Bu ham yo‘qotish. Ammo Markoga tezroq sog‘ayib futbolga qaytishini istaymiz. Boya aytganimdek, yo‘qotilgan o‘yinchilarning o‘rnini to‘ldirishimiz kerak.

- Xusniddin Aliqulovga Gretsiyaning AYEK klubi jiddiy qiziqib qolibdi. U ham ketadimi?
- Men ham eshityapman. Gretsiyaning AYEK jamoasidan qiziqish borligini bildirishyapti. Bu jarayon davom etsa kerak. O‘ylaymanki, agar shunday klub taklif bildirsa, “Nasaf” bu transferni amalga oshirishi mumkin. Chunki bu klubimizning nufuzi uchun ham katta yutuq bo‘ladi. Bunday jamoalardan taklif bo‘ladigan bo‘lsa, klubimiz qarshilik ko‘rsatmaydi. Futbolchi, futbolimiz va klubimiz uchun ham juda yaxshi bo‘ladi. Bilasiz, AYEK har doim mamlakatining yetakchi jamoasi hisoblanadi. Yevrokuboklarda ham qatnashib keladi. Albatta, murabbiy sifatida uning ketishi bizga qanchalik og‘ir bo‘lmasin, ammo futbolimiz uchun kerakli narsa.

- Yo‘qotishlar o‘rnini to‘ldirish haqida aytyapsiz. Bu asosan mahalliy futbolchilar hisobigami yoki legionerlar ham keladimi?
- Bu legioner bo‘ladimi yoki mahalliymi, munosiblarini ko‘rib chiqamiz. Albatta, o‘z imkoniyatimizga ham qaraymiz. Balki o‘sha nuqtalarni yoshlarimiz bilan to‘ldirarmiz. Bu masalada har tomonlama ishlarni olib boramiz. “Nasaf” har doim qanday tarkib bo‘lishidan qat’iy nazar chempionatni qizdirib beradi.

Shuhratbek Jo‘rayev.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » "Nasaf" bu transferni amalga oshirishi mumkin - Ro‘ziqul Berdiyev tarkibdagi o‘zgarishlar haqida