08:23 / 19.12.2022
1 380

O‘zbek hujumchisi Yevropaning yaxshi ligalarida ko‘p gol ura oladi!

O‘zbek hujumchisi Yevropaning yaxshi ligalarida ko‘p gol ura oladi!
Belarus oliy ligasida ishtirok etayotgan “Energetik-BGU” jamoasi o‘z tarixida ilk bor chempionat vitse-chempioni bo‘ldi. Minsklik “talabalar”ning kumush medalga ega chiqishida mavsumning 30 ta uchrashuvida 26 ta gol urgan Bobur Abduxoliqovning hissasi katta bo‘ldi.

Muvaffaqiyatli mavsumdan keyin “Energetik-BGU”ni bir necha yetakchi o‘yinchilar tark etdi. Xususan, jamoa to‘purari Abduxoliqov ham o‘z omadini kuchliroq ligalarda sinab ko‘rish uchun minskliklar bilan xayrlashdi.

“Energetik-BGU” bosh murabbiyi Pavel Rodnyonok jamoadagi o‘zgarishlar va mavsum qahramoni Bobur Abduxoliqov haqida fikr bildirdi.

- Mavsumlar oralig‘i har doim harakatlarni qayta o‘ylab oladigan, tahlil va xulosalar chiqaradigan, kelajakdagi rejalarni tuzadigan palla hisoblanadi. Turli tuman fikrlar bor. Biroq, men hozir jamoa bilan birga ekanman, demak bu yerdagi sharoitlar meni qoniqtiryapti. Shunday ekan, bu yerdagi tartib-qoidalarni qabul qilganman.

Oldindan aytishim kerakki, yangi mavsum oldidan katta transferlar bo‘lmaydi. Klub rahbariyati hozir tarkibda bo‘lgan futbolchilarga ishonch bildiradi.

Bizning prinsipimiz shunday: bizga Yevropa darajasidagi talablarimizni bajara oladigan o‘rtacha futbolchi kerak, talabni ko‘tara olmaydigan superiqtidor egasidan foyda yo‘q. Shundan kelib chiqib, mavsumoldi yig‘inlarda ishtirok etayotgan futbolchilar asosiy tarkibni tashkil qiladigan o‘yinchilardir.

Muvaffaqiyatli mavsumdan keyin klubga o‘z xizmatini taklif qilib qo‘ng‘iroq qilayotganlar sezilarli darajada ko‘paydi. Ular orasida avvalgi mavsumlarda biz bilan kelisha olmay ketgan futbolchilar ham bor va ular qaytishga tayyor.

Endi Bobur Abduxoliqov masalasi. Mening nazarimda, bu o‘yinchi kamida million dollar turadi. Bobur Belgiya, Chexiya, Polsha kabi Yevropaning yaxshi chempionatlarida ham o‘zini ko‘rsatishga qodir.

O‘zbek hujumchisi jarima maydonchasi “egasi” hisoblanadi. Agar u boradigan jamoada o‘rta chiziq vakillari orasida qulay pas oshira oladigan futbolchilar bo‘lsa, Abduxoliqov har qanday ligada yuqori samaradorlik qayd etishga qodir
, - dedi Pavel Rodnyonok.

Eslatib o‘tamiz, Bobur Abduxoliqov “Nasaf” tarbiyalanuvchisi hisoblanadi. 2021 yilning yozida “Energetik-BGU” jamoasiga ko‘chib o‘tgan edi. 2022 yilgi chempionat 25 yoshli markaziy hujumchimiz uchun juda muvaffaqiyatli bo‘ldi.

Abduxoliqav jamoasini kumush medal bilan ta’minlash bilan birga bir necha shaxsiy sovrinlar sohibiga aylandi. Bobur 26 ta gol bilan to‘purarlar poygasida g‘olib chiqdi, chempionatning eng yaxshi futbolchisi va hujumchisi sifatida e’tiroq etildi. Gol+pas tizimida 32 ball to‘plab, oliy liganing eng samarali ijrochisiga aylandi.

Shuningdek, Belarus chempionatida beshta rekordni o‘rnatgan Bobur Abduxoliqov yana O‘zbekiston milliy terma jamoasiga qaytarildi.

Endi iste’dodli hujumchimiz o‘z imkoniyatlarni Yevropaning kuchliroq ligalaridan birida sinovdan o‘tkazishga qaror qilgan.

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport