Mart oyida yurtimizda U-20 Osiyo chempionati bo‘lib o‘tadi. Ravshan Haydarov bosh murabbiyligidagi O‘zbekiston U-20 terma jamoamiz mezbon sifatida muhim musobaqada ishtirok etadi.
Vakillarimiz “A” guruhida Indoneziya, Iroq hamda Suriya termalariga qarshi maydonga tushadi.
Osiyo chempionatiga ham tobora oz fursat qolyapti. Shu bois Sports.uz jurnalisti terma jamoamiz ustozi Ravshan Haydarov bilan musobaqaga ko‘rilayotgan tayyorgarlik haqida gaplashdi.
- Ravshan Akmalovich, Osiyo chempionatiga tayyorgarlik ko‘rish mobaynida barcha ishlar sizni qoniqtiryaptimi yoki xavotirli jihatlari ham bormi?
- Birinchi yig‘inimizni dekabr oyida o‘tkazdik. Tashkiliy masalalar ko‘rildi va futbolchilarni ta’tildan qaytganidan keyingi holatini ham tekshirdik. Yigitlarni tibbiy ko‘riklardan o‘tkazib oldik. O‘sha paytda legioner o‘yinchilarimiz ham shu yerda edilar. Aynan Umarali Rahmonaliyev va Abduqodir Xusanov ham Toshkentda edi. Shundan foydalanib dekabr oyida yig‘inimizni o‘tkazib oldik. Keyingi yig‘inimiz 16 yanvardan mo‘ljallangan. Umid qilamanki, bu yig‘inda ham yana to‘liq tarkib bilan to‘planamiz. Futbolchilarni o‘yin amaliyotiga kiritib borishimiz kerak.
Keyin fevralning boshida Turkiyada o‘quv-mashg‘ulot yig‘inini tashkil qilamiz. U yerda o‘yinimizni maromiga keltirib olmoqchimiz. Turkiyada bir qancha xalqaro o‘rtoqlik uchrashuvlari mo‘ljallangan. Bilasiz, 1 mart kuni Osiyo chempionati boshlanadi. Barcha yig‘inlarimiz reja asosida davom ettiriladi. Futbolchilar yanvarning boshidan o‘z klublarida tayyorgarlik ko‘rishyapti. Yanvarning ikkinchi yarmi va fevral oyi biz uchun muhim sanaladi va rejadagi barcha ishlarimizni amalga oshirishimiz kerak.
- Adashmasam, yanvardagi yig‘inda ham nazorat o‘yini tashkil etiladi-a?
- 20 yanvardan keyin xalqaro o‘yin bo‘yicha kelishuvga erishilyapti. Bu amalga oshganida albatta xabar beramiz. Boya aytganimdek, yanvarning ikkinchi yarmi hamda fevraldagi yig‘inlar bizga muhim. Biz bu davr mobaynida o‘yin tonusiga kirib borishimiz lozim. Jismoniy tomondan ham o‘yinimizni shakllantirib olishimiz borasida katta ishlarni bajarishimiz darkor.
- Musobaqa oldidan raqiblarni o‘rganish ishlari qanday davom etyapti?
- Albatta, raqiblarni o‘rganish ishlari davom etyapti. Tayyorgarligimiz jarayonida guruhimizdagi raqiblarimizga mos bo‘lgan jamoalar bilan o‘ynashga harakat qilyapmiz. Masalan, 20-21 fevral kunlariga Ummon terma jamoasi bilan kelishuvga erishganmiz. Bu oxirgi nazorat o‘yinimiz bo‘ladi. O‘ylaymanki, Osiyo chempionati musobaqasigacha 3-4 ta xalqaro o‘yinlarda maydonga tushamiz.
- Tarkib siz uchun deyarli optimal holatdami yoki ayrim pozitsiyalarda muammo bormi?
- Terma jamoamizda asosiy tarkib negizi paydo bo‘lgan. Legionerlarimiz ham bor. Har doim ularni jalb qilish muammolari bor. Shu taraflama o‘tgan yili biroz qiyinroq bo‘ldi. Lekin ularni asosiy tarkibimiz a’zolariga aylanishganidan o‘zimiz ham xursandmiz. Ammo terma jamoamizning yig‘inlari har doim ham FIFA kunlariga to‘g‘ri kelmagani bois o‘zimiz istagan barcha futbolchilarni chaqira olmaymiz. Baribir hamma o‘yinchilarimizni birdek tayyorlab boryapmiz. Barchaga imkoniyat berilyapti.
O‘tgan yili bir qator xalqaro musobaqalarda qatnashishdi va yigitlarga o‘yin amaliyotlarini berib bordik. Jamoamiz o‘zagi bor. Yetakchilarimiz ham bor. O‘sha paytga kelib hamma sog‘-salomat va optimal formaga kira olishsa biz uchun yaxshi. Bundan tashqari, “Nasaf”, “Bunyodkor” kabi klublardagi futbolchilar asosiy tarkib bilan shug‘ullanishyapti. Kerakli paytda klublarimiz bizga o‘yinchilarni yetkazib berishadi. Bu to‘g‘risida rahbarlar va murabbiylar bilan gaplashib olganmiz.
Shuhratbek Jo‘rayev.
“Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
KXDR Rossiyaga 100 minggacha harbiy yuborishi mumkin
Organizm o‘zini toksinlardan qanday tozalaydi?
Omega-3 qanday qilib ozishga yordam beradi?
Donald Tramp 27 yoshli Karolin Levittni Oq uy matbuot kotibi etib tayinlamoqchi
Endi operatsiyadan so‘ng kesmalar o‘rni ikki barobar tezroq bitishi mumkin
Apple dongdor ikki ayfonini rasman eskirgan deb e’lon qildi
Jo Bayden: “Ba’zan xotinim meni kosmosga jo‘natish bilan tahdid qiladi”
Buyrak salomatligi uchun eng foydali sabzavot...