Xabaringiz bo‘lsa kerak, “Nasaf” klubi ham har yilgi odatiga ko‘ra, bu safar ham Turkiyaning Antaliya shahrida o‘quv-mashg‘ulot yig‘iniga kirishdi.
Xizmat safari bilan aynan Antaliyaga ketar chog‘imizda Toshkent xalqaro aeroportida “Nasaf” bosh murabbiyi Ro‘ziqul Berdiyev bilan uchrashib qoldik. Fursatdan foydalanib murabbiyni "ushlashga" qaror qildik va ayrim masalalardagi fikrlari bilan qiziqdik. Chunki safarga bir qator jamoalar singari “Nasaf” bilan ham birga parvoz qildik.
- Bu yig‘inlarimizning asosiy bosqichi bo‘ladi. Chunki Turkiyada ko‘p o‘yinlar o‘tkazamiz. Rejamiz bo‘yicha 8 ta nazorat uchrashuvida maydonga tushamiz. Biz ikkita tarkib bilan shug‘ullanamiz. Shu sababli barcha futbolchilarga o‘ynash imkoniyatini beramiz. Ko‘proq o‘yin amaliyotini oshirish uchun bu yig‘inni tashkil qildik. Bilasizlar, bizda ob-havo noqulay keldi va bu tayyorgarligimizga ozgina ta’sir qildi. O‘ylaymanki, Antaliyadagi yig‘inimiz rejamiz asosida kechadi. Ko‘proq o‘yin amaliyotiga ega bo‘lamiz. Dastlab Bosniya jamoasiga qarshi o‘ynaymiz. Keyin Ukraina birinchi divizion klubiga qarshi maydonga tushamiz. Umuman olganda, Gruziya, Qozog‘iston, Malayziya, Serbiya mamlakatlarning jamoalari bilan o‘ynaymiz.
- Tarkibdagi oxirgi o‘zgarishlar haqida ma’lumot berib o‘tsangiz...
- Tarkibimizda katta o‘zgarish qilmadik. Lekin imkon qadar yigitlarimizni saqlab qolishga harakat qildik. Bu asosiy yutug‘imiz bo‘ldi. Ba’zi-bir o‘yinchilarni ko‘rib chiqdik, lekin ko‘ngildagidek futbolchini topmadik. Asosan mahalliy o‘yinchilarni taklif qildik va faqat Tojikistondan terma jamoa a’zosi Muhammadjon Rahimovni oldik. O‘zimizdan Javohir Sidiqov hamda Shuhrat Muhammadiyevni taklif qildik. Ularni Sharof Muhitdinov, Dilshod Saitov kabi o‘yinchilar o‘rnini to‘ldirish uchun pozitsiya bo‘yicha jalb etdik.
- Legioner Alan Mashovich yana qaytdi. Uning taqdiri qanday kechadi? Yoki baribir ketadimi?
- Alan Mashovich masalasiga kelsak, jamoamiz bilan shartnomasini bekor qilish arafasida edi. Negaki, u o‘ziga boshqa klub topishi kerak edi. Bizga xabar berishicha, yana jamoamiz bilan yig‘inda qatnashadigan bo‘ldi. Mashovich hamon o‘ziga jamoa izlayapti. Ammo hali o‘zi uchun ma’qul klub topgani yo‘q. Shu sababli biz bilan shug‘ullanyapti.
- Bu uni yana “Nasaf”da to‘p suradi degani emasmi yo qolish ehtimoli ko‘proqmi?
- Boshqa jamoa topish ehtimoli ko‘proq. Agar topolmasa balki biz bilan qolishi ham mumkin.
- Sharof Muhitdinovning ketishi katta yo‘qotish emasmi?
- Bu yil biz uchun katta yo‘qotishlar bo‘ldi. Dilshod Saitov, Sharof Muhitdinov va Ivan Solovyovning ham tajribasi bor edi, qolaversa, Marko Stanoyevich jarohat oldi. Baribir bizda jamoaviy o‘yin birinchi o‘ringa chiqqan. Ketganlarning o‘rnini boshqa futbolchilar bilan to‘ldirishga harakat qilyapmiz.
- Yana yangi legionerlarni “Nasaf”ga chaqirmoqchimisiz?
- Legionerlarning ko‘pini ko‘rib chiqdik. Ular bilan tarkibni yana kuchaytirish niyatimiz bor edi. Lekin smetamizni aniqlab olmaganimiz uchun legionerlar masalasi biroz yopiq turibdi. Ammo hali vaqt bor. Balki ma’qul keladigan variant bo‘lsa, ko‘rib chiqamiz.
- “Nasaf”ni oldinda Osiyo Chempionlar ligasidagi yurishi kutyapti...
- Ha, 26 fevral kuni Qatarga uchamiz. Keyin tayyorgarligimizni o‘sha yerda davom ettiramiz.
- Aytmoqchimanki, jamoangizning OCHL uchun tayyorgarligida Turkiyadagi yig‘ini hal qiluvchisi bo‘ladi, shundaymi?
- Albatta. Asosiy maqsadimiz Osiyo Chempionlar ligasi turnirida uzoqroq qolish.
Shuhratbek Jo‘rayev.
“Zamin” yangiliklarini “Youtube”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Jo Bayden: “Ba’zan xotinim meni kosmosga jo‘natish bilan tahdid qiladi”
Xatolar va mag‘lubiyatlar... ular kechiriladimi?
Rossiyalik deputat: «Oliy ma’lumotlilarning kurerlik qilishi — vatanparvarlikka zid»
Donald Tramp 27 yoshli Karolin Levittni Oq uy matbuot kotibi etib tayinlamoqchi
O‘zi choy damlaydi va suhbatlashadi: dunyodagi birinchi “aqlli” choynak taqdim etildi (video)
Apple dongdor ikki ayfonini rasman eskirgan deb e’lon qildi
Omega-3 qanday qilib ozishga yordam beradi?
Endi operatsiyadan so‘ng kesmalar o‘rni ikki barobar tezroq bitishi mumkin