11:48 / 01.02.2023
759

Agent: O‘runovga avval 5 ming, keyin yuz minglab dollar to‘lashdi

Agent: O‘runovga avval 5 ming, keyin yuz minglab dollar to‘lashdi
Boshqirdiston Respublikasining Oktabrskiy sudi Moskvaning “Spartak” klubi da’vo arizasini qanoatlantirib, klubning sobiq bosh direktori Shamil Gazizovdan 92 million rubl undirilishi haqida qaror chiqardi. Bu haqda “Spartak” klubi yuristi Tatyana Zavyalova RATA-TASS agentligiga ma’lumot berdi.

Ma’lumotlarga qaraganda, “Spartak”ning Shamil Gazizovdan 88 million rublni qaytarish haqidagi da’vosi Oktabrskiy sudi tomonidan o‘tgan yilning 10 avgustida ro‘yxatga olingan edi.

“Spartak” yuristlaridan biri Yelena Chachuaning ma’lum qilishicha, Gazizov 2020 yili klubda ishlagan davrida ana shuncha summani o‘ziga noqonuniy tarzda yozdirib olgan.

“Sovetskiy sport” nashri jurnalistlari vaziyatni sharhlab berishni so‘rab, taniqli futbol agent Dmitriy Selyukka murojaat qildi.

Bu mutaxassis o‘z fikrlarini bildirar ekan, bosh direktor lavozimida ishlagan va transferlar mas’uliyatini o‘z zimmasiga olgan Shamil Gazizov tomonidan “Spartak” jamoasiga olib kelingan futbolchilar – o‘zbekistonlik Oston O‘runov hamda rossiyalik Aleksandr Kokorin masalasiga ham to‘xtalib o‘tdi.

- Adolat qaror topganini ta’kidlashni istayman. Biror kishi Oston O‘runov va Aleksandr Kokorinni “Spartak”ga olib kelinishi masalasida kim haq va kim nohaq ekani haqida juda ko‘p gapirishi mumkin.

O‘runov klubga yetakchi o‘yinchi sifatida olib kelindi. Gazizov bu transfer ortidan o‘ziga o‘zi katta summalarni to‘ladi. Bu yerda zararning o‘zini qoplash bilan ish bitmaydi. Buning bari firibgarlik.

O‘runov ko‘pi bilan besh ming olardi, Gazizov “Spartak”da uning maoshini yuz minglab dollarga ko‘tardi.

“Yuventus”da prokuratura firibgarlik bo‘yicha ish olib bormoqda. Bizda esa, faqatgina o‘zlashtirilgan pulni undirishga qaror chiqdi. Menimcha, bizning huquq-targ‘ibot organlari bu masalaga jiddiyroq e’tibor qaratishlari kerak.

Siz Zarema Salixovaning Shamil Gazizov haqidagi gaplarini so‘zma-so‘z takrorladingiz. U ham O‘runov va Kokorin transferlarini Gazizovning yuziga solgan, o‘ziga klub g‘aznasidan 90 millionni to‘lagan shaxs ozodlikda yurganini so‘roq ostiga olgandi. Shuningdek, Gazizovning professional darajasidan shubhalangan edi.

Hayratlanarli joyi yo‘q. Men ko‘pincha Zaremaning fikrlariga qo‘shilaman. Professionallik masalasi “Ufa”ning hozir qayerdaligiga qarasangiz bilinadi. “Ufa” birinchi ligada jon saqlab qolish uchun kurashmoqda.

Bu kimsa nomdor va katta klubdagi yuqori lavozimga keldi. Bu yerda hammasini rasvo qildi va o‘ziga 400 million miqdorida badal puli talab qilyapti. Bu uchiga chiqqan o‘zidan ketish-ku
, - dedi Dmitriy Selyuk.

Eslatib o‘tamiz, Shamil Gazizov 2020 yilning boshida Oston O‘runovni Toshkentning “Lokomotiv” jamoasidan o‘zi bosh direktor bo‘lib ishlayotgan “Ufa”ga transfer qilgan. Mavsum yarmida ufalik mutaxassis “Spartak” klubiga bosh direktor bo‘ldi.

Yarim mavsum yuqori saviyada o‘ynagan Oston O‘runovni va mashhur hujumchi Aleksandr Kokorinni “Spartak”ga olib o‘tdi. 2020 yilning iyulidan dekabrigacha shu lavozimda ishlagan Gazizov klub rahbari Leonid Fedun bilan chiqisha olmadi va klubni tark etdi.

Uning ortidan “Spartak” Oston O‘runovni ham o‘ynatmadi. Keyinchalik O‘runov ikki marta ijara asosida “Ufa”da o‘ynadi. Bu jamoa quyi ligaga tushib ketgach, “Spartak”ga qaytdi. Moskvaliklar o‘tgan yili kuzda yarim himoyachimiz bilan shartnomani bekor qildi.

O‘runov “Ural” safiga qo‘shildi. Biroq, Yekaterinburg jamoasida ham atigi uchta o‘yinda qatnashdi. Klub bosh murabbiyi bilan kelisha olmay qolgan hamyurtimiz “Ural” bilan ham shartnomasini bekor qildi.

Hozircha, Oston O‘runov o‘ziga yangi ish joyi topgani yo‘q va erkin agent maqomida yuribdi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Agent: O‘runovga avval 5 ming, keyin yuz minglab dollar to‘lashdi