«Barselona»da to‘p surish og‘irlik qilgan futbolchilar

Yozgi transfer oynasi boshlanishi bilan barcha klublar o‘z safini kuchaytirishga kirishadi. Shuningdek, bir qator o‘yinchilar bilan xayrlashishadi. “Barselona”da ham bir qator charm to‘p ustalari ketishlari kutilmoqda. Quyida shunday futbolchilar borasida so‘z yuritamiz.
Mark Andre ter Shtegen
Katta umidlar bilan “Barselona”ga tashrif buyurgan nemis golkiperining ishlari yurishmadi. Ter Shtegen hamkasbi Klaudio Bravo bilan o‘zaro raqobatda yutqazib qo‘ydi. Buning oqibatida esa murabbiylar asosan Bravoga ishonch bildirishdi. Ter Shtegen esa zahirada qolib ketdi. Endilikda bu darvozabon faoliyatini boshqa jamoada davom ettirishni rejalashtirmoqda. Unga Evropaning ko‘zga ko‘ringan bir qator grand klublari qiziqish bildirishmoqda.
Adriano
Braziliyalik chap qanot himoyachisi ham nihoyat kataloniya klubini tark etish arafasida turibdi. Unga “Roma” tomonidan qiziqish bildirilmoqda. Shuningdek, “Liverpul” ham qiziqib ko‘rgandi. Adriano chindan ham zahira futbolchisiga aylanib qolgandi. O‘zaro raqobatda Xordi Albaga imkoniyatni boy berib qo‘ygandi.
Tomas Vermalen
“Barsa”ning omadsiz transferi aynan Vermalen bilan bog‘liq. Jarohatlar iskanjasidan chiqib keta olmagan Tomas endilikda yana Premer-ligaga qaytish arafasida turibdi. Futbolchining o‘zi ham Ispaniyada ortiq qolishni xohlamayapti. O‘rtamiyona bo‘lsa-da, ko‘proq o‘yin amaliyotini beradigan jamoada o‘ynashni istamoqda. Shu boisdan ham Vermalen yozda “Barselona”ni deyarli tark etishga yaqin.
Munir
Yodingizda bo‘lsa, ushbu iqtidorli futbolchi birinchi uchrashuvidayoq gol kiritishni uddasidan chiqib, ko‘pchilikni hayratini oshirgandi. Keyinchalik esa zahirada qolib ketdi. Hozirda kataloniyaliklar hujumida uchlik Messi, Neymar va Suares bor ekan, Munir asosiy tarkibga kira olmaydi. Shuni tushunib etgan, futbolchi va murabbiylar yozda Munirni ijaraga berib yuborishni rejalashtirmoqda. Ayni damda unga bir qator klublar tomonidan qiziqish bo‘lmoqda.
Mark Bartra
Bartra ham ketishi kutilayotganlar futbolchilar orasidan joy olgan. “Barselona”ning har bir chizig‘ida keskin raqobat yuzaga kelgan. Shu boisdan raqobatda Mark Bartra zahirada qolib ketishiga to‘g‘ri kelmoqda. Aynan o‘ynadigan yoshida himoyachi zahirada qolib ketishni istamayapti. Unga “Vest Xem” klubi tomonidan qiziqish bor. Kataloniyaliklar uni qo‘yib yuborishi ham mumkin. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing