18:23 / 08.02.2023
169

Og‘ir atletika. 2023 yilda terma jamoalarimizni qanday xalqaro musobaqalar kutmoqda?

Og‘ir atletika. 2023 yilda terma jamoalarimizni qanday xalqaro musobaqalar kutmoqda?
2023 yil mamlakatimiz og‘ir atletikachilari uchun bir-biridan qiziqarli musobaqalarga boy sport mavsumi bo‘lishi hamda Parij-2024 Olimpiya o‘yinlarining dastlabki yo‘llanmalarini qo‘lga kiritish uchun o‘tadigan nufuzli turnirlardan iboratligi bilan alohida ajralib turadi.

Xo‘sh, joriy yilda dunyo og‘ir atletikachilari qatori O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari aynan qaysi xalqaro musobaqalarda medallar uchun kurash olib boradi? O‘zbekiston og‘ir atletika federatsiyasi matbuot xizmati bu haqda ma’lum qildi.

Unga ko‘ra yil davomida turli yosh toifasidagi terma jamoalarimiz xalqaro miqyos va ahamiyatga ega 11 ta musobaqalarda ishtirok etishi belgilangan.

Yilning ilk xalqaro og‘ir atletika bahslariga Albaniyaning Durres shahri mezbonlik qiladi. Ushbu mamlakatda joriy yilning 25 mart – 1 aprel kunlari o‘smirlar o‘rtasida Jahon chempionati bo‘lib o‘tadi.

Yodingizda bo‘lsa, o‘tgan yili Meksikaning Lion shahrida o‘smirlar o‘rtasida o‘tgan Jahon chempionatida 4 nafar sportchimiz qatnashib, 8 ta kumush va 2 ta bronza medaliga ega chiqqandi. Bu gal ushbu natija yanada yaxshilanadi, degan umiddamiz.

Joriy sport mavsumining eng qiziqarli musobaqalaridan – Osiyo chempionati 3-13 may kunlari Janubiy Koreyaning Jinju shahrida o‘tadi. Mazkur qit’a chempionati Parij-2024 Olimpiadasi yo‘llanmalarini taqdim etishi bilan ahamiyatlidir.

Parij-2024 yo‘llanmalari o‘ynaladigan “IWF Grand Prix” turniri 2-12 iyun kunlari Kubaning Gavana shahri mezbonligida tashkil etilsa, shu nom ostida bo‘ladigan mazkur turnirning yana biri 1-17 dekabr kunlari Qatarda kuchlilarni aniqlaydi.

Aytish lozim, ushbu ikkala turnir Xalqaro og‘ir atletika federatsiyasi taqvimidagi eng asosiy turnirlardan sanaladi.

Har galgidek, bu yil ham Toshkent xalqaro og‘ir atletika musobaqalarining markazlaridan biriga aylanadi. Joriy yil 11-16 iyun kunlari O‘zbekiston poytaxtida Markaziy Osiyo ochiq chempionati mintaqa sportchilarini g‘oliblik yo‘lida kurash maydoniga jamlaydi.

O‘tgan yili qit’aning eng kuchli o‘smirlari va yoshlarini aniqlagan qit’a chempionatiga bu gal Hindiston mezbonlik qiladi. Musobaqalar 28 iyul – 5 avgust kunlari bo‘lib o‘tadi.

Shuningdek, og‘ir atletikachilarimiz 4-14 avgust Belarussiyada bo‘ladigan MDH o‘yinlarida, 20-31 avgustda Xitoyda kechadigan jahon kubogida, 23 sentyabr – 8 oktabrda yozgi Osiyo o‘yinlarida, 1-10 noyabrda Meksikada yoshlar o‘rtasidagi jahon chempionatida Vatanimiz sharafini himoya qiladi.

2023 yil kattalar o‘rtasidagi jahon chempionati bu safar 2-17 sentyabr kunlari Saudiya Arabistonining Ar-Riyod shahrida o‘tkaziladiki, mavsumning eng nufuzli musobaqasida terma jamoamiz a’zolari munosib natijalarga erishishi yo‘lida murabbiy va mutaxassislar boshchiligida tizimli tarzda qizg‘in hozirlik ko‘rmoqda.

Eslatib o‘tamiz, mamlakatimiz og‘ir atletikachilari o‘tgan yilgi xalqaro turnir va chempionatlarda umumiy hisobda 157 ta medallar shodasini qo‘lga kiritgandi. Shundan 64 tasi oltin, 39 tasi kumush va 54 tasi bronza medallaridan iborat bo‘lgandi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Og‘ir atletika. 2023 yilda terma jamoalarimizni qanday xalqaro musobaqalar kutmoqda?